«Biz urush qonunlariga amal qilamiz», deya qayd etgan mudofaa vaziri. U Oq uy rahbarining bunday buyrug‘ini bajarish harbiy jinoyat bo‘lishini aytib o‘tgan.

Amerika harbiylari rahbarining 6 yanvar kuni kechqurun Pentagonda o‘tkazilgan brifingdagi kutilmagan bayonoti yana bir marta general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi Vashingtonda navbatdagi siyosiy inqirozli holatni yuzaga keltirganini tasdiqladi.

5 yanvar kuni tongda Tramp tvitterdagi sahifasida Tehron amerikaliklarga yoki Qo‘shma Shtatlar obektlariga hujum qilsa, Erondagi 52 ta obektga zarba berilishi haqida ogohlantirgandi.

«Bu ogohlantirish bo‘lsin: agar Eron amerikaliklar yoki AQSh obektlariga zarba bersa, biz Eron tomonidan uzoq yillar avval garovga olingan 52 kishini ifodalovchi Erondagi 52 ta nishonni tanladik», degandi Tramp.

Eron TIV rahbari Muhammad Javod Zarif uning bu so‘zlariga javob qaytarib, AQSh prezidenti «qo‘rqoqlarcha uyushtirilgan qotillik» bilan xalqaro huquq qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani, qizil chiziqlar deb ataladigan imperativ normalarni ham buzish bilan tahdid qilayotgani, Eronning tarixiy va madaniy obektlariga beriladigan zarbalar harbiy jinoyatga teng ekanini bildirgandi.

Eron axborot texnologiyalari vaziri Javod Ozariy Jahromiy bu so‘zlari uchun Trampni «kostyumdagi terrorchi» deb atadi, Eron qurolli kuchlari qo‘mondoni Abdulrahim Musaviy esa AQShning bunday hujum uyushtirishga jasorati yetishiga shubha bildirdi.

1954 yil qabul qilingan Haaga konvensiyasiga ko‘ra ham bunday hujumlar urush jinoyatlari deb baholangan.

Yakshanba kuni rojdestvo ta'tilidan Oq uyga qaytgan AQSh prezidenti Erondagi tarixiy va madaniy obidalarga hujum qilish to‘g‘risidagi so‘zlarini oqlashga urindi.

AQSh Fors ko‘rfazi hududidagi harbiy qudratini oshirishga e'tibor qaratmoqda