Inauguratsiya, iste’folar va jazo muqarrarligining yo‘qligi - hafta dayjesti
“Korrupsiya bo‘lmasa, hammasi va’da berganimizdek bo‘ladi”: prezident yangi muddatga kirishdi. “Hunari” ko‘p prokuror: qonun unga kelganda ishlamay qoldi. Daraxtlar qirg‘ini: Toshkentning ayrim joylari 5 yil ichida 33 foizgacha yashilligini yo‘qotgan. Ortda qolgan haftaning asosiy mavzulari – Kun.uz dayjestida.
Konstitutsiyaviy referendumdan keyin o‘tkazilgan prezident saylovi tugashi bilan, bir yildan ortiqroq davom etgan siyosiy jarayonlar yakuniga yetdi. O‘zbekistonni qariyb 7 yildan beri boshqarib kelayotgan Shavkat Mirziyoyev 7 yillik yangi muddatga saylandi. Rasmiy raqamlarga ko‘ra, amaldagi prezident 87 foiz ovoz to‘plagan. Juma kuni Senat binosida inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning konstitutsiya va qonunlariga qat’iy amal etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti zimmasiga yuklangan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman”, – deya, Qur’on va konstitutsiyaga qo‘lini qo‘ygan holda qasamyod qildi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident o‘z nutqida O‘zbekistonni “har bir fuqaro tinch va erkin, baxtli va farovon yashaydigan ijtimoiy davlatga aylantirish”ga va’da berdi. Konstruktiv muxolifat faoliyati, so‘z va vijdon erkinligi kafolatlanishini aytdi. Qonunlarni mensimaydigan amaldorlardan esa voz kechilishi ta’kidlandi:
“Qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, ularga qo‘pol munosabatda bo‘ladigan, byurokratiya va korrupsiya balosiga berilgan har qanday rahbar bilan – u vazir yoki hokim bo‘ladimi, boshqa mas’ul vazifadagi amaldor bo‘ladimi – salbiy harakatlari bilan davlat obro‘siga putur yetkazayotgan bunday kishilar bilan uzil-kesil xayrlashamiz”.
Shavkat Mirziyoyev lavozimiga nomunosib amaldorlar o‘rniga bilimli yoshlar qo‘yilishini aytdi. U davlat mulozimlariga murojaat qilib, xalqqa berilgan va’dalarning amalga oshishi uchun korrupsiya bo‘lmasligi kerakligiga urg‘u berdi:
“Kelgan sarmoyador bilishi kerak: O‘zbekiston – demokratik tizim, O‘zbekiston – ochiq, byurokratiya yo‘q, korrupsiya yo‘q degan gap bo‘lsa, hamma ishlarimiz albatta xalqqa va’da berganimizdek bo‘ladi”.
Avtoyo‘l va temiryo‘l rahbarlari ishdan olindi
Shavkat Mirziyoyevning saylovdan keyingi ilk selektori mamlakatga investitsiya olib kirish masalasida bo‘ldi. Selektorda 10 ta tuman va 2 ta shahar hokimi, respublika miqyosidagi 5 nafar amaldor investitsiya olib kirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun ishdan olindi. Prezident ularning familiyalarini sanab, “xiyonat qilganga o‘rin yo‘q” deb qo‘shimcha qildi:
“Investitsiyalar jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Kamalov, transport vaziri o‘rinbosari Mo‘minov, suv ta’minoti rahbari Saidnazarov, temiryo‘l rahbari Hosilov va avtoyo‘l rahbari Abduvaliyevlar ishdan olinadi. Xiyonat qilganga o‘rin yo‘q”.
