AQŞning xalqaro diniy erkinlik sohasida alohida topşiriqlar böyiça elçisi Samuel Braunbek özining Tvitterdagi akkauntida joriy yil 20 yanvar kuni qoldirgan bitigida Özbekiston prezidenti Şavkat Mirziyoyev bilan «suhbatlaşiş şarafiga muyassar bölgani, uning rahbarligidagi Özbekistonda diniy erkinlikning takomillaşayotganini yuqori qadrlaşi hamda uning sa'y-harakatlari davom etişiga umidvor» ekanini izhor etgan.
Honored to speak with President #Mirziyoyev. Appreciate his leadership improving religious freedom in #Uzbekistan and hope his effors will continue.
— Amb. at Large for International Religious Freedom (@IRF_Ambassador) January 19, 2021
AQŞ vakili hamda Özbekiston prezidenti suhbati haqida rasmiy xabar tarqatilmagan. Şuningdek, suhbat mazmuni va unda muhokama etilgan masalalar haqida ma'lumot yöq.
AQŞning xalqaro diniy erkinlik sohasida alohida topşiriqlar böyiça elçisi 1998 yilda Bill Klinton ma'muriyati davrida AQŞ taşqi siyosatining xorijiy davlatlarga ta'sirçan vositasi sifatida joriy etilgan. Vakil oldiga qöyilgan maqsad va vazifalar qatorida xalqaro miqyosda diniy erkinlikni tarğib qiliş, uning buziliş holatlariga toqat qiluvçi mamlakatlarga nisbatan diplomatik, siyosiy, iqtisodiy va harbiy çeklovlar joriy qiliş, diniy e'tiqod va faoliyati bois ta'qib qilingan şaxslar nomidan advokatlik qiliş hamda diniy erkinlikni butun dunyoda keng rivojlanişini ta'minlaş masalalari mavjud.
Avvalida Vetnam, Kuba, Laos, Xitoy, Şimoliy Koreya, aksariyat aholisi musulmon bölgan davlatlar, şu jumladan, Sudanda nasroniylik, bahoiy va boşqa diniy ozçilikka nisbatan avj olayotgan ta'qiblarga nisbatan qat'iyroq çoralar köriş maqsadi közlangandi.
AQŞ Davlat departamenti qoşida foaliyat körsatuvçi alohida topşiriqlar emissaridan taşqari, Vaşington nigohidagi işkal mamlakatlarni «qora röyxat»ga kiritiş masalasiga doir qarorlar AQŞ Kongressi huzuridagi Xalqaro diniy erkinlik komissiyasiga kelib tuşgan şikoyat va örganişlar asosidagi tavsiyalar paketi bilan prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik kengaşi maxsus maslahatçisi voqif qilinib, özaro muvofiqlaştirilgan holda qabul qilinadi.
Janob Sem Braunbek Toşkentga 2018 yil sentyabrda taşrif buyurib, Özbekiston prezidenti qabulida bölgan.
Prezident veb-sahifasida keltirilgan ma'lumotga köra, Samuel Braunbek «samimiy qabul uçun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, AQŞ Özbekistonda amalga oşirilayotgan keng miqyosli özgarişlarni yuqori baholaşi va qöllab-quvvatlaşini ta'kidlagan».
Birinçi prezident Islom Karimov ham 2002 yil mart oyida AQŞga taşrifi çoğida Braunbek bilan uçraşgan. U Amerika safari xotiralari haqida jurnalistlar bilan uyuştirgan suhbatida amerikalik senator «Özbekistonga tom ma'nodagi xayrixohligi, bu ajoyib inson özbek delegatsiyasini qabul qilib, ikki soat band bölgani, aloqani yanada mustahkamlaş, zaruriyat tuğilsa, yanada köproq kömak berişga bel boğlaganini qayta-qayta ta'kidlagani, 60-70 arboblardan iborat banketning boş mehmonini ularga taniştirganini hayajon bilan» eslagan.
Ammo AQŞ Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi tavsiyasiga köra, mavjud samimiy xayrixohliklarga qaramasdan hozir ham mutasaddilar zikr etişga botina olmaydigan Andijon voqealaridan söng Özbekiston Respublikasi 2005 yildan boşlab to 2019 yilning apreliga qadar diniy erkinlik borasida alohida xavotirga molik mamlakatlar röyxati (Countries of Particular Concern)da, 2019 yil apreldan boşlab esa maxsus nazorat röyxatida uşlab turilgan.
