O‘zbekiston | 20:20 / 24.10.2022
36098
6 daqiqa o‘qiladi

“Svet” o‘chishlari boshlanmoqda. Ijobiy kutilmalar uchun asoslar ko‘p emas

Havo sovuqlashishi bilan, odatdagidek, Kun.uz pochtasiga “bizda tok yo‘q”, “svet o‘chdi” mazmunidagi murojaatlar ko‘paya boshladi. Xo‘sh, bu yilgi qish oldidan energotizimda vaziyat qanday, yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘lishidan umid qilsa bo‘ladimi?

Foto: Kun.uz

Avvalo, vaziyat haqida kengroq ko‘lamda ma’lumot olish maqsadida iste’molchilarning elektr energiyasiga oid murojaatlari bilan qiziqdik. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Abdullo Abdusherozovning aytishicha, 2022 yilning 9 oyida federatsiyaga iste’molchilardan elektr energiyasi bo‘yicha 980 ta murojaat kelib tushgan.

Eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahridan – 477ta. Shuningdek, Qashqadaryo (76ta) va Samarqanddan ham (73ta) ko‘p murojaatlar yo‘llangan. Iste’molchilar foydasiga 743 million so‘m undirib berilgan. Taqqoslaydigan bo‘lsak, o‘tgan yilgi ayni shu yo‘nalishdagi murojaatlar 873 tani tashkil etgan va o‘tgan yilgiga nisbatan bu yil 107taga ko‘pligini ko‘rish mumkin.

Inobatga olish kerakki, bu murojaatlar nafaqat ta’minotdagi uzilishlar, balki elektr kuchining pastligi, moliyaviy qarzdorlik va aholidan noqonuniy pul undirish bilan ham bog‘liq.

Elektr ishlab chiqarish 5 foizga oshdi — vazirlik

Avgust oyida Davlat statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, yanvar-iyul oylarida elektr energiyasini ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari qisqargan. Biroq Energetika vazirligi buni rad etib, ishlab chiqarish aksincha oshganini bildirgandi.

Statqo‘m ma’lumotlarida 2022 yil yanvar-iyul oylarida 40 mlrd 43 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, bu – o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 297 mln kVt/soat kamligi qayd etilgan edi. Ammo vazirlik rasmiy statistikada bir qancha ma’lumotlar aks etmagani sababli ishlab chiqarish kamaygandek ko‘ringanini ma’lum qildi.

“Aniq hisobotlarga tayanib ma’lum qilamizki, joriy yilning yanvar-iyul oylarida respublika bo‘yicha 43 mlrd 250 mln kVt soat yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 mlrd 177 mln kVt soat ko‘p (o‘sish sur’ati 105,3%) elektr energiyasi ishlab chiqarilgan”, – deyiladi Energetika vazirligi bayonotida.

Yangi IYeSlar ishga tushdi

Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev Kun.uz'ga bergan intervyusida kuz-qish mavsumi uchun IESlarda qo‘shimcha quvvat paydo bo‘lganini aytgan edi.

“Beshta yangi hamkor bilan ishga tushirilgan IESlarimiz bor. Shundan uchtasi Toshkent viloyatida, bittasi Buxoroda, yana biri Xorazmda. O‘tgan yili biz ularni deyarli ishlatmadik. Xudo xohlasa, kelayotgan kuz-qish mavsumida ularning foydasini haqiqatda sezamiz”, – degandi Xo‘jayev.

Shuningdek, Sirdaryo viloyati Xovos tumanida quvvati 220 MVt bo‘lgan yangi gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi qurilishi yakunlanmoqda. Stansiya yaqin kunlarda O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga ulanib, quvvat uzatishni boshlaydi. U yiliga 1,7 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Kuz-qish mavsumida 7 foiz ko‘proq elektr yetkazib beriladi

Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumida iste’molchilarga jami 30,6 mlrd kub metr tabiiy gaz, 34,9 mlrd kilovatt/soat (o‘tgan kuz-qish mavsumiga nisbatan 2 mlrd 540 mln kilovatt/soatga ko‘p) elektr energiyasi yetkazib beriladi.

Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga 21 oktyabrdagi tashrifida bu qo‘shni mamlakatdan elektr energiyasi importi bo‘yicha shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Turkmanistondan yiliga 4 mlrd kilovatt/soat elektr energiyasi sotib oladi.

Mas’ullar olis va borish qiyin bo‘lgan qishloq va ovullarga ko‘mir, 168 mingdan ziyod xonadonga esa 10 693 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishini ma’lum qilgan.

Ortga surilgan og‘riqli energetika islohoti

25 yanvardagi tarixiy blekaut (darvoqe, hukumat komissiyasi bunga nima sabab bo‘lgani haqidagi xulosasini ochiqlamadi) va yozdagi issiq sabab ro‘y berayotgan uzilishlar energetik tizimni isloh qilish zaruratini yana ham aniqroq qilib kun tartibiga chiqargan edi. Lekin ayrim sabablar tufayli islohotni boshlash rejalari keyingi yil(lar)ga surildi.

Hukumatning iqtisodiy bloki muhokamaga qo‘ygan qaror loyihasida 2026 yilga qadar narxlarni inflatsiya darajasida oshirib borish va o‘sha yildan narxlar erkin shakllanadigan ulgurji bozorga o‘tish, shu bilan birga aholini ijtimoiy himoya qilish uchun gaz va elektrga bazaviy norma belgilab, tariflarni tabaqalashtirish taklif qilingan edi.

Shu orqali ortib borayotgan talabni qondirish uchun sohaga xususiy investitsiyalarni ko‘proq jalb etish va infratuzilma modernizatsiyasini tezlashtirish ko‘zda tutilgan edi. Energetiklarning so‘zlariga ko‘ra, busiz tizimni “odam” qilib bo‘lmaydi: energobloklar, uzatish tarmoqlari va transformatorlarning katta qismi eskirgan.

Mavjud reallikdan kelib chiqsak, yaqinlashayotgan qishga gaz va “svet” masalalarida katta optimizm bilan qarab bo‘lmaydi. Generatsiya oshayotgani, ko‘proq transformatorlar ta’mirlanayotgani kabi ayrim o‘zgarishlar yo‘q emas, lekin o‘z navbatida energiyaga bo‘lgan talab hajmi ham o‘z joyida qotib turmayotganini unutmaslik lozim.

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid