O‘zbekiston | 09:24 / 10.11.2021
10096
3 daqiqa o‘qiladi

Sabzi narxi 5 barobar arzonlashdi va bu daraja bahorgacha saqlanib qoladi – Qishloq xo‘jaligi vazirligi 

O‘zbekistonda noyabr oyida sabzi narxi 2021 yil iyun oyi bilan taqqoslanganda 4-5 barobargacha arzonlashdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi prognoziga ko‘ra, 2022 yil bahorida kutiladigan yangi hosilga qadar sabzi narxi shu darajada saqlanib qoladi.

Foto: pixabay.com

Vazirlik xabariga ko‘ra, sabzi narxini barqarorlashtirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar orasida quyidagilar bor: ekin maydonlarini ko‘paytirish, yuqori hosilli navlarni ekish, sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash, kasallik hamda zararkunandalarga qarshi o‘z vaqtida kurash.

Chora-tadbirlar natijasida 2021 yilda sabzining o‘rtacha hosildorligini bir gektardan 20-25 tonnadan 30-40 tonnagacha miqdorda oshirish imkoniyati yaratildi. Shu tariqa, 1 kg sabzi tannarxi fermer xo‘jaliklarida 700-800 so‘mgacha (6,5-7,5 sent) arzonlashdi. 20 iyun holatiga ko‘ra, 1 kg sabzi o‘rtacha chakana narxi 6 000-10 000 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda (2021 yil oktabr-noyabr) 2000 so‘mgacha tushdi, dalaning o‘zidagi o‘rtacha xarid narxi 1 kg sabzi uchun 1000-1500 so‘m atrofida.

Qayd etilishicha, joriy yil sabzi narx o‘zgarishi tufayli ko‘p bora e'tibor markazida bo‘ldi, buning asosiy sababi - 2021 yil bahorda ertapishar sabzining yetilishi deyarli bir oyga kechikkan.

Yozga kelib, sabzi narxiga oid vaziyat butunlay barqarorlashgani aytiladi. Yoz oxiri va kuz oylari boshida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan aholi uchun «daladan iste'molchigacha» tamoyili asosida arzonlashtirilgan yarmarkalar ishga tushirildi. Ularda sabzi va boshqa asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari shundoq dalaning o‘zidan bozor rastalariga olib kelingani sabab, past narxlarda sotilishiga erishildi, deyiladi ma'lumotda.

2021 yili barcha toifa xo‘jaliklarida sabzi jami 124,4 ming gektar (o‘tgan yilga qaraganda 18,2 ming gektarga ko‘p) maydonda ekildi. 2021 yilda yetishtirilgan 2 mln tonnadan ortiq hosildan (o‘rim-yig‘im ishlari davom etyapti) asosiy qismi ichki bozor ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilmoqda.

Bunda takroriy ekindan yig‘ilgan 140 ming tonna sabzi qishki-bahorgi mavsumda aholi ta'minoti uchun zaxiraga olinadi, kechpishar sabzining bir qismi esa umumiy quvvati 250-300 ming tonna bo‘lgan o‘nlab ixtisoslashtirilgan korxonalar bazasida qayta ishlanadi (2020 yilda 110 ming tonna sabzi qayta ishlash, quritish, shok usulida muzlatishga yuborilgan).

Ta'kidlanishicha, mamlakat aholisining sabzi mahsulotiga bo‘lgan yillik talabi 700-800 ming tonnani tashkil etadi (tibbiy me'yorlarga ko‘ra, bir insonning yillik ehtiyoji taxminan 20 kg.dan iborat). Iste'mol savatchasidagi sabzi mahsulotining ulushi 0,4 foiz hisoblanadi.

2021 yili sabzi eksporti hajmi xorijiy davlatlarda ushbu qishloq xo‘jaligi mahsulotiga bo‘lgan talab va xarid narxlari o‘sishi oqibatida sezilarli darajada oshgan. 2021 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, jami 50,5 ming tonna yoki o‘tgan yilgi shu davrga nisbatan 17 foizga ko‘p sabzi eksport qilingan. Eksport qilingan sabzining 65 foizi aprel-iyun oylari, ya'ni ertapishar sabzi mavsumiga to‘g‘ri kelgan.

Mavzuga oid

E`lonlar