Avval audio asosida voqeaning o‘zini tahlil qilib ko‘ramiz. Yig‘ilishlardan birida To‘ra Bobolov Angor tumani prokuroriga tanbeh beradi. Uni sektor ishlarini olib bormaslikda, eksport ko‘rsatkichlarini bajarmaslikda ayblaydi. Eng muhimi – tadbirkorlarga to‘sqinlik qilayotganini ro‘kach qilib, qattiq gapiradi, haqoratli so‘zlar aytadi.

Bir qarashda hokimning prokurorni bu kamchiliklar uchun koyishiga asos yo‘q, chunki qonun bo‘yicha bu ishlar prokuror vakolati va javobgarligida emas. Ammo sektor tizimi yo‘lga qo‘yilishi ortidan tumanlar prokurorlariga ham ma’lum hudud va qo‘shimcha mas’uliyat yuklangan. Shuning ortidan viloyatdagi barcha hokim oldida hisobdor bo‘lib qolgan.

Angor tumani prokurori Sirojiddin Ramazonov ham baqirishlarga jim qarab turmaydi va tadbirkorlar davlat pulini o‘marayotgani uchun surishtiruvga chaqirganini bildiradi. Bu javob hokimni battar darg‘azab qiladi va prokurorni ochiqdan ochiq so‘kib, haqoratlay boshlaydi. Keyinchalik hokim yana kim bilandir suhbatida bu prokurorning o‘zboshimchaligi ustidan bosh prokurorga arz qilishini ham bildiradi.

Masalaning eng nozik jihati – Bobolov himoya qilayotgan tadbirkor aslida unga yaqin odam bo‘lishi mumkinligida. Bu fakt hali rasman aniqlanmagan bo‘lsa-da, bir necha kishi, jumladan viloyat prokuraturasidagi manba ham tasdiqlagan. Ya’ni Bobolov o‘ziga tegishli odamni himoyalash uchun tergov ishiga bevosita aralashmoqda, deyishga asoslar bor.

Hammani qiziqtirgan savol – endi voqealar rivoji qanday kechadi?

Bu bo‘yicha bir necha ssenariyni taxmin qilish mumkin:

1. Qonuniy chora

Masalaning huquqiy yechimi qonunlarda aniq va ravshan yozib qo‘yilgan.

Audiodan bilish mumkinki, viloyat hokimi To‘ra Bobolov prokurorni turli uyatsiz so‘zlar bilan haqorat qilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga ko‘ra haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish – BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, ushbu holatda Bobolovning prokuratura ish yurituvidagi jinoyat ishi tergovi (yoki surishtiruvi)ga ham bevosita aralashgani kuzatiladi. Jinoyat kodeksining 236-moddasiga ko‘ra, tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, ya’ni ishni har tomonlama, to‘la va xolisona o‘rganilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum etib, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.