O‘zbekiston | 10:39 / 20.12.2019
10568
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda 6 nafar ichki ishlar xodimiga nisbatan turli intizomiy ta'sir choralari ko‘rildi

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik R.Hotamov tomonidan Surxondaryo viloyati IIBda tizim xodimlari bilan kengaytirilgan videoselektor tarzidagi tezkor yig‘ilish o‘tkazildi.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmatiga ko‘ra, tezkor yig‘ilishda ichki ishlar organlarida xizmat intizomi va qonunchilik talablariga rioya etish, xodimlar bilan bog‘liq salbiy holatlarning oldini olish masalasi muhokama qilindi.

Muhokamalar jarayonida Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarida 2019 yilning 11 oyida 5 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilganligini, xizmat faoliyati davomida qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yib, o‘z xatti-harakatlari va xizmatga bo‘lgan munosabati bilan shaxsiy tarkib o‘rtasidagi muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan 6 nafar xodimga nisbatan turli intizomiy ta'sir choralari ko‘rildi. 

Qayd etilishicha, bu xodimlarning 2 nafari ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatilgan bo‘lsa, 2 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 2 nafar xodimga nisbatan turli intizomiy jazolar (tanbeh, hayfsan, qattiq hayfsan) qo‘llanildi. 10 nafar xizmat intizomi va qonunchilikni buzishga moyil xodimlarni viloyat IIBdagi “Intizomiy kengash”da muhokama etib, ularning ichki ishlar organlarida qolish-qolmaslik masalasini hal etish belgilandi.

Yig‘ilishda Surxondaryo viloyati IIB va quyi tizimlarida xizmat olib boruvchi barcha xodimlarga Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan berilgan topshiriqlar birma-bir tushuntirib o‘tildi. Yakunda xodimlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy-profilaktik ishlar samaradorligini oshirish borasida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Bundan oldin, Sirdaryo viloyatida qator ichki ishlar xodimlariga keskin intizomiy chora qo‘llanilgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid