O‘zbekiston | 17:33 / 12.11.2021
5201
2 daqiqa o‘qiladi

“Bitta talabani xorijda o‘qitish bir yilda 30-40 ming dollarga tushyapti” – “El-yurt umidi” jamg‘armasi mas'uli

2021 yilda mutaxassislarni chet elda o‘qitish uchun 142,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu pulning eng ko‘pi magistratura dasturiga – 55 milliard so‘mdan ortiq sarflanadi.

Foto: AP

Bitta talabani xorijda o‘qitish davlat budjetiga 30-40 ming dollarga tushdi. Bu haqda 12 noyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jamg‘arma ijrochi direktori o‘rinbosari Javohir Ahmedov ma'lum qildi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi 3 ta stipendiya tanlovida 1 million 800 ming dollardan ortiqroq mablag‘ga Jamg‘armaning stipendiatlari uchun chegirmalar olishga erishdi. O‘rtacha bitta stipendiatga bir yilda 30-40 ming dollar moliyaviy mablag‘ sarflanadi. Agar bu bakalavriat bo‘ladigan bo‘lsa, shu mablag‘ 4 ga ko‘paytiriladi. Biz bugungi kunda maksimal harakat qiladigan yo‘nalishimiz aynan stipendiatlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri grant asosida, ya'ni o‘qish bilan bog‘liq xarajatlarida grant oladigan bo‘lsa, uning yashashi bilan bog‘liq xarajatlari, ta'lim olishi, transport, viza, sug‘urta xarajatlari davlat budjetidan moliyalashtirilishi belgilab qo‘yildi. Yaqinda qabul qilingan Farmonda ham grantlari bor stipendiatlarga ustuvorlik berish ko‘zda tutilgan”, – dedi u.

Jamg‘arma ijrochi direktori Adham Bekmurodovning ma'lum qilishicha, sarflangan umumiy xarajatlarni yil oxirida aniqlash mumkin bo‘ladi.

“2021 yilda Jamg‘armaga xorijda ta'lim dasturlarini moliyalashtirish uchun davlat budjetidan 142,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Avvalgi yilga nisbatan 3 barobar ko‘proq. Bakalavriatga 48 milliard, magistraturaga 55 milliarddan ortiq, doktoranturaga 12 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanadi. Jamg‘arma mablag‘i sarflanishi yil bo‘yi davom etadi. Chunki talabalarning ovqatlanishi, transport xarajatlari doimiy bo‘ladi, bu xarajatlar bugun qilinadigan bo‘lsa, ertaga budjetdan qoplanadi. Yil oxiriga kelib umumiy xarajatlar hisoblanadi”, – dedi u.

Mavzuga oid