13:31 / 09.07.2021
9697

O‘zbekistonda yilning birinchi yarmida naqd pul aylanmasi hajmi oshdi

O‘zbekistonda yanvar-iyun oylarida naqd pul aylanmasi hajmi 47 foizga oshgan. Aholi bank kartalariga kelib tushgan mablag‘ning 33 foizi naqdlashtirilgan.

Markaziy bank joriy yilning olti oylik holatiga ko‘ra O‘zbekistondagi naqd pul aylanmasi hajmini ma'lum qildi. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, 2021 yil yanvar-iyun oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 231,9 trln so‘mni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 47 foizga oshgan.

Jumladan, banklar kassalariga naqd pul tushumlari 115,4 trln so‘mni, chiqim qilingan naqd pullar esa 116,5 trln so‘mni tashkil etdi.

2021 yil yanvar-iyun oylarida bank kartalariga 126,9 trln so‘mlik mablag‘lar kelib tushib, ushbu davrda bank kartalaridagi 42,1 trln so‘mlik (33,2 foiz) mablag‘lar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida bank kassalaridan (shu jumladan, bankomatlardan) berilgan naqd pullar 2020 yil yanvar-iyun oylariga nisbatan 35,6 trln so‘mga oshishi kuzatilgan bo‘lsa, ushbu o‘sishning asosiy qismi bank kartalaridan naqd pul yechish hajmi 15,8 trln so‘mga hamda naqd chet el valutasini sotib olish uchun 11,3 trln so‘m oshishi hisobiga yuzaga keldi.

«Banklar kassalariga naqd pul tushumlari hajmi va naqd pulga bo‘lgan talabdan kelib chiqqan holda muomalaga qo‘shimcha naqd pullar chiqarib borildi hamda ayrim davrlarda muomaladagi ortiqcha naqd pullarning qaytishi kuzatildi», deyiladi Markaziy bankning rasmiy xabarida.

Avvalroq, 2021 yilning uch oyida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 108,2 trillion so‘mni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 23,2 foizga oshgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid
Top