“So‘nggi olti yilda yopiq turdagi koloniyalardan birorta ham mahkum qochmagan” – IIV
OAVda e’lon qilingan qamoqdan qochish bilan bog‘liq holatlarning barchasi manzil koloniyalarida yuz bergani ma’lum qilindi.
IIV Jazoni ijro etish departamenti axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshevga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi olti yilda jazoni ijro etish muassasalaridan birorta ham mahkum qochmagan.
“Jazoni ijro etish muassasalarining o‘zi uchga bo‘linadi: tergov hibsxonasi, yopiq turdagi koloniya va manzil koloniya. 18 ta yopiq turdagi koloniyaga ruxsatsiz kirish ham, chiqish ham mumkin emas. Ushbu muassasalar qat’iy qo‘riqlanadi va shu bois u yerdan mahkumlarning qochishi bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan.
Manzil koloniya bu – ochiq, devori qo‘riqlanmaydigan joy. Manzil koloniyalarda saqlanayotgan mahkumlar ochiqlikda bo‘ladi, oddiy fuqarolar bilan birga bo‘ladi, ular bemalol ishlashi mumkin. Manzil koloniyadan qochish jinoyat emas, balki tartibbuzarlik hisoblanadi. Bunday turdagi tartibbuzarlik uchun mahkumlar manzil koloniyadan yopiq turdagi koloniyaga ko‘chiriladi.
Bugungacha sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘tashdan qochishga uringanlarning barchasi manzil koloniyalarida saqlanayotgan mahkumlar hisoblanadi”, deydi Zoyir Yo‘ldoshev.
IIV Jazoni ijro etish departamentining Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda 54 ta jazoni ijro etish muassasasi mavjud. Shundan 11 tasi tergov hibsxonalari, 25 tasi manzil koloniya va 18 tasi yopiq turdagi jazoni ijro etish koloniyalari hisoblanadi.
Qayd etilishicha, ayni paytda respublikadagi barcha jazoni ijro etish muassasalarida 27 mingga yaqin mahkum saqlanmoqda. 2022 yilda bu ko‘rsatkich 29 mingdan ortiqni, 2021 yilda 27,5 ming, 2020 yilda 22,9 ming nafarni tashkil etgandi.
Jinoyat ijroiya kodeksiga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalari jumlasiga jazoni ijro etish koloniyalari, shu jumladan, davolash huquqi asosidagi koloniyalar, tarbiya koloniyalari, turmalar, mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalar kiradi.
Tergov hibsxonalari ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan va xo‘jalik xizmatiga oid ishlarni bajarish uchun qoldirilgan shaxslarga nisbatan jazoni ijro etish muassasalari vazifasini bajaradi. O‘z navbatida jazoni ijro etish koloniyalari manzil-koloniyalarga, umumiy, qattiq, maxsus tartibli koloniyalarga bo‘linadi hamda voyaga yetgan mahkumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan. Tarbiya koloniyalari esa voyaga yetmagan mahkumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 4 yanvar kuni Jizzax viloyati Zafarobod tumanida joylashgan 30-son jazoni ijro etish manzil-koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan ikki mahkum qochib ketgan va Andijon chegarasida jamoatchilik yordamida ushlangandi.
O‘tgan yili Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 44-sonli Jazoni ijro etish manzil koloniyasidan va Bo‘ka tumanidagi 43-sonli Jazoni ijro etish manzil koloniyasidan qochgan uch nafar mahkum ularni manzilga eltib qo‘yayotgan taksichini mashina “bagaj”ida qoldirib, tunab ketgandi.
2019 yili Buxoroda qamoqxonadan qochish uchun 1,5 oy davomida hojatxona ostidan lahim kavlagan 4 mahbus qo‘lga tushgandi.
O‘sha yili Olmaliq shahridagi jazoni ijro etish muassasasidan qochganlar Toshkentda bosqinchilik qilgan va ular ushlanib uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi.
Mavzuga oid
18:21 / 26.10.2024
Rossiyada koloniyadan qochganlarning to‘rt nafari qo‘lga olindi
15:29 / 26.10.2024
Rossiyada koloniyadan 6 nafar mahbus qochib ketdi
11:36 / 23.10.2024
Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida “Ombudsman qutisi” o‘rnatiladi
13:10 / 05.10.2024