Tashrif doirasida Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi a’zolari Sverdlovsk viloyati gubernatori o‘rinbosari – investitsiyalar va rivojlanish vaziri Dmitriy Ionin, Sverdlovsk viloyati sanoat va fan vaziri o‘rinbosari Natalya Martinova va boshqalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlar chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, kimyo, oziq-ovqat, charm-to‘qimachilik kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, Qoraqalpog‘istondan Sverdlovsk viloyatiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish, turizm, ta’lim yo‘nalishlarida yangi dasturlarni amalga oshirish imkoniyatlari xususida fikr almashildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Sverdlovsk viloyati o‘rtasida birodarlashgan hududlar munosabatlarini o‘rnatish istiqbollari muhokama qilindi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Sverdlovsk viloyatining tarmoq vazirlik va idoralari o‘rtasidagi muloqotni faollashtirish, Sverdlovsk viloyati delegatsiyasining javob tashrifini tashkil etish, Qoraqalpog‘iston delegatsiyasining TechnoBuild ko‘rgazmasida ishtirok etishini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.











