Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaga Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Nooken tumanida yashovchi 75 yoshli ona Chinixon Eraliyeva ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat yo‘lladi.

Chinixon ona o‘z murojaatida qizi Shoiraxon Egamovani 1990 yili Andijon viloyati Izboskan tumaniga uzatgani, qizi shu paytgacha uch farzandni kamolga yetkazib, nevara ko‘rgan bo‘lsa-da, haligacha O‘zbekiston fuqarosi pasportini ololmayotgani haqida kuyunib yozgan.

«Shoiraxon qizim o‘n yildirki, «fuqaroligi bo‘lmagan shaxs» (FBSh) maqomida bo‘lgani uchun Qirg‘izistonga – ona yurtiga o‘ta olmaydi. Chunki, pasporti yo‘q. Yuragi xasta. Sizdan pasport muammosini hal qilib berishni iltimos qilamiz.

Men esa qizimni ko‘rishga zor bo‘lib, Qirg‘izistonda yashayapman. Yoshim 80ga borib qoldi. Qizim ham meni, aka-uka, opa-singillarini ko‘rishga intizor. Qani edi qizim ham ota yurtiga kelib, sog‘inchini yozib ketsa.

2017 yili qizim barcha hujjatlarini to‘g‘rilab, Izboskan tumani markazi – Poytug‘ shahridagi «pasport stoli» xodimlariga bergan. Hujjatlarni qabul qilgan xodimlar tegishli qog‘ozlarning barchasi to‘g‘ri ekanini aytishgan, tegishli davlat to‘lovlari ham to‘langan. To‘rt yildan beri pasportdan darak yo‘q.

Xodimlar har safar «keyingi oyda bo‘lib qolar» degan javob berishmoqda. Ularni ayblamoqchi emasmiz, lekin boshqalarga berilayotgan pasport nega 4 yildan beri mening qizimga tegmayotganini tushunmayapmiz. Qizim bilan biri-birimizni ko‘rishga zormiz. Faqat telefonda gaplashyapmiz.

Oxirgi umid bilan yozgan murojaatimga bee'tibor bo‘lmaysiz, deya umid qilaman», deya Senat raisiga murojaat qilgan Chinixon ona Eraliyeva.

Kun.uz muxbiri 30 yildan beri fuqaroligi yo‘q fuqaro maqomida yashayotgan Shoiraxon Egamova bilan suhbatlashish uchun Izboskan tumaniga bordi.

«Necha yillardan beri qimtinib, o‘ksinib yashayman»

«Izboskanga 1990 yil avgust oyida kelin bo‘lib tushganman. Oldin sovet pasportiga ega edim, chegaradan bemalol o‘tib ota-onamni ko‘rib kelardim. Mustaqillikdan keyin bizga fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomi berildi. Uch farzand ko‘rdim, ZAGS qog‘ozim borligi uchun ularga metrika oldik.