Bir tomondan koronavirus sabab talabning kamayishi, boshqa tomondan Saudiya Arabistoni va Rossiyaning bir-biriga «achchiq qilishi» sabab neft bozorida parokandalik yuzaga kelgandi. Oqibatda neft o‘z tannarxidan ham arzonlab, «qora oltin» bozori kasodga uchray boshladi.

Ahvol hozirgidan ham dahshatliroq inqirozga qarab ketayotgan bir vaqtda katta davlatlar, to‘g‘rirog‘i, AQSh bunday davom etish mumkin emasligini aytib, kelishishga chaqirdi. Dunyo neftining 33 foiziga egalik qiladigan OPeK tashkilotiga a'zo davlatlar nihoyat kelishuvga erishib, neft ishlab chiqaruvchilarning «ko‘kragiga shamol tegdi».

Avvaliga 6 aprel kuniga belgilangan OPeK+ davlatlarining videokonferensiya formatidagi uchrashuvi 9 aprelga ko‘chirilgandi. Ammo shu kuni ham Meksikaning qaysarligi sabab 10 soat davom etgan muzokaralar chala qolib ketdi. Yakshanba kuni esa OPeK+ davlatlari neft qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha kelishuv imzolab barchasini rasman tasdiqlashdi.

Bu neft bozoridagi narxlarga qanday ta'sir qiladi? AQSh va Rossiya o‘rtasidagi siyosatning bu kelishuvga qanday aloqasi bor? VVS bu borada mulohazalarni jamladi.

Kuvayt neft vaziri Xolid al Fadilning tvitterda yozishicha, «tarixiy kelishuv» 2020 yil 1 maydan kuchga kiradi. Chindan bu tarixiy kelishuv bo‘ldi. Kelishuv shunchalik tarixiy bo‘ldiki, undan oldin bu kabi narsalarga aralashmagan AQSh ham qo‘shildi.

Kelishuvning asosiy vakillari Saudiya Arabistoni hamda Rossiya edi. Endilikda, har ikki davlat kunlik neft qazib olish hajmini 2,5 million barrelgacha qisqartiradi. Asta-sekin bu cheklov kamayib boradi va shu tariqa bozordagi narx muvozanatga keladi.

Hammasi qanday boshlangandi?

Neft bozoridagi «narx urushi» qanday paydo bo‘lgani haqida ko‘p yozganmiz, ammo bu holatni yana bir bor eslasak, zarar qilmas. Mayli, bu gal oddiyroq rakursdan qaraymiz. Avvaliga mart oyida Saudiya Arabistoni OPeK+ davlatlariga kunlik neft qazib olish hajmini 1,5 million barrelga qisqartirishni taklif qildi. Bu mamlakat tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, har kuni bozorda o‘rtacha shuncha miqdorda ortiqcha neft paydo bo‘layotgandi. Ammo bu taklifga Rossiya keskin qarshilik qildi.