Doimgidek, to‘rt fasl ichi vodiy kezib, voqea-hodisalarni berib borishga, murojaatlar ortidan aholi muammolarini yoritib, mas’ullarga yetkazishga, og‘ir holdagi bemorlarga xayriya aksiyalari orqali ko‘maklashishga urindik. Aholi murojaatlarini o‘rganish davomida joylardagi muammolarni Kun.uz minbari orqali mutasaddilarga yetkazish asosiy maqsadimiz bo‘ldi. Shukrki, maqolalarimiz keng ommaga taqdim qilingach, ularning aksar qismi ijobiy yechim topdi.
Yil boshida Shahrixonsoy ustiga qurilgan 55 yillik alvastiko‘prik o‘rniga yangi ko‘prik so‘rab murojaat qilgan Fayziobod mahallasi oqsoqollari bilan uchrashgan edik. Mazkur muammoga shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi e’tibor qaratib, qiynalayotgan aholi uchun ko‘prik qurib berildi.



“Aholi shu ko‘prikdan yayrab o‘tyapti. Fayziobod aholisi xursand, qo‘li duoda. Muhtaram prezidentimizning nazari tushib, milliard-milliard so‘m pulga katta zamonaviy ko‘prik qurdirib berdi. Yengil mashina ham, yuk mashinasi ham bemalol o‘tadi”, – deydi mahalla oqsoqoli Abdumannob ota Ismonov.
“Jamoat transportiga muhtoj Andijon. Talabalarni qiynayotgan muammoga yechim bormi?” sarlavhali maqolamizda Andijon shahridagi OTMlar talabalarining o‘qishga qatnashi uchun shahar ichidagi yo‘lkira narxi qimmatligi sabablarini o‘rgangan edik. Talabalar “Damas”larda qatnash qimmatligi sabab, mutasaddilardan avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yishni so‘rashgan edi. Ho‘sh, maqoladan so‘ng o‘zgarish bo‘ldimi?




























