O‘zbekiston | 15:18 / 14.07.2023
28343
8 daqiqa o‘qiladi

IIV Litvadan 44,6 mlrd so‘mga 7000 ta planshet sotib oldi. Faollar planshetlar narxi ancha arzonligini aytishmoqda

Tenderda g‘olib deb topilgan Litvaning Start Group kompaniyasi yetkazib berayotgan planshetlarning bir donasi taxminan 6,38 mln so‘mga tushmoqda. O‘zbekistonliklar xalqaro onlayn savdo platformalari, xususan, Alibaba’da xuddi shunday parametrdagi planshetlar ancha arzonligiga e’tibor qaratishgan. Shuningdek, tenderda g‘olib chiqqan kompaniyada atigi bir kishi ishlashi, firmaning ustav fondi esa 2896 yevro ekani aytilmoqda.

Foto: KUN.UZ

O‘zi nima gap?

3 iyul kuni IIV 7 ming dona planshet yetkazib berish bo‘yicha tenderni yakunladi. Davlat xaridlari portalida ma’lum qilinishicha, Litvaning Start Group kompaniyasi O‘zbekiston IIV xodimlari uchun tenderda g‘olib chiqqan va lot uchun 3,61 mln yevro (44 mlrd so‘m) taklif qilgan. Bir donasi taxminan 6,38 mln so‘mga tushgan planshetlar profilaktika inspektorlari, PPX xodimlari va boshqa xizmatlar ishini yaxshilashga yordam berishi kerak.

Sotib olingan planshetlardan ma’muriy bayonnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, qidiruvda bo‘lgan fuqarolar va o‘g‘irlangan transport vositalarining mavjud ma’lumotlar bazasiga tezkor kirish, qidiruvda bo‘lgan shaxslar asosida shaxsni aniqlash, IIV ma’lumotlar bazasiga kirishni ta’minlash hamda matnli hujjatlar, fotosuratlar va videolar, ovozli fayllarni yuborishda foydalanish ko‘zda tutilgan.

Foto: UzEx.uz

Tenderning boshlang‘ich bahosi 53,7 milliard so‘m etib belgilangan. Tanlovda 9 ta kompaniya ishtirok etdi, ulardan 7 tasi taqdim etilgan planshetlar namunalarida kamchiliklar tufayli diskvalifikatsiya qilingan. Tender komissiyasi qolgan ikkita kompaniyadan Start Group’ni 3,61 million yevro miqdoridagi summasi bilan g‘olib deb topdi, bu o‘sha paytda 44,66 milliard so‘mga teng edi (shunda bitta planshet narxi taxminan 6,38 million so‘mni tashkil qiladi).

7000 ta planshet uchun 50,5 milliard so‘m taklif etgan Solution Trade kompaniyasi esa zaxira g‘olib deb topilgan. Gazeta.uz’ning yozishicha, komissiyaning olti a’zosidan bittasi tender natijalariga rozi bo‘lmagan.

Foto: UzEx.uz

Texnik topshiriqda planshetlarning operatsion tizimi Android 9 yoki undan yuqori versiyalardan birida bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, protsessor chastotasi kamida 2 gigagersga, yadrolar soni kamida 9 ga teng bo‘lishi belgilangan. Tashqi xotirasi 64 gigabaytdan, operativ xotirasi 4 gigabaytdan kam bo‘lmagan planshetda barcha kerakli drayverlar o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.

Shuningdek, planshet barmoq izlarini tanish, shtrix kod va QR-kod, ID-karta va pasport ma’lumotlarini o‘qiy olish xususiyatlariga, maxsus sensor qalamiga ega bo‘ladi. Ekran 8 dyuymli, o‘lchamlari 1920x1200 piksel bo‘lishi lozim.

Planshetlarni xarid qilish budjet mablag‘lari va IIV budjetdan tashqari jamg‘armalari, ya’ni jarimalardan tushumlar va boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Xarid uchun asos sifatida hukumatning 2021 yil 15 oktyabrdagi qarori hamda prezidentning 2022 yil 16 maydagi farmoni va yig‘ilish protokoli keltirilgan.

Foto: IIV

O‘zbekistonda 2023 yil 1 yanvardan boshlab «E-patrul» tizimini bosqichma-bosqich joriy etish va fuqarolarni shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar organlariga olib borish amaliyotidan voz kechish kerak edi. Buni planshetlar orqali amalga oshirish zarur.

Bundan tashqari, 2022 yil 27 oktyabrda qabul qilingan hukumat qaroriga ko‘ra 2022 yil 1 noyabrdan 2023 yil 1 sentabrga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida fuqarolarning vaqtincha turgan joyi asosida maxsus planshet qurilmalari orqali elektron ro‘yxatga olish bo‘yicha eksperiment o‘tkazilishi belgilangan. Qarorga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari ikki oy ichida maxsus planshet qurilmalari bilan to‘liq ta’minlanishi kerak edi.

Bozor bahosidan ancha qimmatga olinayotgan planshetlar

Biroq ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ayni parametrlarga ega planshetlar bozor bahosidan ancha qimmatga sotib olinganini aytishmoqda. Xususan, Azamat Parda o‘g‘lining yozishicha, Litva kompaniyasi donasini 6,38 mln so‘mdan yetkazib berayotgan planshetlar bilan barcha xususiyatlari (konfiguratsiyasi, operatsion tizimi va h.k.) bir xil bo‘lgan qurilmalarni Alibaba platformasidan 335 dollardan (Markaziy bankning 14 iyuldagi kursi bo‘yicha 3 mln 880 ming so‘mdan), hatto undan arzonroqqa ham topish mumkin.

Foto: Facebook / Azamat Parda öğlı

Shu bilan birga, Alibaba platformasida 3,8 mln so‘mdan arzonroq va aksincha 5 mln so‘mdan qimmatroq takliflarni ham uchratish mumkin. Platformadagi eng qimmat takliflar ham Litva kompaniyasining taklifidan ancha arzonligini ta’kidlash joiz.

“Alibaba’da reklamada turgan rasmni o‘zgartirishga xam erinishgan. Xullas eksklyuziv muzokara qilmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri “klik” qilib sotib olsangiz 7000 donasi 36 milliard so‘m bo‘larkan”, deb yozgan Azamat Parda o‘g‘li.

Foto: Facebook / Azamat Parda öğlı

Ustav fondi 2896 yevrolik kompaniya

Start Group kompaniyasi Litvada ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, turli modeldagi zarbaga chidamli planshetlar, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh ratsiyasi, sanoat printerlari va boshqa mahsulotlarni sotadi. Biroq tarmoq foydalanuvchilarining fikricha, kompaniyani nufuzli deb bo‘lmaydi.

“Korxonaning bor-yo‘g‘i 1 ta xodimi bor. U ham bo‘lsa Maksim Abu Shaxra (ilgari O‘zbekistonda ishlagan). Korxona moliyaviy natijalari Yevropaning xalqaro firmalari darajasidan pastroqday. Birgina ustav kapitali miqdori 2896 yevro. Men mutaxassis emasman, albatta, lekin bunday kamtar ko‘rsatkichlar bilan nari borsa olibsotarlik firmasini ochish mumkin deb o‘ylayman”, deb yozgan Hasan Davkarov.

Foto: Facebook / Shuhrat Shokirjonov

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov Start Group kompaniyasining saytida kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar ro‘yxatida turgan va O‘zbekiston IIVga yetkazib berilayotgan planshetga Asakabank plastik kartasi suqilib turganiga e’tibor qaratgan.

“Litva kompaniyasining saytiga kirsangiz, litva tilini tanlash imkoni yo‘q, sayt faqat rus tilida. Lekin planshet modellaridan biriga atalgan sahifada unga «Asakabank» kartasi suqilgan turibdi.

Allomai zamon, IIV jamoatchilik kengashi raisi Yodgor Sa’diyev o‘zi ijro etgan rol qahramoni og‘zi bilan aytganlaridek, «bular bir ishniyam pinhona qilisholmaydi, qiyshiq barmoqlari oshkor qilib qo‘yadi». Eh, qorako‘zlar… Olaveringlar, davlatimiz kamayib qolmaydi”, deb yozadi jurnalist Facebook’dagi sahifasida.

Foto: IIV

“Bitta operatsiyada kamida 2,5 mln dollar sof foyda ko‘rish... Bu pulga qancha maktab, yo‘l, bog‘cha qursa bo‘lardi, demayman... Foydasi yo‘q, lekin shu tobda DXX qoshida eski OBXSS degan tashkilotga o‘xshagan bo‘lim ochilsa anchasining ishtahasi o‘ziga kelarmidi...”, deya qayg‘urgan Facebook foydalanuvchisi Xayrullo Mamasoliyev.

“Ortiqxo‘jayev planshet chiqarmayaptimi?”, deya kinoya qilgan Muyassar Yusupova.

Internet foydalanuvchilari Start Group mana shunday operatsiyalarda pul yuvish uchun ochilgan firma bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishgan.

Mavzuga oid