Dushanba kunidan Ispaniyada zavodlar faoliyati tiklandi. Seshanba kunidan Italiyada do‘konlar ochiladi.
Avvalroq Yevropaning yana bir davlati Daniya maktablar ochilishi va fuqarolarning harakatlanishi bo‘yicha ayrim cheklovlar olib tashlanishi haqida e'lon qilgandi.
Germaniyada hukumat cheklov choralarini yumshatish masalasini ko‘rib chiqmoqda, Fransiyada karantin muddati uzaytirildi. Buyuk Britaniya ham hozircha barcha cheklovlar o‘z kuchida qolishini ma'lum qilib bo‘lgan.
«Ochiq dengizda bitta qayiqqa tushib qoldik». Fransiya qat'iy karantinda qanday yashamoqda?

JSST esa virus tez tarqalishi, lekin sekinlik bilan yo‘qolishini inobatga olgan holda karantindan voz kechishga shoshilishdan tiyilishga chaqirib, bu yangi holatlar ortishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Tashkilot eksperti Mariya Van Kerkxove shunday qo‘shimcha qilgan: «Butun Yevropa bir vaqtda karantindan chiqmasligi juda muhimdir».
Bosqichma-bosqich karantin choralarini bekor qilayotgan Italiya va Ispaniyada so‘nggi haftada kunlik zararlanish holatlari kamaya boshladi. Ispaniyada dushanba kuni 3 477ta yangi holat qayd etilgan - bu bir kun oldingidan (5 mingga yaqin) kamroqdir. O‘limlar soni ham kamayishda davom etmoqda - dushanba kuni Ispaniya sog‘liqni saqlash vazirligi 517ta o‘lim holatini tasdiqladi, bu yakshanba kungi ko‘rsatkichdan 102taga kam.
«G‘alabaga va odatiy hayot tarziga qaytishga hali erta. Biz barchamiz yana ko‘chalarga chiqib yurishni istaymiz, ammo biz bu urushda g‘alaba qozonish va bu holat qaytalanishining oldini olishni yanada kuchliroq istaymiz», - deya ogohlantirdi mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches.
AQShda epidemiya shu haftada ko‘tarilish nuqtasidan o‘tishi kutilmoqda. «Hozirda biz pikka yaqinlashmoqdamiz. Buni o‘limlar soni avvalgi kunlardagidan kamroq bo‘la boshlaganidan keyin sezamiz», degan AQSh Kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi rahbari, ekspert, Robert Redfild.
13 aprel kuni Amerikada koronavirus yana 1147 kishini hayotdan olib ketdi va jami qurbonlar soni 23 mingdan oshdi. So‘nggi 24 soatda yana 19186ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi va jami holatlar soni 579 mingdan oshdi.











