O‘zbekiston | 21:19 / 13.02.2020
11618
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilish materiallari kodlanadi. Parallel loyihalashga ruxsat berilmaydi

Har bir qurilish materialining o‘z raqami va standarti bo‘ladi. Ochiq elektron bazaga ularning tender kodlari va narxlari ham kiritiladi. Bundan tashqari, qurilishni parallel loyihalash bilan birgalikda olib borish amaliyotiga chek qo‘yiladi. 

Qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish natijasida qurilishni boshlash uchun ruxsatnoma olish muddati 1 soatni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, qurilishda ishlatiladigan har bir mahsulot maxsus kodlangan holda tender narxlari elektron bazaga joylanadi. Qurilish vazirligi matbuot anjumanida shu haqda ma'lum qilindi.

«O‘zbekiston qurilish industriyasidagi eng asosiy ko‘rsatkichlardan yana biri – bu qurilish materiallaridir. Biz “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda barcha qurilish materiallarini raqamlashni kelishib oldik. Ya'ni, har bir qurilish materialining o‘z raqami va standarti bo‘ladi. Bu ma'lumotlar ochiq bazada joylashtiriladi. Ayni vaqtda shuning ustida ishlar boshlab yuborilgan. 

Materiallar standartlari, qanday saqlanishi, ularning tender kodlari va eng asosiysi, ularning narxlari ham kiritib qo‘yiladi. Har bir loyihachining smeta hujjatlarini ishlab chiqishida qo‘l keladi», - dedi Qurilish vaziri birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov.

Endilikda, qurilish ishlarini boshlash uchun ruxsatnoma olish talab etilmaydi. Aksincha, nazorat inspeksiyasini qurilish boshlanishidan xabardor qilish kifoya. Shu munosabat bilan ruxsatnomani olish uchun talab etiladigan 15 kunlik muddat 1 soatgacha qisqarishiga erishilmoqda. 

«Ilgarilari qurilishni boshlash uchun nazorat inspeksiyasining ruxsatnomasi berilardi. Bunga 15 kun berilgandi. Bugungi kunda ruxsatnoma bekor qilindi. Nazorat inspeksiyasi xodimiga bir soat vaqt beriladi qurilish maydoni bilan tanishishga, tadbirkormi, pudratchi yoki buyurtmachimi qurilishni boshlayotganidan inspeksiyani xabardor qilib, ishni boshlayveradi. Ruxsatnoma olishi talab etilmaydi. 15 kunlik muddat 1 soatga qisqardi. Bu MDH va boshqa rivojlangan mamlakatlarda qo‘llanilib kelinayotgan amaliyot», - deya masalaga oydinlik kiritdi Toshkent shahar qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi bosh inspektori Alijon Soatov. 

Tadbirda, shuningdek, qurilishni parallel loyihalash bilan birga olib borish amaliyotiga chek qo‘yilgani bildirildi. Unga, istisno tariqasida, faqat prezident ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi. 

«Parallel loyihalarga 100 foiz to‘siq qo‘yildi. Hech qanday parallel loyihaga ruxsat yo‘q. Faqatgina, Milliy loyihalash agentligi orqali mavjud loyihalarni berish ham Qurilish vazirligiga o‘tkazilyapti. Bular APC shartnomalardir. Ularning o‘z tamoyillari, talablari ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, istisno tariqasida, faqatgina davlat rahbarining ruxsati bilangina APC shartnomalar tuzilishi mumkin bo‘ladi. Lekin prezident topshiriqlari bo‘yicha parallel loyihalash amaliyoti, tushunchasi 100 foiz yo‘q bo‘ladi. Har bir qurilish 100 loyihalashtiriladi, ekspertizadan o‘tkaziladi va qurilib topshiriladi», - dedi Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari.

Mavzuga oid