Fan-texnika | 02:57 / 17.10.2020
18411
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston internet erkinligi reytingida so‘nggi o‘nlikdan joy oldi

Freedom House nodavlat tashkiloti internetdagi erkinlikka doir “Freedom on the Net 2020” an'anaviy hisobotini taqdim etdi. Unda O‘zbekiston internet erkin bo‘lmagan mamlakatlar ro‘yxatida qayd etilgan.

Foto: iStock

Reytingning so‘nggi pog‘onasidan qatorasiga oltinchi yil Xitoy joy oldi. Kuzatuvchilar XXRda ayniqsa pandemiya davrida internet senzura darajasi sezilarli oshganini qayd etishgan. Mamlakatda onlayn erkinlik 100 balldan 10 ballga baholangan xolos.

Tadqiqotchilar internetdagi erkinlikka tahdidlarni 9 xil toifaga bo‘lishgan. Hisobot davrida (2019 yil iyunidan 2020 yil mayigacha) ushbu 9 xil toifa insidentlarning barchasi kuzatilgan davlatlar 2ta: Xitoy va O‘zbekiston.

Qayd etilishicha, yuqoridagi muddatda Xitoy va O‘zbekistonda:

  • ijtimoiy tarmoqlar yoki kommunikatsiya platformalari bloklangan;
  • siyosiy, ijtimoiy yoki diniy kontentga to‘siq qo‘yilgan;
  • AKT tarmoqlari qasddan buzilgan;
  • hukumatparast izohchilar onlayn muhokamalarni manipulyatsiya qilgan;
  • senzurani kuchaytiruvchi yangi qonun yoxud normativ huquqiy hujjat qabul qilingan;
  • kuzatuvlarni kuchaytiruvchi yoki anonimlikni cheklovchi yangi qonun yoxud normativ huquqiy hujjat qabul qilingan;
  • internetda siyosiy yoki ijtimoiy kontent yaratgan bloger yoki tarmoq foydalanuvchisi hibsga olingan;
  • bloger yoki tarmoq foydalanuvchisi jismoniy hujumga uchragan;
  • hukumat tanqidchilari yoki inson huquqlari tashkilotlariga texnik hujumlar bo‘lgan.

Hisobotda 65ta davlatdagi onlayn erkinlik holatiga baho berilgan bo‘lib, dunyodagi internet foydalanuvchilarining 87 foizi shu mamlakatlarda yashaydi. Ulardan 9tasida yuqorida sanab o‘tilgan 9 xil toifa insidentlarning birortasi ham ro‘y bermagan. 65ta davlatdan 15tasida virtual maydon erkin, 28tasida qisman erkin va 22tasida erkin emas deb topilgan.

Reytingni 100 balldan 95 ball to‘plagan Islandiya boshqarib turibdi. Yuqori beshlikda Estoniya, Kanada, Germaniya va Buyuk Britaniya ham bor.

O‘zbekiston 27 ball (o‘tgan yilgiga nisbatan +1) bilan 57-o‘rindan joy olgan. Mamlakatni keyingi uchta o‘rindagi Misr, Pokiston va Saudiya Arabistonidan bir ball farqlab turibdi.

Yevrosiyo guruhi sifatida ko‘rsatilgan 9ta davlat ichida esa O‘zbekiston oxirgi o‘rinda.

O‘zbekistonga oid sharhda mamlakatda internetdan foydalanuvchilar soni oshib borayotgani, ammo internetga kirish imkoniyati hududlarga qarab farqlanishi, vaholanki hukumat internet qamrovi va tezligini oshirishga va'da bergani aytiladi.

Shuningdek, aholi daromadlariga nisbatan olganda O‘zbekistonda internet narxi qimmatligicha qolayotgani ta'kidlangan. Shu boisdan bu punkt uchun belgilangan 3 balldan 0 ball qo‘yilgan.

Ta'kidlanishicha, AKT sohasida davlat kompaniyalari dominantlik qilmoqda. «O‘zbektelekom» monopoliyasi saqlanib turibdi, mobil internet xizmatlarini ko‘rsatuvchi 5ta operatordan 3tasi davlatga qarashli. O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirishdagi to‘siqlar sabab bu punkt uchun mamlakatga 6 balldan 1 ball berilgan xolos.

Tadqiqotchilar o‘zbek internet-mediasidagi senzuraga to‘xtalib, holatni 4 balldan 1 ballga baholagan. Sardoba fojiasiga davlat televideniyesining munosabatini radioefirda tanqid qilgan ikki jurnalist ishdan bo‘shatilgani, texnogen ofat haqida Facebook'da yozgan O‘zA jurnalisti ham ishdan bo‘shagani, Telegram kanalida Sardoba haqida yozgan bloger AOKAdan unga qo‘ng‘iroq bo‘lganini aygani, Facebook yuzerlaridan biri mansabdorni haqoratlagani uchun 10 sutkaga qamab qo‘yilgani kabi o‘nga yaqin voqealar sanab chiqilgan.

Freedom House O‘zbekistonda onlayn resurslar bloklanishi yoki kontent o‘chirib tashlanishi shaffof emasligi, bu jarayonlar norasmiy tarzda hal etilishi vajidan, bu band bo‘yicha mamlakatga nol ball bergan.

Shuningdek, jurnalistlar yoki internetda komment qoldiruvchilarning o‘z-o‘zini senzura qilishi borligi bois, bu borada 4 balldan 1 ball qo‘yilgan. Umuman olganda, hisobotda O‘zbekistondagi so‘z va internet erkinligiga oid bir necha o‘nlab insidentlar eslab o‘tilgan.

Ta'kidlash lozim, prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ochiqlik siyosati va demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmasligi haqida bir necha bor bayonot bergan. Davlat rahbari so‘nggi chiqishlaridan birida endilikda internetga to‘siq qo‘yilmasligi, OAV bilan muloqot qilmagan rahbarlarning kelajagi yo‘qligini ta'kidlagan edi.

Mavzuga oid