Jamiyat | 20:42 / 13.10.2021
26940
8 daqiqa o‘qiladi

Izboskanda koronavirusdan vafot etgan vrachning oilasiga prezident qarorida aytilgan pul to‘lab berilmayapti

Shifokor koronavirusni aynan bemorlarga muolaja qilish vaqtida yuqtirib olganini Andijon viloyati SEOM tasdiqlagan. Sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari uch bolasi bilan boquvchisiz qolgan ayolni sarson qilmoqda.

Uch farzandi bilan boquvchisini yo‘qotib beva qolgan ayoldan kelgan murojaatni o‘rganish uchun Andijon viloyati Izboskan tumani O‘rtaariq mahallasiga bordik.

Halimaxon Abdug‘afforova va uning oilasi yaqin kishisini yo‘qotib, hayotning keskin zarbasiga uchragan. Uning ustiga, tegishli idoralar tomonidan Prezident qarori bajarilmayapti.

Halimaxonning turmush o‘rtog‘i – vrach reanimatolog Abdunazar Abdug‘afforov Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Andijon filialida ishlagan. Shifokor 2020 yilning 20 iyulida filial bosh shifokorining buyrug‘i bilan Andijon viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun tashkil qilingan gospitalga safarbar etiladi.

Shu kundan boshlab og‘ir bemorlar bilan ish olib borgan Abdunazar Abdug‘afforovning o‘zi ham faoliyati davomida koronavirus yuqtirib oladi va 2020 yil 3 oktabr kuni olamdan o‘tadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 martdagi PQ-4652-son qaroriga muvofiq, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida og‘ir ahvolga tushgan va sog‘lig‘i tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila a'zolariga bir martalik 250 million so‘m to‘lov to‘lanishi kerak edi.

Biroq marhum shifokorning ayoli bir yildan beri turli idoralar o‘rtasida sarson bo‘lib, mazkur to‘lovni olgani yo‘q. Uning qo‘lidagi murojaatlariga berilgan javoblarning o‘zi bir dasta bo‘libdi.

Marhum shifokorning otasi muammoli holat bo‘yicha shunday dedi:

“O‘tgan yil yozida o‘g‘lim reanimatolog vrach bo‘lgani sabab koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kirdi. Bir oy ishlab chiqqach: “Dada, 15 kun dam olaman ekan”, degandi. Oradan 2 kun o‘tib, kasalxonada reanimatolog yetishmayotgani uchun uni yana chaqirtirib olishdi.

“Dada, og‘ir kasallar ko‘payib ketibdi. Har kuni juda ko‘p o‘lim bo‘lyapti. Bir nechtasini saqlab qolishga yordam berdim. Bormasam bo‘lmaydi. Kerakman”, deb yana kasalxonaga kirib ketdi.

Birinchi kirishida yotib ishlagan bo‘lsa, keyingilarida qatnab ishladi. Bir kuni kelib: “Men bilan so‘rashmanglar, isitmam borga o‘xshayapti”, dedi. Og‘ir bemorlardan o‘ziga kasallik yuqtirib olgan ekan. Kasalxonaga kirib ketdi. Shundan so‘ng bolamni qaytib ko‘rmadim.

O‘g‘lim xalq xizmatida o‘ldi. Undan ayoli va uchta farzand qoldi. Ayoli bir yildan beri Prezident qarori bo‘yicha beriladigan to‘lovni olish uchun yuguradi. Foydasi bo‘lmayapti. Nahotki, mamlakat rahbarining qarorini bajarishmasa?

Farzandlarning kunlik xarajatlari bor. Ularni o‘qitishim kerak. Uy-joy solishim kerak. 400 ming pensiya olaman. Men Prezident qarorini qaror deb hisoblamayotgan davlat idoralaridan xafaman”, deydi marhumning otasi Abduqahhor Abdug‘afforov.

Marhumning onasi Muqaddasxon Abdug‘afforova jigarbandi bemorlarni o‘ylab o‘zini o‘ylamaganini aytadi.

“Bo‘ldi, bolam, kasalxonaga kirma”, degan gapga e'tibor bermadi. 20 kun qiynalib davolanib yotganida ham o‘sha yerdagi kasallarga turli muolajalarni qilishda yordam berdi. Taqdir ekan, bolamning yuzini qaytib ko‘rmadim. Boquvchisiz qolgan farzandlariga qarab ezilaman”, deydi ona.