Ishdan olingan Abdurahmon Abduvaliyev avtomobil yo‘llari sohasini uzoq 2001 yildan beri boshqarib kelayotgandi. Yo‘llarning sifatsizligi bo‘yicha odamlarning noroziligi katta bo‘lishiga qaramay, bir shaxsning bu soha rahbarligida uzluksiz 22 yil o‘tirishining siri nimada ekani faqat yuqoridagilarga ayon bo‘lsa kerak. 67 yoshli yo‘lsozni mansabidan ayirgan narsa yo‘llarning sifati emas, investitsiya masalasi bo‘ldi. U Toshkentdan Samarqand va Andijon shaharlariga olib boradigan pullik yo‘l, Taxtaqoracha dovonida esa pullik tonnel qurish topshirig‘i bo‘yicha amaliy ishlarni haligacha boshlamagani aytildi. Avtoyo‘llar qo‘mitasini endilikda Abduvaliyevning sobiq o‘rinbosari Jamshid Tursunov boshqaradi.
“O‘zbekiston temiryo‘llari” raisi Husniddin Hosilovning o‘rnini “Shaharqurilishinvest” direktori Zufar Narzullayev egalladi. “O‘zsuvta’minot” raisi Sohib Saifnazarov o‘rniga kommunal xo‘jalik vazirining sobiq o‘rinbosari Dilshod Azimov tayinlandi.
Etik va fonar, prokuror va qonun
Hafta davomida ishdan olinishga yana bir da’vogar amaldor lavozimini saqlab qolgani ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi. Surxondaryoning Bandixon tumani prokurori avvaliga mahalla raislarini so‘kib, ularni majburiy mehnatga jalb qilgandi. Keyinroq korrupsiyadan shikoyat qilgan o‘qituvchilarga dashnom berib, so‘ng bir fermerni kaltaklagani ma’lum bo‘ldi. Oxir-oqibat u noma’lum turdagi intizomiy jazoga tortildi xolos. Qisqa qilib aytganda, oddiy odamlarga nisbatan ishlatiladigan jazolovchi qonunlar amaldorga kelganda yana ishlamadi.
Boshidan boshlasak. O‘tgan oyda Bandixon tumani prokurori Soatmurod Mahmanovning mahalla raislarini, xususan ayollarni o‘ta qo‘pol so‘zlar bilan so‘kkani aks etgan audio tarqalgan edi:
- “Sen kecha nima va’da bergan eding, it? 2 mln so‘m tushirgansan? Nimani va’da berganding, kechagi pulni ko‘tarib kelyapsan. Erkakmisan sen ham? Xotinchalish”.
- “Men tushunmayapman, bu tizim. Siz ... yeb o‘tiribsizmi, enangizniki bormi bu yerda?! To‘rtta odamingizni yig‘a olmasangiz, yo‘qoling”.
- “Qani og‘ayni, pul? 3 million? Enangnikiga tiqib qo‘y u 3 millionni. Kecha gapirgan gaping qani? Bor joyiga qo‘yib kel, maraz, itdan tarqagan! Obod turmush qani? Ha, opa, 500 ming so‘m tushgan. Qani? Boring, arizangizni yozing-da, yo‘qoling, ... bormi sizga bu yerda ishlab, davlatni, jamiyatni harom qilib”.
- “Enangnikiga bir boshingni tiqib ol, tuzaladi, o‘sha yerdan chiqqansan-ku”.
O‘shanda Bosh prokuratura ham, Surxondaryo viloyati prokuraturasi ham holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazilayotganini bildirgan edi. Audioni tarqatgan “Mushtum” jurnali 12 iyul kuni Bosh prokuraturaga murojaat bilan chiqib, o‘rganish natijalari haligacha e’lon qilinmaganidan shikoyat qildi. Jurnal o‘z murojaatiga bandixonlik fermer Chori Pirimqulovning norozilik videosini ilova qildi. Fermerning so‘zlariga ko‘ra, prokuror Mahmanov uni kaltaklagan.
Ma’lum bo‘lishicha, 2-sektor rahbari bo‘lmish prokuror 7 iyul kuni majlis o‘tkazib, fermerlarga ikkitadan etik, bittadan fonar olib kelishni buyurgan. Pirimqulov fonarni qiynalmay topgan, lekin yoz fasli bo‘lgani uchun etik topishga qiynalgan. Etik izlab sarson bo‘lgani uchun keyingi majlisga kechikib borgan, shu kechikkani sabab hammaning ko‘z o‘ngida haqorat eshitib, kaltaklangan.
“Prokuror: “Ey cho‘chqa, cho‘chqadan tarqalgan, nima uchun kechikib kelyapsan?” deya meni haqoratlab ketdi. Men rezina etik topish qiyin bo‘lganini aytdim. Etikni bu yoqqa olib kel, dedi. Olib borsam: “Bu kiyilgan, eski etik ekan”, deb o‘sha etik bilan boshimga urdi. Yelkamga bir necha marotaba musht bilan ham urdi. “Itdan tarqagan, chiqqan joyingga tiqib yuboraman”, deya shu yerdagi 50-60 kishining oldida meni haqoratladi. Bu haqoratlarga chidab bo‘lmayapti”, – deydi fermer.
“Mushtum” jurnalining murojaati e’lon qilingan kuni Bosh prokuratura mahalla raislarini haqoratlagani uchun Soatmurod Mahmanovga intizomiy jazo berilganini ma’lum qildi. Idora matbuot xizmati aynan qanaqa jazo berilganiga aniqlik kiritmadi. Lekin shunisi aniqki, u kamida ma’muriy javobgarlikka tortilishi kerak edi. Ma’muriy javobgarlik kodeksida birovni haqorat qilganlik uchun jarima belgilangan. Huquqbuzar ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin yana birovni haqoratlagan bo‘lsa, u holda jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak.
Bundan tashqari, prokuror mahalla raislarini majburiy mehnatga jalb qilgani uchun ham javob berishi kerak edi. Chunki odamlardan soliq yig‘ish mahalla raisining vazifasiga kirmaydi. Prezident farmoni bilan mahalla xodimlarini o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish taqiqlangan.
“Qonun hamma uchun barobar” degan qoidani buzayotgan Bosh prokuratura fermerning kaltaklanishi voqeasiga hech qanday munosabat bildirmadi. Bu voqea O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasi haligacha ma’muriy buyruqbozlik botqog‘ida ekani, tadbirkorlik kafolatlari haqidagi qonunlar to‘liq ishlamayotgani, prokuratura organlari o‘z funksiyasiga kirmaydigan ko‘pdan ko‘p masalalar bilan o‘ralashib yurgani, qo‘l boshqaruvidan tizimli boshqaruvga o‘tish haqidagi gaplar amalga oshmayotganini yana bir marta ko‘rsatgani bilan ham ahamiyatli.
Umuman, muammo ildizlari haqida ko‘p gapirish mumkin, lekin prokuror oldida etik va fonar bilan saf tortib turgan fermerlarning birgina surati mavjud vaziyatni mingta so‘zdan ko‘ra yaxshiroq ifodalaydi. Bunga qo‘shimcha, prokuratura tizimidagi holatni Parkent tumani prokurorining ishdan olinishi ham to‘liqroq ochib berishi mumkin.
Toshkent viloyati Parkent tumani prokurori Sharifjon Akbarov 14 iyul kuni lavozimidan bo‘shatildi va bu haqda rasmiy axborot berilmadi. Kun.uz manbasining xabar berishicha, prokuror iste’fosiga aynan uning tashabbusi bilan Parkent tumani hokimining o‘rinbosarlaridan biri jinoyatda gumonlanib qamoqqa olingani sabab bo‘lgan. Manbaga ko‘ra, hokim o‘rinbosari ko‘p o‘tmay ozodlikka chiqarilgan, Akbarov esa qamoqqa olish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishda qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yganlikda ayblanib lavozimidan ozod etilgan.
