Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘z fuqarolarini o‘ldirib qo‘ygan Eron, qirolichani ranjitgan shahzoda, Liviyada rus-turk manfaatlari to‘qnashuvi va haftaning boshqa xabarlari
Yakunlanayotgan hafta ham barcha haftalarda bo‘lganidek muhim jarayonlarga boy bo‘ldi, jahonning turli nuqtalarida ham, O‘zbekistonda ham e'tiborga molik voqealar bo‘lib o‘tdi. Kun.uz o‘tgan haftaning eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzulari bo‘yicha haftalik dayjestni taqdim etadi.
«O‘zavtosanoat» rejalari
UzAuto Motors kompaniyasi 2019 yil oxirida Toshkentda Chevrolet’ning to‘rtta yangi modeli — Tahoe, Traverse, Trailblazer va Equinox’ning taqdimotini o‘tkazgandi. Bu to‘rt rusumdagi avtomobilning barchasi xorijdan import qilinadi. Tahoe va Traverse AQShdan, Trailblazer Tailanddan, Equinox esa Xitoydan keltiriladi.

Avtomobillarning narxlari (qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)siz):
Equinox: boshlang‘ich narxi — 225 652 174 so‘m (23,7 ming dollar)dan, Redline LT komplektatsiyasi — 303 478 261 so‘m (31,9 ming dollar);
Trailblazer: boshlang‘ich narxi — 264 347 826 so‘m (27,7 ming dollar)dan, LTZ komplektatsiyasi — 346 086 957 so‘m (36,3 ming dollar);
Traverse: boshlang‘ich narxi — 404 173 913 so‘m (42,4 ming dollar)dan, Premier komplektatsiyasi: 518 260 870 so‘m (54,4 ming dollar);
Tahoe: boshlang‘ich narxi — 517 391 304 so‘m (54,3 ming dollar)dan, Premier komplektatsiyasi: 691 304 348 so‘m (72,6 ming dollar).
Keyinroq O‘zbekistonda 2020 yildan Chevrolet Onix (nisbatan arzon, 10—15 ming AQSh dollari atrofida) ishlab chiqarilishi ham ma'lum bo‘ldi.
2020 yilda yangi modellarni o‘zlashtirish doirasida ishlab chiqarish jarayonida qisqa tanaffuslar kuzatilishi kutilmoqda.
6 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida UzAuto Motors kompaniyasi rasmiysi tomonidan 2022—2023 yillarga qadar O‘zbekistonda Spark, Nexia, Cobalt va Gentra avtomobillarini ishlab chiqarish asta-sekin to‘xtatilishi haqida xabar berildi.
Eron ichida o‘z fuqarolari bo‘lgan ukrain samolyotini urib tushirdi

8 yanvar kuni «Ukraina xalqaro avialiniyalari» aviakompaniyasining Boeing 737-800 rusumli avialayneri halokati Ukraina fuqarolik aviatsiyasi tarixidagi eng yirik aviahalokat bo‘ldi. Tehrondan Kiyevga parvoz qilgan samolyot qulashi oqibatida 176 kishi - 167 yo‘lovchi va ekipajning 9 a'zosi halok bo‘ldi. Samolyot Tehrondagi aeroportdan havoga ko‘tarilgach bir necha daqiqa o‘tib aholi yashash kvartallari yaqinidagi dalaga qulab tushdi. Aviahalokat Yaqin Sharqdagi siyosiy mojarolar fonida ro‘y berdi. Shu kuni Eron general Qosim Sulaymoniyning o‘limiga javoban AQShning Iroqdagi bazalariga raketa zarbalari yo‘llagandi.
11 yanvar kuni Eron hukumati mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimi «Ukraina xalqaro avialiniyalari»ning Tehronda qulagan Boeing 737 yo‘lovchi samolyotini raketa bilan urib tushirganini tan oldi. Eron qurolli kuchlari bosh shtabi ma'lumotida aytilishicha, samolyot urib tushirilishi inson omili tufayli ro‘y bergan. Harbiylar aviahalokat Eron va AQSh munosabatlarida keskinlik kuchaygan vaqtda ro‘y bergani, amerikaliklarning Iroqdagi aviabazalariga zarbalar berilgach, AQSh harbiy samolyotlari uchishi ko‘payganini qayd etishgan. «Bu vaziyat havo hujumidan mudofaa tizimi bo‘linmalaridagi sergaklikni oshirdi», — deyiladi bayonotda. Harbiylarning qayd etishicha, ukrainlar samolyoti Islom inqilobi muhofizlari korpusining muhim harbiy obektlaridan biri yaqinida paydo bo‘lib qolgan va ko‘rinishidan dushman harbiy samolyotini eslatgan. Eron harbiylari o‘z tizimlarini yangilashga va kelajakda bunday «xato» qaytarilmasligiga va'da berishdi.
