4 oktabr kuni Andijon viloyatining Baliqchi tumanida Xalq deputatlari tuman kengashining to‘qqizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi va unda Senat raisi Tanzila Norboyeva hamda tuman hokimi Jasurbek Abdurayimov ishtirok etdi. Kun.uz muxbiri xabar qilishicha, hokim tumanni 2020-2021 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish orqali «qizil» hududlar qatoridan chiqarish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» taqdimotini o‘tkazdi. Shuningdek, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun prezidentdan uzr so‘radi. So‘ngra sektorlar rahbarlari hisobot berishdi va deputatlarning savollariga javoblar qaytarildi.

Tanzila Norboyeva «yo‘l xaritasi»da ko‘zga tashlanib turgan kamchiliklarga to‘xtalib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.

 

«Tumandagi deputatlarning faolligi, o‘z okrugidagi muammolar bilan yashayotgani ko‘rinib turibdi. Biroq bu faollik shu paytgacha yaxshi natija bermadi. Tuman «qizil» hududga tushib qoldimi, bu - olib borilayotgan ishlar ham, faollik ham yaxshi natija bermayotganidan dalolat. Hozirgina bir deputat bu holat balki targ‘ibotni yaxshi olib bormayotganimiz, ishimizni yetkazib bera olmayotganimiz bilan bog‘liqdir, degan savolni berdi. Lekin bu savol noto‘g‘ri. Chunki bu aniq ko‘rsatkichlar asosida baholangan. Ya'ni, respublikamizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha tumanning ahvoli shu. Ko‘rsatkichlar aniq. Bu bahoni tuman hokimi ham, sektor rahbarlari ham tan olishyapti», dedi Tanzila Norboyeva.

Sessiya davomida Baliqchi tumanini qaysi omillar «qizil» hududlar ro‘yxatiga tushirib qo‘ygani borasida ham ma'lumot berildi.

2019 yil yakuni bo‘yicha tumanda aholi jon boshiga hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1 mln 477 ming so‘mni tashkil etgan (viloyatda 13-o‘rin).

Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan markazlashmagan investitsiyalar hajmi esa 1 mln 471 ming so‘mni tashkil etgan (viloyatda 10-o‘rin).

Shuningdek, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan eksport hajmi 2019 yilda 69 AQSh dollariga teng bo‘lgan (viloyatda 11-o‘rin). Aholi bandligi darajasi ham yuqori emas - 9,4 foiz (viloyatda 8-o‘rin). Vaqtincha ishlash uchun xorijga ketganlarning iqtisodiy faol aholi umumiy sonidagi ulushi 24 ming nafarga yetib, viloyatda eng yomon ko‘rsatkichlardan biri qayd etilgan.

Buning ustiga sanoat ishlab chiqarishning eksportga yo‘naltirilgani ko‘rsatkichi bo‘yicha 14-o‘rin, aholi jon boshiga iste'mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi (1,2 mln so‘m) bo‘yicha 11-o‘rin, yangi tadbirkorlik sub'yektlarining o‘sishini ta'minlash hamda kichik biznesda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha 16-o‘rin qayd etilgan.