Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirish, fuqarolar va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga mosligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqish Konstitutsiyaviy sudning vakolati sifatida Konstitutsiyada aks ettirilishi lozim” ligini ta’kidlab o‘tgandi.
Mazkur qo‘shimcha kiritishga zaruriyat shundan iboratki, inson huquqlarini himoya qilishda samarali vositalardan biri bo‘lgan konstitutsiyaviy shikoyat institutini konstitutsiyaviy norma bilan mustahkamlashdir. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishga “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun, xalqaro normalar, xorijiy davlatlar Konstitutsiyalari, shuningdek fuqarolardan kelib tushgan taklif va tavsiyalar asos bo‘lmoqda.
Mazkur normaning asosiy mazmun-mohiyati shundan iboratki, agarda fuqaro o‘zining Konstitutsiyada belgilangan huquqini qonun yoki uning biror-bir normasi bilan buzilmoqda, deb hisoblasa, ushbu hujjatning konstitutsiyaviyligini ko‘rib chiqishni so‘rab Konstitutsiyaviy sudga murojaat (shikoyat) qilish huquqi tushuniladi.
Ta’kidlash joizki, ushbu norma mamlakatimizda fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish, konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash, Konstitutsiya va qonun ustunligini ta’minlashga, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur normaga hamohang qoida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 27-moddasi 2-bandida “Agar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning fikricha, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq kelmasa hamda sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan bo‘lsa va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, ular qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishga haqlidir” deb belgilab qo‘yilgan.
