Eron TIV rahbari Muhammad Javod Zarif aviahalokat «AQSh boshlagan inqiroz vaqtida ro‘y berganini qayd etgan». Eron prezidenti Hasan Ruhoniy hukumat «bu halokatli xatodan chuqur afsusdaligi»ni ma'lum qildi. U Eron samolyot halokati qurbonlarining yaqinlariga tovon puli to‘lashini qo‘shimcha qildi. Uning IRNA agentligi tomonidan keltirilgan bayonotida, aviahalokat eronlik harbiylar AQSh tomonidan hujum tahdidi tufayli jangovar holatda turgan vaqtda ro‘y berganiga urg‘u qaratilgan.
Eron Havo hujumidan mudofaa tizimi operatori dushman obekti deb o‘ylagan, lekin qo‘mondonlik bilan bog‘lana olmagan va samolyotni urib tushirish to‘g‘risida mustaqil qaror qabul qilgan. Bu haqda Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni general Amir-Ali Hojizoda ma'lum qildi. «Yoki tizim ishlashida muammo yuzaga kelgan, yoki tarmoq band bo‘lgan va u rahbariyat bog‘lana olmagan. Unda qaror qabul qilish uchun 5 soniya vaqt bo‘lgan. Afsuski, u xato qaror qabul qilgan va nishon tomon raketa uchirgan», — deydi Hojizoda. U korpus samolyot halokati uchun javobgarlikni to‘liq zimmasiga olishini ma'lum qilgan. Harbiylar hukumatning istalgan qaroriga bo‘ysunishga tayyor.
Eron aviahalokatga olib kelgan «kechirilmas xato» bo‘yicha tekshiruvlarni davom ettiradi va aybdorlar javobgarlikka tortiladi. Eron prezidenti Hasan Ruhoniyning ma'lum qilishicha, aybdorlarni harbiy tribunal kutmoqda. Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy ham samolyot halokati tekshiruv natijalari e'lon qilinishini talab qildi. Eron Fransiyaga qora qutilarni rasshifrovka uchun yubordi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Eron hodisa uchun to‘liq javobgarlikni zimmasiga olishini talab qildi. «Biz Erondan to‘liq va ochiq tekshiruvlar o‘tkazishni, aybdorlar javobgarlikka tortilishini, jasadlar topshirilishi, tovon puli to‘lanishi va diplomatik kanallar orqali rasman uzr so‘ralishini kutamiz», — dedi Zelenskiy. U aviahalokat bo‘yicha tekshiruv «sun'iy to‘xtalishlar va to‘sqinliklar»siz o‘tishiga umid bildirdi. Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Ivan Bakanov Eronning bayonoti Ukraina talqinini tasdiqlaganini qayd etib o‘tdi. «Biz inson omilini aviahalokatning asosiy sababi sifatida ko‘rib chiqqandik — zenit-raketa majmuasi qo‘lda boshqariladi, avtomat rejimda emas», — dedi u.
Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ham jiddiy tekshiruv o‘tkazilishini talab qildi. «Eron yuz bergan voqea uchun javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga olishi, sinchkovlik bilan ochiq tergov o‘tkazishi va aybdorlarni javobgarlikka tortishi kerak», — dedi Tryudo. U Eron hukumati bu borada to‘la hamkorlik qilishiga umid bildirdi.
Eron tomoni avvaliga samolyot raketa tomonidan urib tushirilgani haqidagi ma'lumotlarni so‘zsiz rad etgandi. Bu vaqtda AQSh, Kanada va Buyuk Britaniya layner raketa zarbasiga uchragani haqidagi ma'lumot mavjudligini aytgandi. Eron hukumati halokat ro‘y berganidan keyinoq «boing» dvigatellardan biri yonib ketgani tufayli qulagani haqida bayonot bergandi. 9 yanvar kuni Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Kanada razvedkasi samolyot Eronning «yer-havo» tipidagi raketasi bilan urib tushirilganini aniqlagani haqida ma'lum qildi. Uning so‘zlariga Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ham qo‘shildi. 10 yanvar kuni AQSh Davlat departamenti rahbari Mayk Pompeo AQSh ukrainlar samolyotini Eron urib tushirgan deb hisoblashini bildirdi.