Eksklyuziv huquq egalari ochiqlanishi mumkin
Raqobat qo‘mitasining vakolatlarini birmuncha kengaytirgan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilinishi ortidan, bu soha bo‘yicha prezident farmoni ham imzolandi. Unga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi yana prezident va Senatga hisobdor deb belgilandi. Monopoliyaga qarshi organ yil boshidagi ma’muriy islohot vaqtida Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysundirilgan edi. Yarim yil o‘tib bu tartib bekor qilinib, qo‘mita avvalgidek prezident va Senatga bo‘ysunadigan bo‘ldi.
Bu o‘zgarish ro‘y berishi bilan, qo‘mita raisi Shohrux Shorahmedov Uzum va Click kompaniyalarining birlashishi masalasida dadil bayonot berdi. “Ular bizning ruxsatimizsiz birlashsa, jazoga tortamiz”, dedi antimonopol organ rahbari. Eslatib o‘tamiz, Uzum ham, Click ham to‘lov tizimlari bozorida katta o‘ringa ega, shu sabab ularning birlashuvi yangi monopoliya haqidagi xavotirlarga sabab bo‘lyapti. Qonunga ko‘ra, yirik kompaniyalar o‘zaro birlashish uchun monopoliyaga qarshi organning oldindan ruxsatini olishi kerak. Agar birlashish bozordagi raqobatning cheklanishiga olib keladi deb topilsa, bunga ruxsat berilmaydi.
Prezident farmonida, shuningdek, 1 oktyabrdan boshlab eksklyuziv huquqlar berilgan kompaniyalar reyestrini yuritish ham ko‘zda tutilgan. Agar bu reyestr ochiq bo‘lsa, jamoatchilikda qaysi kompaniyada qanaqa eksklyuziv huquq borligini bilish imkoni paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, davlat yordamini berishni nazarda tutuvchi hujjatlar loyihalarini Raqobat qo‘mitasiga kiritish majburiy bo‘ladi.
Farmonga asosan, qo‘mitaning tabiiy monopoliya sohalaridagi narxlarni tartibga solish bo‘yicha funksiyalari kelasi yil oxirigacha mustaqil bozor regulyatorlariga o‘tkaziladi. Bu sohalar qatoriga elektr energiyasi, tabiiy gaz, temir yo‘llar, fuqaro aviatsiyasi, aeroport xizmatlari, avtomobil yo‘llari va telekommunikatsiya sohalari kiradi. Bu sohalarda tariflarni belgilovchi hujjatlar qayta ko‘rib chiqiladi. Oddiyroq aytganda, gaz va “svet” kabi tabiiy monopol tovarlarning narxini belgilashda davlatning ishtiroki kamayadi.
Iqtisodiy yangiliklar qatorida dollar kursining oshayotgani ham alohida ahamiyatga ega. Payshanba kuni O‘zbekiston banklarida dollarning sotish kursi 11 650 so‘mgacha ko‘tarilib, tarixiy maksimumni qayd etdi. Yil boshidan beri so‘m dollarga nisbatan 3 foizga qadrsizlandi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, iyun oyida o‘tkazilgan so‘rovlar aholining valuta kursi o‘zgarishidan xavotiri sezilarli oshganini ko‘rsatmoqda. So‘rovlarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar kelgusi bir yil ichida inflatsiya 13 foizdan ortiq bo‘lishini kutyapti. Rasmiy inflatsiya esa o‘tgan oyda 2016 yilning avgustidan beri birinchi marta 9 foizga tushdi. Lekin iqtisodchilar bu raqamga katta shubha bilan qaramoqda. Shu bilan birga, o‘tgan oyda asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirgan Markaziy bank inflatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasiga o‘tgani, yil oxirigacha narxlarning keskin oshishi ehtimoli kamayib borayotganini ma’lum qilgandi.
Daraxtlar qirg‘ini. Toshkentning ayrim tumanlari 5 yil ichida 33 foizgacha yashilligini yo‘qotgan
O‘zbekistonliklar yozning eng issiq haftalaridan birini o‘tkazdi. “O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, dushanba-chorshanba kunlari O‘zbekiston hududida termik depressiya hodisasi kuzatilgan, ya’ni maksimal darajadagi issiq harorat qayd etilgan. Avvalroq sinoptiklar 2023 yilning iyun oyi Toshkent shahrida kuzatuvlar tarixidagi eng issiq iyun bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Ayni paytda, bunday issiq global miqqyosda kuzatilganini aytish o‘rinli. Butunjahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyining birinchi haftasi Yer sayyorasida rekord darajada issiq harorat kuzatilgan. Xususan, dengizlar yuzasidagi harorat kuzatuvlar boshlanganidan keyingi davrda misli ko‘rilmagan darajaga yetgan. Xalqaro tashkilot o‘ta yuqori harorat 2024 yilgacha saqlanib qolishini prognoz qilmoqda. Avvalroq keyingi 5 yil dunyo tarixidagi eng issiq 5 yillik bo‘lishi aytilgandi.
Shunday sharoitda, o‘zbekistonlik tadqiqotchilar respublikadagi daraxtlar qirg‘iniga oid dahshatli raqamlarni e’lon qildi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistondagi shaharlarning kengayishini tahlil qilib, qurilish ishlari yashillikni qanchalik kamaytirib yuborganini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil holatiga yashillik 2017 yildagiga nisbatan Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida 18 foizga, Yakkasaroyda 23 foizga, Shayxontohurda 26 foizga, Olmazor tumanida esa 33 foizga kamayib ketgan. Bunday holat respublikaning boshqa hududlarida ham aniqlangan. Masalan, Buxoro shahrining markaziy qismida yashillik darajasi 37 foizga qisqargan.
O‘rnatilgan moratoriyga qaramay, daraxtlarning ayovsiz kesilishi davom etyapti. 9 iyul kuni o‘zlarini tadbirkor deb tanishtirgan shaxslar Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi istirohat bog‘ida bir nechta katta daraxtni kesib tashlagan. Ekologik partiya xabariga ko‘ra, holat mahalla fuqarolarining aralashuvi bilan to‘xtatilgan. Daraxtkesarlar bunga tuman hokimi og‘zaki ruxsat berganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, shu yil boshida tuman kengashi bog‘ga 14 ta attraksion va 10 ta ko‘chma savdo shoxobchasini joylashtirish haqida qaror chiqargan. Faollarning aytishicha, bu qarordan keyin ko‘chma shoxobchalarni o‘rnatish emas, qurilish ishlari boshlanib ketgan.
E’tiborlisi, Xorazm viloyati Ekologiya boshqarmasi bog‘dagi 57 tup daraxt qurigani uchun kesilayotganini ma’lum qildi. Boshqarmaga ko‘ra, faqatgina bitta sog‘lom daraxt noqonuniy kesilgan va buning uchun aybdor fuqaroga 1 mln 650 ming so‘m jarima yozilib, yetkazgan zarari qariyb 8,5 mln so‘mga baholangan. Ayni paytda, sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarda avvalroq bog‘ hududining bir qismida daraxtlar kesilib, bino qurib yuborilganini ko‘rish mumkin.
Afsuski, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Markaziy Osiyoning boshqa bir joyida ham ekologik noxushlikdan darak beryapti. Qozog‘istonlik mutaxassislar e’lon qilgan suratlardan ma’lum bo‘lishicha, Kaspiy dengizi ham quriy boshlagan. Oxirgi 15 yilda ko‘lning Qozog‘istonga tegishli qismi 7 foizga qisqargan. Natijada Atirau shahri yaqini va Yoyiq daryosi deltasida ulkan yangi cho‘l hosil bo‘lgan.
Olimlarning aytishicha, Kaspiy suvining kamayib borayotganiga asosiy sabab – iqlim o‘zgarishi. Tog‘lardagi muzliklar erib ketishi natijasida daryolarning sathi pasayib, Kaspiyga quyiladigan suv miqdori kamayyapti. Dengizga tushadigan suvning 80 foizini ta’minlaydigan Volga daryosida Kaspiyga tomon suv oqimi 30 foizga kamaygan. Ayrim tadqiqotchilarga ko‘ra, asr oxirigacha dunyodagi eng yirik ko‘lning yarmi qurib ketishi mumkin.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Samarqand shahrida taksi haydovchisi 10 yoshli bolani itlar hamlasidan qutqarib qoldi. Voqea videosidan ko‘rinishicha, u yetib kelguniga qadar ikkita it bolani tishlab ulgurgan edi. Uning ahvoli yaxshi ekani, plastik operatsiya qilinishi aytilyapti. Samarqand shahar hokimi va IIB boshlig‘i 23 yoshli taksi haydovchisi Ismatjon Ibragimovga minnatdorlik bildirib, uni taqdirladi. Bolaga tashlangan itlar ushlanib, karantinga olingan, ularning egasi jarimaga tortilgan. Bu voqeadan keyin ayrim hududlarda mahalliy hokimliklar daydi itlarni o‘ldirishni boshlagani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Viloyatlarda reanimatog shifokorlarning maoshi 20 foizgacha pasayib ketgani ma’lum bo‘ldi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tushunarsiz sababga ko‘ra ularning haq to‘lash koeffitsiyentini 4-guruhdan 2-guruhga tushirgan. 6 oydan beri muammosini hal qilolmagan shifokorlar mas’ullarni sudga bergan. Hozir ish sudda ko‘rilyapti. Vazirlik reanimatologlar maoshini nega pasaytirgani yuzasidan shu paytgacha izoh bermagan.
Ichki ishlar vazirligi 44,6 mlrd so‘mga 7 mingta planshet sotib oldi. Surishtiruvlarga ko‘ra, bitta planshetga to‘g‘ri keladigan 6,4 mln so‘m narx internet-do‘konlardagi narxlar bilan solishtirganda anchagina qimmat. Tenderda bu narx bilan Litvaning Start Group kompaniyasi g‘olib deb topilgan. Bu firmada atigi bir kishi ishlashi, uning ustav fondi 3 ming yevroga ham yetmasligi aytilyapti. Kompaniya Litvada joylashgan bo‘lsa ham, sayti faqat rus tilida ishlashi, saytdagi rasmlardan birida Asakabank kartasi ko‘rinib qolgani ham shubhalarni oshiryapti.
UzAuto Motors Asakadagi zavodini 17 iyuldan to‘liq quvvatda qayta ishga tushirishini ma’lum qildi. Zavod faoliyati modernizatsiya ishlari sabab shu oy boshida vaqtincha to‘xtatilgandi. Kompaniya asosiy modellari sotuvini qachon boshlashi noma’lumligicha qolyapti. Eslatib o‘tamiz, Damas, Cobalt va Gentra uchun shartnoma berish to‘xtatilganiga 7 oydan oshgan.
Askiya va qiziqchilik san’atini rivojlantirish haqida qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, Marg‘ilonda Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi ochiladi. Budjet hisobidan askiyachilarning konsertlari, milliy va xalqaro tanlovlar o‘tkaziladigan bo‘ldi. Askiya va qiziqchilik san’ati haqidagi ilmiy tadqiqotlar hamda hajviy asarlar uchun davlat buyurtmasi beriladi. Bu maqsadlar uchun budjetdan necha milliard so‘m ajratilishi hozircha ma’lum emas.
Mavzuga oid
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024
Allamjonovga suiqasd, qonun ustuvorligida pasayish va Yevropaga yo‘l - hafta dayjesti
22:40 / 19.10.2024