Qozogʻiston tashabbusi bilan 22-aprel - Xalqaro sayyorani koʻkalamzorlashtirish kuni, Tojikiston tashabbusi bilan 31-avgust - Xalqaro xavfsiz, himoyalangan va ishonchli sunʼiy intellekt kuni sifatida nishonlanadigan boʻldi. Birinchi rezolyutsiyani 140 mamlakat, ikkinchisini esa 144 mamlakat yoqlab ovoz berdi; AQSH ikkalasiga ham qarshi chiqdi.
Shuningdek, ovoz berish jarayonisiz, Suriya tashabbusiga koʻra, 19-dekabr kuni nishonlanadigan Bedarak yoʻqolganlarni izlash bilan shugʻullanuvchi ayollar xizmatlarini eʼtirof etish xalqaro kuni taʼsis etildi.
Bir qator mamlakatlar yangi sanalarni olqishladi, biroq Kanada, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Argentina va Meksika bunday kunlar soni ortib borayotgani, ularning bir-birini takrorlashi ehtimoli va BMT zimmasiga qoʻshimcha yuklama tushishidan xavotir bildirdi.
AQSH vakili ham ushbu tashabbuslarni tanqid qilib, yangi xalqaro kunlarni «isrofgarchilik» deb atadi.
Xalqaro kunlar roʻyxati BMT Bosh Assambleyasi tomonidan doimiy ravishda toʻldirib boriladi va bugungi kunga kelib 111 taga yetdi. Bu kunlar tarixiy voqealarning ahamiyati va inson hayotining muhim jihatlarini taʼkidlash uchun BMT Bosh Assambleyasi qarorlari bilan taʼsis etiladi.
Aʼzo davlatlar kunni eʼlon qilish tashabbusi bilan chiqishi mumkin, rezolyutsiya esa konsensus asosida qabul qilinadi. Shu bois roʻyxatga deyarli har yili yangi sanalar qoʻshiladi.