The footage i've got from a source - the moment the missile hit the #Flight752. I can't verify the video yet! but please let me know if you find anything. I'm in contact with the person who send this video to see if I can get a version of video which has a meta data on it pic.twitter.com/HtesW5uecB
— 🤖Nariman (@NarimanGharib) January 9, 2020
«Boing» halokatidan keyin internetda samolyotga raketa borib tekkani tasvirlangan video paydo bo‘lgandi. Amerika nashrlari o‘z manbalariga asoslangan holda layner «Tor» zenit-raketa majmuasidan uchirilgan ikkita raketa orqali urib tushirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqatdi.
Rossiya va Turkiya Liviyadagi ta'sir doiralarini bo‘lib oldi

Rossiya manfaatlari
Liviyaning boy resurslari uchun asrlar davomida qattiq kurash kechgan — bu hududdagi mahalliy beduinlarning o‘zaro kurashi tashqi kuchlar o‘z maqsadlariga osonlik bilan erishishiga xizmat qilgan.
Rossiya ham tabiiy resurslari tufayli (neft zaxiralarining asosiy qismi ayni vaqtda RF tomonidan qo‘llanadigan Haftar kuchlari nazoratida), ham siyosiy nuqtayi nazardan Liviyada mustahkamlanib olishga intiladi.
Bundan tashqari, Liviya O‘rta Yer dengizi bo‘yidagi o‘z portlari bilan logistik tomondan keng imkoniyatlarga ega, bu orqali Rossiya Afrikadagi ta'sirini yanada keng yoyishi mumkin.
Ko‘p yillardan buyon mojaro ichida qolgan Liviya bu maqsadlarni amalga oshirish uchun mos keladi — ayniqsa hozir AQSh Yaqin Sharqdagi muammolar tufayli bu mamlakatga e'tibor qaratmayotgan vaqtda. To‘g‘ri, Turkiya ham bu hududda faollashdi, ammo Rossiya Suriyada turklar bilan kelishishni o‘rganib olgandi.
Turkiyaning yangi siyosati
Erdo‘g‘an davrida Turkiya tashqi siyosatidagi yo‘nalishlarni qayta ko‘rib chiqdi. Avvallari bu davlat ziddiyatli vaziyatlarda diplomatik yo‘l tutishga harakat qilgan bo‘lsa, AQShning 2003 yili Iroqqa bostirib kirishi bunday yo‘nalish samarasiz ekanini ko‘rsatib berdi. Suriyada urush boshlanganda ham Turkiya avvaliga mojaroga aralashmaslikka harakat qildi, ammo AQShning va'dalari bajarilmagach, Turkiya ham harakatga tushdi.
Turkiya hukumati rahbariyati mintaqada o‘z manfaatlarini ilgari surishning eng yaxshi yo‘li birinchi bo‘lib o‘q otish va kuchlarini namoyish etish, keyin muzokaralarga kirishish ekanini anglab oldi. Moskva turklarga namuna ko‘rsatib berdi. Bashar Asadning so‘rovidan bir necha soat o‘tib Rossiya Suriyaga qo‘shin kiritgandi.
Erdo‘g‘an xuddi shunday ishni Liviya bilan qildi. Fayoz Saroj Anqaradan harbiy yordam so‘radi, Erdo‘g‘an parlamentda kerakli qonunni tasdiqlatib oldi.
Undan avval Anqara va Tripoli dengizdagi chegaralarni belgilab oldi. Bu kelishuvning qonuniyligi bo‘yicha Gretsiya va yana bir qancha davlatlar bahslashmoqda, chunki tasdiqlangan chegara Turkiyaga Kipr shelflarida uglevodorodlar qazib olish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Bu havzalarni Yevropa bilan bog‘laydigan gaz quvurlari endi Turkiya hududi orqali o‘tishi mumkin.
Turkiya 2019 yil oxirida Tripolidagi Liviya milliy kelishuv hukumati bilan harbiy sohada hamkorlik qilish bo‘yicha bitim tuzgan, bu bitim shartlari asosida 2020 yil boshida Liviyaga Turkiya harbiylari yuborilgandi. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, Liviyaga Turkiyadan harbiy maslahatchilar va Turkiya ta'sirida bo‘lgan suriyalik yollanma jangchilar jo‘natilgan.
Ammo Tripolidagi hukumat dushmani bo‘lmish sharqdagi Xalifa Haftar armiyasiga tayangan hukumat Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Rossiya SSSRda tahsil olgan, rus tilida so‘zlashuvchi va sekulyarizm tarafdori bo‘lgan Haftarni qo‘llamasligi mumkin ham emasdi.
Erdo‘g‘anning Liviyaga harbiylar yuborishidan maqsad bu yerda muvozanatni tiklash edi - u bir necha marta OAV orqali Liviyada rossiyaliklarning «Vagner» xususiy harbiy kampaniyasi jangchilari mavjudligi haqida jar solgandi.
