«Men hozirgina do‘stim, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan gaplashdim. U Rossiya prezidenti Putin bilan muloqot qilgan. Men kutyapman va umid qilamanki, ular neft qazib olishni 10 million barrelga qisqartiradi, balki ko‘proq bo‘lishi ham mumkin. Agar bu yuz bersa, bu neft sanoati uchun ajoyib bo‘ladi», deb yozdi AQSh prezidenti Donald Tramp tvitterdagi sahifasida.

Trampning bu posti birjalarda «qora oltin» narxi keskin o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Brent turkumidagi neftning bir barreli narxi 46,7 foizgacha ko‘tarilib 36,29 dollarga yetdi. Bu vaqtinchalik holatmi? Neft bozorini qanday o‘zgarishlar kutmoqda?

Nega Rossiya nefti qimmatlashmadi?

Brent 46 foizgacha qimmatlagach, keyin asta-sekin pastlashni boshladi. Hozir bu turdagi neftning 1 barreli 29,91 dollardan sotilmoqda. 34,86 foizgacha qimmatlab 27,39 dollarga ko‘tarilgan WTI turkumidagi neft keyinroq 25,04 dollardan sotila boshlandi. Ammo negadir Rossiyaning Urals markasidagi nefti narxi o‘zgarishsiz qoldi.

G‘arbiy Yevropa birjalardagi 1 aprel savdolarida Urals markasidagi bir barrel neft uchun 10,5 dollardan taklif qilinayotgandi. Brent narxi 40 foiz oshganidan keyin ham Urals narxi o‘zgarishsiz qoldi. Bu ajablanarli holat, chunki doim Brent ortidan Rossiya neftining narxi ham ko‘tarilardi.

Rossiya neftni rejadagidan 4 barobar arzon sotmoqda

Hozir Rossiya uchun neft qazib olish va uni xaridorga yetkazib berish zararga aylanib qoldi. Rossiyada neft qazib olish va uni xaridorga yetkazib berish xarajatlari uning narxi bir barrelga 15 dollar bo‘lganida ham o‘zini oqlamaydi. Neftchilar tili bilan aytganda, Urals hozir «salbiy eksport narxi»da sotilmoqda. Rossiya yil boshidagi budjet taqsimotida neftni kamida 42,4 dollardan sotishni mo‘ljallagan, ammo hozir to‘rt baravar kamiga sotishga majbur. Rossiya budjeti Urals markasidagi neftning bir barreli 15 dollarga tushganidayoq zarar ko‘ra boshlagan edi.