O‘zbekiston | 23:19 / 25.08.2021
10789
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri kengayishi hisobiga 95 872 kishi poytaxt propiskasini oladi

Toshkent viloyatidan 7853,3 gektar yer maydoni Toshkent shahriga o‘tkazilayotgani sababli bu hududlarda yashovchi 95 872 nafar aholiga poytaxt propiskasi berilishi kutilmoqda, deya xabar berdi Kun.uz muxbiri.

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining chegaralarini o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Bu haqda 24 avgust kuni yuqori palataning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod tumanlarining, shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyatlari chegaralari o‘zgartirishi kutilmoqda.

Qo‘mita raisi Qutbiddin Burhonovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahri aholisi 2021 yil 1 iyul holatiga 2 mln 737 ming 200 kishini tashkil etib, joriy yil boshiga nisbatan 42,8 ming kishiga o‘sgan.

“Aholining zichligi bir kilometr kvadratga 7564 kishini tashkil etadi. Bu esa o‘z navbatida kelajakda Toshkent shahrini rivojlantirish, hududini yanada kengaytirish kabi masalalarni yuzaga chiqaradi.

Toshkent shahri aholisi soni yil sayin yuqori sur'atlarda o‘sib borishi natijasida shaharda yangi ijtimoiy soha obektlarini qurish, yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarini tashkil etish, madaniy va dam olish maskanlarini ko‘paytirish masalalarini hal etish choralarini ko‘rish talab etilmoqda. Bu kabi muammolar Toshkent shahri hududini bosqichma-bosqich kengaytirish orqali amalga oshirilishi mumkin.

Shu munosabat bilan Toshkent viloyatidan 7853,3 gektar yer maydoni Toshkent shahriga, Toshkent shahridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilishi belgilanmoqda. Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o‘tayotgan hududlarda 42 ta mahalla bo‘lib, bugungi kunda ushbu hududlarda 29 010 ta xonadon mavjud. Bu yerda 95 872 nafar aholi yoxud 23 749 ta oila istiqomat qilishadi.

Ushbu hududlarda 2025 o‘rinli 15 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti, 8756 o‘rinli 16 ta umumta'lim maktabi hamda 6 ta oilaviy poliklinika mavjud. Shu bilan birga, 1421 ta kichik tadbirkorlik sub'yekti sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarida faoliyat yuritmoqda”, – deya Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Toshkent viloyati hududlarining chegaralarini o‘zgartirish masalasi Senatda shu yil iyul oyida ham muhokama qilinib, parlament yuqori palatasining tegishli qarori qabul qilingandi.

10 avgust kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bu masala yana ko‘rib chiqilgan, biroq qaror loyihasi deputatlar tomonidan qayta ko‘rib chiqishga yuborilgandi. Qayta ishlangan qaror loyihasi 16 avgust kuni qabul qilinib, Senatga yuborilgandi.

Mavzuga oid