31-avgust kuni Lionel Messi Argentina milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini eʼlon qildi. Taniqli bombardir oʻz faoliyatidagi ulkan muvaffaqiyatlardan tashqari, ekzotik mashinalarga boʻlgan ishtiyoqi bilan ham mashhur. U haqiqatan ham noyob avtomobillar kolleksiyasiga ega boʻlib, ularning baʼzilari katta boylikka teng.

Maserati GranTurismo MC Stradale
Argentinalikning sevimli avtomobillaridan biri Maserati GranTurismo MC Stradale sportkari edi. Italyan kupesi 4,7 litrli V8 atmosfera dvigateli bilan jihozlangan boʻlib, u superkarga 4,5 sekundda 100 km/soat tezlikka erishish va soatiga 300 km dan yuqori maksimal tezlikda harakatlanish imkonini beradi. 2017-yilda Messi sportkarda qariyb 50 ming km masofa bosib oʻtgach, uni 120 ming yevroga sotuvga qoʻydi.

Ferrari F430 Spider
Ammo Messi boshqa bir italyan sportkaridan ayrilishni istamadi - Ferrari F430 Spider rodsteri hamon futbolchining garajida turibdi. Avtomobil Pininfarina atelyesi mutaxassislari ishtirokida, 2000-yillarning oʻrtalarida «Formula-1» bolidlarida qoʻllanilgan aerodinamika texnologiyalaridan foydalanib ishlab chiqilgan. 510 ot kuchiga ega dvigatelli avtomobil 100 km/soat tezlikka 3,7 sekundda erishadi, uning maksimal tezligi esa soatiga 315 kmni tashkil etadi.

Pagani Zonda Cinque Roadster
Pagani Zonda Cinque Roadster - Lionel Messi kolleksiyasidagi eng noyob, qimmat va ekstremal avtomobillardan biridir. Konstruksiyasida kompozit materiallar, titan, magniy va inkonel qoʻllanilgan avtomobilning vazni atigi 1210 kilogrammni tashkil etadi. Ulkan 7,3 litrli, 678 ot kuchiga ega AMG V12 dvigateli rodsterni 100 km/soat tezlikka 3,4 sekundda olib chiqadi. Mashinaning maksimal tezligi soatiga 350 km. Bunday superkarlardan jami 5 dona ishlab chiqarilgan boʻlib, har birining narxi 1,8 million yevrodan boshlanadi.











