Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2021 yil 7 sentabrga qadar “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazib, Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak edi.

O‘tgan yili 6 sentabrda qabul qilingan prezident farmonida shunday vazifa belgilangan. Biroq bu vazifa oradan bir yil o‘tganiga qaramay, haligacha bajarilmadi: qonundan darak yo‘q, u muhokamaga chiqarilmadi.

Qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurashning samarali yo‘llaridan biri hisoblanadigan deklaratsiyalash tartibi 2022 yil 1 yanvardan kuchga kirishi kerak edi.

Agentlik direktori Akmal Burhonov 4 avgust kungi intervyusida tizim ishlashi uchun texnik imkoniyatlar tayyor bo‘lgani, biroq qonun loyihasi hali “takomiliga yetkazilayotgani”ni aytdi.

“Jahon banki ekspertlari yordami bilan O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish bo‘yicha tizimni yaratdik. Bunda 40 dan ortiq vazirlik va idoralarning ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish masalasi, qanday topshiradi, hattoki namunaviy deklaratsiya to‘ldirish shakllarigacha bo‘lgan tizimni yaratdik. Chunki qonun qabul qilinganidan keyin u tizim bo‘lmasa, u qonun ishlamaydi.

Bugungi kunda texnik masalalar ko‘rib chiqilyapti va qonun loyihasi ham takomiliga yetkazilmoqda. Bu loyihani ikki marotaba xalqaro tashkilotlarga taqdim qilganimizda ular tomonidan e’tirozlar bildirildi. Takliflar va tavsiyalar asosida takomiliga yetkazilmoqda.

Birinchi qadam qo‘yildi. Kuni kecha Senat tomonidan ma’qullangan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda davlat fuqarolik xizmatida ishlayotgan barcha xodimlar o‘z mol-mulklarini majburiy deklaratsiyalashi lozimligi aniq belgilab qo‘yildi”, – deya Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Organ rahbarining aytishicha, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolangach 6 oydan so‘ng kuchga kiradi. Qonunda majburiy deklaratsiyalash tizimi alohida qonun bilan tartibga solinishi belgilangan.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgunga qadar biz imkon qadar ushbu tizimning huquqiy asoslarini yaratishga harakat qilamiz”, – dedi Burhonov.