Sport | 16:52 / 04.04.2025
10736
3 daqiqa o‘qiladi

De Bryuyne «Siti»dan ketayotganini e’lon qildi

Uning «shaharliklar» bilan 10 yillik sarguzashtlari poyoniga yetdi.

Foto: Golubovich Dmitriy, «Chempionat»

Belgiyalik yarimhimoyachi Kevin De Bryuyne hissiyotli postida «Manchester Siti»nidan ketayotgani haqida ma’lum qildi. Joriy mavsum uning uchun «shaharliklar» safidagi oxirgisi bo‘ladi.

«Qadrdon Manchester!

Bu [maktub]ni ko‘rib, hammasi nimaga qarab ketayotganini tushungan bo‘lsangiz kerak. Shuning uchun darhol maqsadga o‘taman va barchangizga shuni ma’lum qilamanki, bu oylar «Manchester Siti»dagi futbolchilik faoliyatimning so‘nggi oylari bo‘ladi.

Bu haqida yozish juda og‘ir. Har bir futbolchi bu kun albatta kelishini biladi. Va bu kun keldi – siz bu haqida birinchilardan bo‘lib eshitishga loyiqsiz.

Futbol meni sizga – shu shaharga, shu klubga, shu odamlarga olib keldi. Men orzularim ortidan quvib yurgan edim, lekin bu yo‘l hayotimni butunlay o‘zgartirishini tasavvur ham qilmaganman. Bu shahar. Bu klub. Bu odamlar... menga BARChASIni berdi. Men ham buni evaziga BORIMni berdim. Bilasizmi – biz BARChASIga erishdik.

Sizga yoqsa ham, yoqmasa ham, xayrlashish vaqti keldi. Manchester faqat farzandlarimizning pasportida emas, balki undan ham muhimi – yuragimizda abadiy qoladi. Bu joy har doim bizning uyimiz bo‘lib qoladi. Shaharga, klubga, xodimlarga, jamoadoshlarimga, do‘stlarimizga va oilamizga 10 yillik sarguzashtlar uchun har qancha minnatdorchilik bildirsak oz.

Ammo har bir hikoyaning yakuni bor. Bu bob – eng yaxshisi bo‘ldi. Keling, bu so‘nggi lahzalardan birgalikda rohatlanaylik.

Cheksiz muhabbat bilan, sizning Keviningiz», deyiladi futbolchining postida.

Belgiyalik futbolchi «Siti»da 2015 yildan buyon to‘p surib kelayotgandi. Bu vaqt davomida u klub uchun barcha turnirlar doirasida 413 o‘yin o‘tkazib, 106 gol urdi va 174 golga uzatma berdi. Jamoasi bilan u olti bor APL g‘olibligi, ikki marta Angliya Kubogi, uch marta mamlakat Superkubogi, besh marta Angliya ligasi kubogini qo‘lga kiritdi, shuningdek 2023/24 yillar mavsumida Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘ldi.

33 yoshli futbolchining «Manchester Siti» bilan shartnomasi 2025 yil 30 iyunga qadar edi va tomonlar uni uzaytirmaydigan bo‘ldi. Futbolchi joriy mavsumning aksar o‘yinlarini jarohatlar tufayli o‘tkazib yuborayotgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid