Jahon | 22:58 / 25.07.2021
9424
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh qurolli kuchlariga ko‘maklashgan afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilish uchun 100 million dollar ajratiladi

Amerikalik askar afg‘onistonlik tarjimon bilan | REUTERS / Lucas Jackson

AQSh prezidenti Jo Bayden amerikaliklar Afg‘onistonda bo‘lgan vaqtda AQSh qo‘shinlariga turli darajada ko‘maklashgan afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilish uchun 100 million dollar ajratishga ruxsat berdi. Bu haqda Oq uy veb-saytida davlat kotibi Entoni Blinkenga yuborilgan xabarnomada so‘z boradi.

Qochqinlar va majburan ko‘chirilayotgan shaxslarga favqulodda yordam ko‘rsatish va ko‘chirish bilan bog‘liq xarajatlar AQSh hukumati tomonidan davlat fondidan ajratiladigan mablag‘dan qoplanadi. Rasmiy xabarnomada qayd etilishicha, 100 million dollargacha miqdordagi mablag‘ Afg‘onistondagi vaziyatni inobatga olib, shuningdek, AQSh maxsus immigratsion vizalarini olish uchun murojaat qilgan Afg‘oniston fuqarolarining ehtimoliy ehtiyojlarini qondirish uchun ajratilmoqda.

“Bunday yordam majburiyatlardan kelib chiqqan holda ikki tomonlama yoki ko‘ptomonlama asosda, shuningdek, xalqaro tashkilotlarga ajratiladigan badal to‘lovi, boshqa nodavlat tashkilotlari hamda AQSh departamentlari va agentliklarini moliyalashtirish yo‘li bilan berilishi mumkin”, deyiladi Oq uy xabarnomasida.

Eadaily’ning yozishicha, ayni paytda 2,5 mingga yaqin afg‘onistonlik Amerika maxsus immigratsion vizalarini olish uchun murojaat qilishlari mumkin. G‘arb ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, Amerika qo‘shinlariga turli darajada ko‘maklashgan, shu jumladan, tarjimonlik qilgan 18 mingga yaqin afg‘onistonlik va yana 53 ming oila a'zolari bunday vizalarni olishga umid qilmoqda.

Bu jarayon uzoq davom etishini hisobga olib rasmiy Vashington AQSh qurolli kuchlari bilan hamkorlik qilgan afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilishga qaror qilgan. Afg‘on qochqinlari AQShning Virjiniya shtatidagi Richmond yaqinidagi Fort Li harbiy bazasida, balki mamlakatning shu kabi boshqa obektlarida vaqtincha joylashtirilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq New York Times Afg‘onistondan evakuatsiya qilinayotganlik AQSh vizasini olish uchun berilgan arizani ko‘rib chiqish jarayonida hech qanday imtiyozni taqdim etmasligi, shuningdek, agar arizalar rad etilsa, bu odamlar o‘z vataniga deportatsiya qilinmasligiga kafolat bermasligi haqida yozgandi.

“Amerika Ovozi” ma'lumotlariga ko‘ra, umumiy hisobda 100 mingga yaqin odam ketish huquqini olishi mumkin. Nashrning qayd etishicha, qochqinlar, birinchi navbatda, AQShning chet eldagi harbiy bazalariga yoki “viza arizasi ko‘rib chiqilayotgan paytda xavfsiz bo‘lishlari uchun” uchinchi mamlakatga yuboriladi.

“Yigirma yil davomida minglab afg‘onlar AQSh va boshqa Shimoliy alyansga a'zo mamlakatlarning razvedka mutaxassislari bilan birgalikda Al-Qoida, IShID va boshqa terrorchi tuzilmalarga qarshi kurashish jarayonida o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yishdi”, deyiladi AQSh Senatining Razvedka qo‘mitasiga rahbarlik qiluvchi Marko Rubio tomonidan mamlakat prezidentiga yuborilgan maktubda.

Ular prezident Baydenni maxsus immigratsion viza dasturini tezlashtirishga va qochqinlar dasturiga ustuvor ahamiyat berib, afg‘onlarni uchinchi mamlakatlarga vaqtincha evakuatsiya qilishni ko‘rib chiqishga chaqirishgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishi ortidan toliblar mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda. Aksariyat to‘qnashuvlarda afg‘on hukumat qo‘shinlari «Tolibon»ga mag‘lub bo‘lmoqda va jon saqlab qolish uchun hududdagi tinch aholi bilan birgalikda qo‘shni davlatlar hududiga chekinishga majbur bo‘lmoqda.

Afg‘on qochqinlari Tojikiston, O‘zbekiston, Pokiston hududiga ham qochib o‘tishgan. 16 iyul kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada Pokiston bosh vaziri Imron Xon ayni paytda 3 milliondan ortiq afg‘on qochqinlari Pokistonda jon saqlayotganini ma'lum qilgan.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 5,7 million qochqin «Tolibon» qulaganidan keyin mamlakatga qaytib kelgan, 2,7 million qochqin esa Pokiston va Eron kabi davlatlarda qolmoqda. 4 million ichki muhojir hamon o‘z uylaridan uzoqda.

Bloomberg agentligi prezident Jo Bayden ma'muriyati Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistondan Amerika qurolli kuchlari bilan hamkorlik qilgan 9 ming nafar afg‘onistonlikni o‘z hududlarida vaqtincha joylashtirishni so‘rab murojaat qilgani to‘g‘risida xabar bergandi.

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashevning aytishicha, AQShga xayrixohlik bildirgan afg‘on fuqarolariga O‘zbekistonda boshpana berishning qonuniy va amaliy asoslari yo‘q. Irgashevga ko‘ra, O‘zbekiston qochoqlar maqomi to‘g‘risidagi 1951 yilgi Konvensiya va 1967 yilda qabul qilingan protokolga qo‘shilmagan. Bundan tashqari, mamlakatimiz qonunchiligida qochoq maqomini olish tartibi ham ko‘zda tutilmagan.

Tojikistonning Xatlon viloyati hududida afg‘on qochqinlari uchun vaqtinchalik baza barpo etilmoqda, buning uchun viloyatning Jayhun tumani hududidan maxsus joy va hududiy budjetdan kerakli summa ham ajratilgan. Mamlakat favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Imomali Ibrohimzodaning aytishicha, Tojikiston 100 mingga yaqin afg‘on qochqinini qabul qilishga tayyor.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid