O‘zbekiston | 11:39 / 13.07.2023
16103
3 daqiqa o‘qiladi

Shovotdagi istirohat bog‘ida daraxtlar kesilmoqda

O‘tkazilgan jamoatchilik nazorati paytida o‘zlarini tadbirkor deb tanishtirgan shaxslar daraxtlarni kesishga tuman hokimi og‘zaki ruxsat berganini ma’lum qilgan.

Mamlakatning eng cho‘llashgan hududlaridan biri - Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi Komiljon Otaniyozov nomli dam olish va istirohat bog‘ida manzarali daraxtlar kesilmoqda. Tahririyatga yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra bunga mas’ullar yetarlicha e’tibor bermayapti. Daraxtlarning kesilishiga u yerda qurilish ishlari olib borilishi sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, 9 iyul kuni o‘zlarini tadbirkor deb tanishtirgan fuqarolar tomonidan bog‘ hududidagi bir nechta katta, manzarali daraxt kesib tashlangan. O‘zbekiston Ekologik partiyasiga ko‘ra, mahalla fuqarolari tomonidan o‘tkazilgan jamoatchilik nazorati paytida mazkur shaxslar harakati to‘xtatilgan. Daraxtlarni kesganlar bunga tuman hokimi tomonidan og‘zaki ruxsat berilganini bildirishgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur istirohat bog‘i Shovot tumani obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufida. Xorazm viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan bog‘da 3471 dona manzarali daraxt xatlovdan o‘tkazilgan. Boshqarma boshlig‘i unga murojaat qilgan fuqarolarga javoban bog‘dagi daraxtlarni muhofaza qilish bo‘yicha Shovot tumani obodonlashtirish boshqarmasiga ogohlantirish xati berilganini ma’lum qilgan. Biroq daraxtlarni kesish ishlari to‘xtamagan.

Aslida istirohat bog‘idagi qurilish ishlari xalq deputatlari Shovot tuman kengashining 2023 yil 21 fevraldagi qarori bilan boshlangan. Mazkur qaror ilovasining 10-bandida Komiljon Otaniyozov nomli istirohat bog‘ida yil davomida 14 ta attraksion o‘rnatish hamda 10 ta ko‘chma savdo shoxobchalarini joylashtirish uchun yer maydonini auksionga chiqarish belgilangan.

Hudud faollari ushbu qarordan so‘ng ko‘chma savdo shoxobchalari emas, qurilish ishlari boshlanib ketganini ta’kidlashmoqda. Ularga ko‘ra, daraxt o‘stirish qiyin bo‘lgan hududdagi istirohat bog‘ida qurilish ishlari sabab yashillik yil sayin kamayib boryapti.      

Bog‘ ichida qurilishni boshlab yuborgan tadbirkorlar daraxt kesishga hokim og‘zaki ruxsat berganini aytib turgan bir vaziyatda Shovot tumani hokimi Odilbek Artiqov hudud faollarini ko‘chma savdo obektlari tashkil etish va attraksionlar o‘rnatishda daraxtlarga zarar yetmaslik, bog‘ ichidagi piyodalar yo‘laklarini yopib tashlamasalik choralari ko‘rilishini aytib, “ovutgan”.

Xorazm viloyati Ekologiya boshqarmasi holat yuzasidan dastlabki o‘rganish boshlanganini, o‘rganish natijasi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirgan

Mavzuga oid