Jahon | 18:41 / 05.01.2020
48377
2 daqiqa o‘qiladi

Eronlik vazir Trampni «kostyumdagi terrorchi» deb atadi

Foto: Vahid Salemi / AP

Eron axborot texnologiyalari vaziri Javod Ozariy Jahromiy tvitterdagi sahifasida AQSh prezidentining Erondagi 52ta nishonga zarba berish haqidagi gapiga munosabat bildirdi.

«Xuddi IShID kabi! Xuddi Gitler kabi! Xuddi Chingizxon kabi! Ularning barchasi boshqa davlatlar madaniyatidan nafratlanishgan. Tramp - kostyum kiygan terrorchidir. U tez orada hech kim Eronning buyuk millati va madaniyatini yenga olmasligini bilib oladi», deya yozgan Jahromiy.

O‘z navbatida Eron qurolli kuchlari qo‘mondoni Abdulrahim Musaviy ham Trampning so‘zlariga munosabat bildirgan va AQShda Eron islom respublikasi bilan urushga kirishish uchun «jasorati yetishi»ga shubha bildirgan.

«Kelajakda bu borada nizo kelib chiqsa, lekin shaxsan men bunday bo‘lmaydi, ularning bunga jasorati yetmaydi deb hisoblayman. O‘shanda 5 va 2 raqamlari ortida qanday qasosga shama borligini bilib olamiz», degan u.

Bundan avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron amerikaliklarga yoki Qo‘shma Shtatlar obektlariga hujum qilsa, Erondagi 52 ta obektga zarba berilishi haqida ogohlantirgandi. Shuningdek, 52 raqami - 1979 yildagi inqilob vaqtida Tehrondagi AQSh elchixonasining garovga olingan xodimlari sonini ifodalaydi.

Rasmiy Tehron Iroq poytaxtida Eron islom inqilobi muhofizlari korpusining maxsus «Al-Quds» bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishiga javoban AQShning Yaqin Sharqdagi obektlariga hujum uyushtirish bilan tahdid qilgan.

Mavzuga oid