O‘zbekiston | 10:27 / 11.08.2021
10798
3 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar Toshkent shahrini kengaytirish to‘g‘risidagi qaror loyihasini qayta ko‘rib chiqishga yubordi

2021 yil 10 avgust kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Qibray tumanlari hududidan Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari hududiga 7 853,3 gektar yer maydonlari qo‘shib berilmoqda. O‘z navbatida, Toshkent shahrining Bektemir va Sergeli tumanlari hududidan Toshkent viloyatining Zangiota va Yuqori Chirchiq tumanlari hududiga 171,3 gektar yer maydonlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Ma'lumotlarga qaraganda, 2021 yilning 1 iyul holatiga Toshkent shahri aholisi soni 2,7 mln kishini tashkil etib, joriy yil boshiga nisbatan 42,8 ming kishiga yoki 1,6 foizga o‘sgan, aholining zichligi 1 km kv. maydonga 7 564 kishini tashkil etmoqda. 

Ma'ruzachining ta'kidlashicha, Toshkent viloyati hududidan Toshkent shahriga yer maydonlarining o‘tkazilishi kelgusida aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashga, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishga, xorijiy investitsiyalarni jalb etishga, shahar eksport salohiyatini oshirishga, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasi obektlarini yanada yaxshilashga olib keladi.

Bildirilishicha, muhokamalar davomida ko‘plab jiddiy savollar yuzaga kelgan. Deputatlar o‘zgarishi mumkin bo‘lgan hududlarda infratuzilma, xizmat ko‘rsatish va soliqlar to‘lash kabi bir nechta masalalarda muammolar yuzaga kelishi mumkinligi bo‘yicha e'tirozlar bildirdi. Hozirda Toshkent shahriga o‘tkazilishi rejalashtirilgan maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. Ularni poytaxt tasarrufiga ko‘chirilishi kelajakda oziq-ovqat zaxirasining kamayib ketishiga olib kelmaydimi, degan mazmundagi aniq mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Deputatlar Toshkent shahrini kengaytirish jarayonlarida xalqimiz turmush farovonligiga daxl qilmaydigan maqbul yo‘llarni topish maqsadga muvofiq degan xulosaga keldi.

Majlisda kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlar tomonidan berilgan ko‘plab savollar ochiq qoldi. Ularga javob izlash va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida mutaxassis va mas'ul qo‘mita a'zolari yana bir karra qaror loyihasini maromiga yetkazish ustida bosh qotiradi. Masala Qonunchilik palatasining keyingi yalpi majlisiga kiritiladigan bo‘ldi, deyiladi parlament xabarida.

Mavzuga oid