Marhumning ayoli Halimaxon Abdug‘afforovaning qo‘lida to‘plangan hujjatlar yig‘indisi juda katta edi. Ularning ichida sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning javob xatlari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat prokuraturasining aloqa xatlari joy olgan.

“Turmush o‘rtog‘imning vafot etganiga bir yil bo‘lgan bo‘lsa-da, shu kungacha bir martalik to‘lovni ololmadik. Sog‘liqni saqlash vazirligi viloyat SEOMning birinchi xato ketgan xulosasini ro‘kach qilmoqda. Erimning vafotidan so‘ng 10 oktabr kuni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori erim haqiqatan ham ish faoliyati davomida koronavirus yuqtirib davolanishga yotqizilgach, vafot etgani haqida viloyat SEOMga “Aloqa xati” yozib bergan. Unda: “Vrach reanimatolog Abdunazar Abdug‘afforov ish faoliyati davomida koronavirus infeksiyasi yuqtirib oldi, ahvoli yomonlashgani uchun 2020 yil 19 sentabr kuni AVYuKShga 2352-sonli kasallik tarixi ochilib, davolanish maqsadida yotqizildi. Bemor davo muolajalarini olishiga qaramasdan, 2020 yil 3 oktabr kuni vafot etdi”, deyiladi.

Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xulosasi oxirida noto‘g‘ri ishlatilgan jumla tufayli shu holat yuzaga keldi. Bu jumla quyidagicha: “Abdunazar Abdug‘afforov 2020 yil 20 iyul kunidan viloyat yuqumli kasalliklar reanimatsiya bo‘limida SOVID-19 infeksiyasi tashxisi qo‘yilgan bemorlar bilan aloqada muloqotda bo‘lgan. Davolanayotgan bemorlarga turli xil muolajalar qilish jarayonida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan bo‘lishi mumkin”.

Qarangki, SEOM o‘z xatosini to‘g‘rilab, boshqatdan xulosa berdi. Keyingi epidemiologik xulosa “Davolanayotgan bemorlarga turli xil muolajalar qilish jarayonida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan”, deya berildi.

Lekin endi SSB bu xulosaga nisbatan reaksiya qilmayapti. Menimcha, SEOM tomonidan to‘g‘rilab berilgan ikkinchi xulosani vazirlik o‘qib ham ko‘rmadi. Vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning javobi bir xil – SEOM surishtiruv xulosasi bo‘yicha, to‘lov to‘lashga asos yo‘q.

 

Axir turmush o‘rtog‘im 2020 yilning 20 iyul kunidan boshlab to kasal bo‘lib qolgunicha koronavirusga chalingan bemorlarni davoladi-ku?

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi tomonidan berilgan “O‘lim haqidagi tibbiy guvohnoma”da ham “O‘lim ish faoliyati tufayli baxsiz hodisadan” sodir bo‘lgani qayd etilgan.

Muammoni hal qilish uchun bormagan ma'sul idoram qolmadi. SEOMdagilar: “Biz siz aytganday xulosa yozib berdik. Sudga bersangiz ham bizdan bir tiyin undira olmaysiz”, deyishyapti.

Erimning koronavirus infeksiyasini qayerda yuqtirib olgani haqida SEOM qanday surishtiruv olib borib, bunday xulosa berganiga hayronman.

Aslida vafot etgan erimning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Hozir yolg‘iz onaman. Farzandlarim uch nafar. Qizim Umidaxon, o‘g‘illarim Abdumajid va Sunnatillolar yetim qolishdi. Ularning kelajagi uchun harakat qilyapman.

Nahotki, bemorlar sog‘ligi uchun ishlab halok bo‘lgan erim uchun Prezident qarorida ko‘rsatilgan mablag‘ni mutasaddilar turli bahonalar bilan berishmasa? Axir davlat rahbari chiqargan qonun hurmat qilinishi kerak-ku?” – deydi Halimaxon Abdug‘afforova.

Yugur-yugurlardan charchagan ayol Andijon viloyat bandlik boshqarmasi yordami bilan RShTYoM viloyat filialini sudga bergan. Sud 14 oktabr kuniga tayinlangan.

Kun.uz muxbiri mazkur sud jarayonida qatnashib, sud jarayonini yoritib boradi.

Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid