Qarshi shahrining sobiq hokimi 4 yilga qamaldi
2016-2019 yillarda Qarshi shahriga hokimlik qilgan Jamshid Fozilov 2022 yil oktyabrida qamoqqa olingandi. U mansab vakolatini suiiste’mol qilish va noqonuniy yer ajratish kabi jinoyatlar sodir etishda aybdor deb topilgan.
Qarshi shahrining sobiq hokimi Jamshid Fozilov 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 2023 yil 10 martdagi hukmi bilan Jamshid Fozilov Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2–qismi «a» bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi «a» bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash)ga asosan 2 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan», deyiladi xabarda.
Ayni paytda sudlanuvchi tomonidan ushbu hukm ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish uchun rasmiylashtirilmoqda.
- Ma’lumot uchun, Jamshid Fozilov 2016–2019 yillarda Qarshi shahar hokimi lavozimida ishlagan. 2018 yil dekabrida prezidentning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi vaqtida ushbu hokim keskin tanqidga uchragan, 2019 yil oktyabrida esa ishdan olingandi.
- Jamshid Fozilov Qarshi shahri hokimi vazifasida ishlagan davrida OAVda bir necha marta tadbirkorlarga nisbatan adolatsiz qarorlari uchun tanqidga uchragandi. Jumladan, u Qarshi shahridagi Markaziy dehqon bozorida «snos» masalalari va Yerqo‘rg‘on bozorlarida noqonuniy qurilishlar tufayli tanqid qilingandi.
Mavzuga oid
14:01 / 13.10.2024
“Ko‘p narsa hokimlarning saviyasiga bog‘liq” - vatanga qaytgan investor qanday to‘siqlarga uchradi?
19:17 / 30.09.2024
Bunaqada sohada kim qoladi? Yangibozor hokimi misolida dehqonlarga munosabat
16:56 / 25.09.2024
Bahodir G‘oyibnazarov hokimlikka qaytdi
18:30 / 20.09.2024