O‘zbekiston | 08:05 / 19.07.2021
8951
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Germaniya afg‘on qochqinlarining ehtimoliy oqimi bilan bog‘liq muammolarni birgalikda hal qiladi

2021 yilning 17 iyul kuni Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Matias Lyuttenberg bilan uchrashdi.

Germaniya vakili Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy bog‘liqlik bo‘yicha xalqaro konferensiya natijalarini yuqori baholadi va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bunday yuqori darajadagi xalqaro forumni tashkil etish bo‘yicha tashabbusi o‘z vaqtida o‘tkazilgani va uning kun tartibi juda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lganini ta'kidladi.

Afg‘oniston Islom Respublikasidagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi, ushbu mamlakatda tinchlik jarayoniga o‘zaro yordam berish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar Afg‘onistondagi qurolli mojaroning avj olishidan xavotir bildirdi va dunyo hamjamiyatining Afg‘onistonda tinchlik hamda barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa'y-harakatlarini davom ettirish yuzasidan fikr almashdi.

Muloqot davomida tomonlar Afg‘oniston borasida kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan, xususan, afg‘on qochqinlarining ehtimoliy oqimi va chegaradagi voqealar bilan bog‘liq muammolarni birgalikda hal qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Afg‘oniston xalqiga har tomonlama iqtisodiy va gumanitar yordamni davom ettirishda mintaqadagi mamlakatlarning muhim roli, shuningdek, Afg‘onistonda doimiy hamda har tomonlama tinchlikni o‘rnatish bo‘yicha sa'y-harakatlar ta'kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyun kuni O‘zbekiston TIV 53 nafar afg‘on chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar O‘zbekiston hududiga qochib o‘tgani haqida xabar bergan edi

Shu kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon o‘zaro telefon muloqotida Afg‘onistonda va Tojikiston chegarasi hududlarida yuzaga kelayotgan tahlikali vaziyatni muhokama qilib, ushbu mamlakat bilan chegara chizig‘idagi vaziyatni juda keskin deb baholagandi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 28 iyun kuni bo‘lib o‘tgan brifingda 23-26 iyun kunlari Afg‘oniston fuqarolari va harbiylar chegarani buzib o‘tib mamlakat hududiga kirishi bilan bog‘liq bir necha holat kuzatilgani, surishtiruv va tergov harakatlaridan so‘ng ular xalqaro normalarga muvofiq o‘z yurtiga qaytarilganini aytgandi.

O‘zbekiston TIVning 28 iyun oqshomida 27 iyun kuni 44 kishidan iborat Afg‘oniston chegara qo‘shinlari va mahalliy qurolli guruh vakillari Sho‘rtepa tumani hududida O‘zbekistonning davlat chegarasini buzganini ma'lum qilgan.

Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi fonida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy okruglarda harbiy mashg‘ulotlar boshlagan.

O‘zbekiston rasmiylari 22 iyun kuni Afg‘onistonda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat keskinlashayotgani sababi bilan o‘zaro chegarani yopgan.

Mavzuga oid