Yogurtlarda karmin moddasi borligi, shu bois ular harom ekani haqidagi videosi ortidan 8 aprel kuni sud tomonidan 15 sutkaga qamalgan Activist loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqanidan so‘ng ilk marta jamoatchilikka ko‘rinish berdi.
Bloger 23 aprelda ozodlikka chiqqan bo‘lsa-da, faoliyatini davom ettirmayotgan, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda unga nisbatan jinoyat ishi ochilgani va u vafot etgani haqida turli mish-mishlar tarqalishiga sabab bo‘lgandi.
O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov Kun.uz so‘roviga javoban ushbu mish-mishlar yolg‘on ekanini ma’lum qilgandi.
Hojiakbar Nosirov 11 may kuni Instagram’dagi sahifasiga joylagan videomurojaati orqali 15 sutkaga qamalganidan beri jamoatchilikka ilk marta ko‘rinish berdi. Videoda bloger o‘zini qo‘llab-quvvatlaganlarga minnatdorchiligini bildirgan.
“Menda hammasi yaxshi, ozodlikdaman. Ko‘p Telegram-kanallarda yozishayotganidek, o‘lib ketganim yo‘q yoki firibgarlik, tovlamachilik bilan ham ustimdan jinoiy ishlar ochilgani yo‘q.
Chiqqanim haqida gapirmay turganimning sababi bor, albatta, uzrli sabab. Shuning uchun to‘g‘ri tushunasizlar degan umiddaman.
Bo‘lgan voqea bo‘yicha fikr bildiradigan bo‘lsam, bilasizlar, men nima bo‘lsa ham yaxshilikka deyman. Bundayam bir hikmat bordir.
Meni qo‘llab-quvvatlab video olganlarni, izohlar yozganlarni, umuman, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga harakat qilganlarni ko‘rdim, hammaga rahmat. To‘g‘risi, judayam xursand bo‘ldim», — deydi bloger.