8 yanvar kuni Erdo‘g‘an Istanbulda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar vaqtida Liviyada harbiy harakatlar to‘xtatilishi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu kelishuv 12 yanvar kunidan kuchga kirdi.
Ammo har lahzada tomonlardan biri kelishuvni buzib, o‘t ochib qolishi ehtimoldan xoli emas. Qolaversa, feldmarshal qo‘shinlari bir necha kun oldin, Putin va Erdo‘g‘anning kelishuvidan keyin O‘rta Yer dengizi bo‘yida joylashgan yirik Sirt shahrini bosib olgandi.
Qirolicha xonadonida oilaviy kengash

8 yanvar kuni Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II’ning nabirasi, shahzoda Harri va uning rafiqasi Megan Markl qirollik oilasining yuqori martabali a'zolari maqomi va u bilan bog‘liq imtiyozlardan voz kechishini e'lon qildi.
Bundan tashqari, ular vaqtlarini Buyuk Britaniya va Kanadada o‘tkazishmoqchi. Ular bu ularning o‘g‘li Archini qirollik an'analari ruhida tarbiyalash hamda oilaning keyingi rejalarini amalga oshirish uchun yetarli darajada sharoitlar yaratilishiga turtki berishiga ishonch bildirmoqda. Gersog va gersoginya Sassekslar bu boradagi aniq rejalari bilan o‘rtoqlashmagan.
Qirolicha Yelizaveta II ular ogohlantirmasdan bunday qarorga kelganidan «qayg‘uga tushgan va ranjigan».
Qirolicha dushanba kuni o‘z nabirasi bilan uchrashib, uning qirollik xonadonidagi kelgusi taqdirini muhokama qiladi.
Uchrashuvda Harrining otasi bo‘lmish Uels shahzodasi Charlz hamda akasi, valiahd shahzoda Uilyam ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Dushanba kungi uchrashuv Norfolkdagi qasrda o‘tkaziladi, saroydagilar, bu uchrashuv gersog va gersoginya Sassekslarning qirollik oilasi bilan yangi munosabatlar yaratish uchun yordam berishiga umid qilishmoqda.
Avstraliyadagi yong‘inlar

2019 yil iyulidan buyon Avstraliyada keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari tinmadi. Hukumat hisobiga ko‘ra, shu vaqtga qadar 28 kishi yong‘in qurboni bo‘ldi, shuningdek, Sidney universiteti professor Kris Dikmanning hisob-kitoblariga ko‘ra, bir milliard jonivor yong‘inda kuyib ketdi.
Kuzda avj pallasiga kirgan yong‘inlar 10 million gektar maydondagi o‘rmonlar, butazorlar va xiyobonlarni domiga oldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yong‘inlar kamida 2 mingta uyni yakson etgan.
Eng katta talofat Yangi Janubiy Uelsda qayd etilgan, bu shtatda alanga 1,6 mingdan ortiq uyni hamda qariyb 5 million gektar maydonni qamrab olgan. 6 yanvar holatiga ko‘ra shtatda 130ta yong‘in o‘chog‘i qayd etilgan.
Avstraliya politsiyasi o‘rmon yong‘inlari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun 183 kishiga, jumladan 40 nafar balog‘atga yetmagan shaxsga nisbatan sudga da'vo arizasi bergan.
Yong‘inga qarshi kurash uchun 3 ming nafar zaxiradagi harbiylar jalb etildi. Bundan tashqari, minglab ko‘ngillilar olovga qarshi kurashish uchun otlandi.
Avstraliyaga AQSh, Kanada va Yangi Zelandiyadan o‘t o‘chiruvchilar yordamga yetib kelishdi, shuningdek Malayziya va Polsha o‘z xizmatlarini taklif qilishdi. Bundan tashqari, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hamda AQSh prezidenti Donald Tramp yordam taklif qilgan.
Avstraliyadagi yong‘inlardan havoga ko‘tarilgan tutun Chili, Argentina Yangi Zelandiyaga yetib bordi. Tutun Antarktikaga ham yetib borgan bo‘lishi mumkin.
Bunday yirik yong‘inlar sababi sifatida yuqori harorat, qurg‘oqchilik, kuchli shamollar va yog‘ingarchilik yo‘qligi keltirildi.
Mavzuga oid
22:29 / 19.04.2026
Urushda «tunnel oxiri ko‘rindi» – hafta dayjesti
16:41 / 26.10.2025
Putinni rad etgan Tramp, Mars orzusidagi Mask - hafta dayjesti
21:12 / 28.09.2025
Tan olinayotgan Falastin, BMTda xushlanmagan Netanyahu – hafta dayjesti
23:03 / 20.09.2025