Aslida «qora röyxat» tahlika darajasi böyiça «qizil» va «sariq» toifalariga ajratilib, alohida xavotirga molik mamlakatlar «qizil», maxsus nazorat ostidagi mamlakatlar röyxati (Special Watch List-SWL)dagi davlatlar esa «sariq» guruhlari böyiça tabaqalaştirilgan.
AQŞ davlat departamenti kotibi Maykl Pompeo janoblari 2020 yil fevralda Toşkentga buyurgan safari natijalari böyiça ötkazilgan matbuot anjumanida Özbekiston tomoni «inson ölçovi borasidagi özaro anglaşuv darajasi oşgani hamda avval mavjud bölgan ayrim asabga teguvçi onlarni ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidan butkul olib taşlaşga kelişib olişganini alohida qayd etgan».
2020 yil 7 dekabrda AQŞ davlat kotibi Maykl Pompeo «sönggi ötgan yilda hukumatlar erişgan ahamiyatli, aniq rivojlanişga asoslanib, Sudan va Özbekistonni maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar röyxatidan çiqarilganligini e'lon qilişdan mamnun ekani, ularning qonun va amaliyotlaridagi jasoratli islohotlari boşqa xalqlar uçun model sifatida xizmat qilişi» haqida çiqiş qilgandi. Uşbu tezkor bayonot özbek delegatsiyasining AQŞga qilgan şoşilinç taşrifidan söng bir oy ötmay jaranglagan.
Amerika ovozining özbek xizmati muxbirasi Navbahorxon S.Braunbek bilan 2018 yil oktyabrda Vaşingtonda bölib ötgan suhbatida, undan AQŞ endi Toşkentga nisbatan yondaşuvlarida «kamroq kaltak, köproq şirmoy non siyosatini qöllaydimi?», degan savoliga, amerikalik diplomat «Özbekiston katta salohiyatga ega, agar mamlakat oçilsa, özgarişlar böyiça oldingi qatorlardan joy olsa, öşanda haqiqiy şirmoy nonlarning kelişini körasiz. Biz körişni istayotgan narsa – Ğarb sarmoyalari. Çunki Ğarb sarmoyalar bilan Ğarb qadriyatlari kirib keladi. Bizning kompaniyalar, xitoyliklardan farqli ölaroq muayyan jiddiy inson huquqlari e'tiqodidan kelib çiqib, buni mezbon hukumat talab qiladimi-yöqmi, öz mehnat odobi nizomi asosida faoliyat körsatadi», deb aytgan edi.
Davlat departamentining xalqaro diniy erkinlik yillik hisoboti odatda har yilning aprel oyida qabul qilinadi. Bugungi kun holatiga köra, AQŞ komissiyasining Özbekistonga doir hisobot böyiça hali ham «sariq» röyxatda turib, Pompeo aytgan özgarişlar hisobotda öz aksini topmagan. Çunonçi, unda ötgan yillarda respublikada röy bergan holatlar – besönaqay östirilgan 100dan ortiq kişilarning soqolini majburiy qirdiriş va öquv yurtlariga hijoblilarning dağdağa bilan qöymaslik holatlari qayd etilgan.
Umuman olganda, Markaziy Osiyo davlatlari orasida Özbekistondan taşqari Qozoğiston ham maxsus nazorat röyxatida, Tojikiston va Turkmaniston esa «qizil» röyxatdan joy olgan. Qirğiziston bu röyxatlarda yöq.
Muqaddam 2011-2018 yillar mobaynida Kanzas ştatiga ham gubernatorlik qilgan Sem Braunbek partiyaviy mansubligi böyiça aslida respublikaçi hisoblanadi. Hokimiyat amallaridan bugunda va yaqin istiqbolda ham bir amallab çetlaştirilayotgan Donald Trampning örniga kelayotgan Jo Bayden boşliq demokratlar ma'muriyati davrida ham «sehrli diyor»ning rasmiy Toşkentga nisbatan xayrixohligi saqlanib qoladimi-yöqmi, buni faqat vaqt-fursat körsatadi.
Zabixulla Saipov












