Afrikada to‘rt yil ichida sakkizinchi davlat to‘ntarishi. Nega bu tez-tez ro‘y beradi?
Gabonda harbiylar guruhi hokimiyatni qo‘lga olib, o‘tgan shanba kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari natijalarini bekor qildi va askarlarni qo‘llab-quvvatlab ko‘chalarga chiqqan fuqarolarni uylariga tarqalishga chaqirdi.

Foto: Reuters
Bu davlat to‘ntarishi muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda, u 2020 yildan buyon G‘arbiy va Markaziy Afrikada amalga oshirilgan sakkizinchi to‘ntarishga aylanadi.
Bir oygina oldin Nigerda ham harbiy to‘ntarish sodir bo‘lgandi.
2022 yilda Burkina-Fasoda ikki marta davlat to‘ntarishi ro‘y bergan, shuningdek Gvineya-Bisau, Gambiya hamda San-Tome va Prinsipi orol davlatida davlat to‘ntarishiga muvaffaqiyatsiz urinishlar bo‘lib o‘tgandi.
2021 yilda Afrika mamlakatlari olti bor davlat to‘ntarishiga urinishni boshdan kechirgan, shundan to‘rttasi muvaffaqiyatli chiqqandi.
O‘tgan yili Afrika ittifoqining yuqori martabali mulozimi Mussa Faki Mahamat «hukumat konstitutsiyaga zid ravishda almashishi an’anasi tiklanayotgani»dan xavotir bildirgandi.
Davlat to‘ntarishimi yoki yo‘q?
BBC’ning Nayrobidagi muxbiri Piter Mvaining qayd etishicha, Afrikaning ayrim regionlarida mustaqillikka erishilgandan keyingi o‘n yillar mobaynida harbiy to‘ntarishlar odatiy holatga aylangan. Keyin nisbatan barqarorlik davri kuzatiladi, ammo so‘nggi yillarda ularning soni yana o‘sa boshladi.
Davlat to‘ntarishini harbiy yoki fuqarolikdagi mulozimlarning amaldagi davlat rahbarlarini lavozimidan chetlatishga bo‘lgan noqonuniy va oshkora urinishi sifatida ta’riflash mumkin.
Amerikalik olimlar Jonatan Pauell va Kleyton Tayn tomonidan olib borilgan tadqiqotda aniqlanishicha, Afrikada 1950-yillardan buyon bu kabi 200 dan ortiq urinishlar kuzatilgan.
Ularning taxminan yarmi muvaffaqiyatli chiqqan.
Ba’zida davlat to‘ntarishi ishtirokchilari bu aynan davlat to‘ntarishi ekanini inkor etishadi.

2017 yilda Zimbabveda harbiy davlat to‘ntarishi natijasida Robert Mugabening 37 yillik boshqaruviga barham berilgandi. Ammo isyonchilarning yetakchilaridan biri, general-mayor Sibusiso Moyo televideniye orqali chiqishida bu harbiy davlat to‘ntarishi ekanini qat’iyan rad etgandi.
2021 yil aprelida Chad rahbari Idrissa Debining o‘limidan keyin armiya uning o‘g‘lini vaqtincha prezident deb e’lon qilishgan, u o‘tish davridagi harbiy kengashga rahbarlik qilgandi. Uning muxoliflari esa buni «sulolaviy to‘ntarish» deb atashgandi.
«Davlat to‘ntarishi yetakchilari deyarli hamisha ularning harakatlari to‘ntarish ekanini inkor etib, legitim bo‘lib ko‘rinishga urinishadi», – deya qayd etadi Pauell.
«To‘ntarishlar kamari»

Afrikada 1960 yildan 2000 yilgacha davlat to‘ntarishiga urinish holatlarining umumiy soni yiliga o‘rtacha to‘rttani tashkil etgan.
Pauellning hisoblashicha, mustaqillikdan keyingi yillarda ko‘plab davlatlar duch kelgan beqarorlik hisobga olinganda, bu ajablanarli emas: «Afrika mamlakatlarida qashshoqlik va past iqtisodiy ko‘rsatkichlar kabi to‘ntarishlar uchun tipik bo‘lgan sharoitlar mavjud edi. Biror mamlakatda davlat to‘ntarishi ro‘y berishi keyingisigacha ham ko‘p vaqt o‘tmasligini anglatardi».
XXI asr boshlarida davlat to‘ntarishlari soni kamaygandi, ammo so‘nggi yillarda yana o‘sish kuzatilmoqda.
2020 yilda birgina davlat to‘ntarishi ro‘y bergandi (Malida).
2021 yilda esa – beshtaga chiqdi (Chad, Mali, Gvineya, Sudan va Nigerda).
2022 yilda ham besh bor urinish bo‘lgan, shundan ikkisi – ikki holat ham Burkina-Fasoda – muvaffaqiyatga erishgan.
Kvazulu-Natal Universitetidan bo‘lgan Ndubuisi Kristian Anining hisoblashicha, uzoq muddat hukmronlik qilgan diktatorlarga qarshi xalq qo‘zg‘olonlari Afrikada davlat to‘ntarishlari ko‘payishiga olib keldi.
«Xalq qo‘zg‘olonlari qonuniy va xalq tomonidan boshqarilsa-da, ularning muvaffaqiyatini ko‘pincha harbiylar qabul qilgan qarorlar belgilab beradi», – degan u.
Malining sobiq tashqi ishlar vaziri Kamissa Kamaraning hisoblashicha, Sahelda, shimoli Sahroyi Kabirga, janubi tropik savannalarga tutashadigan va yarim qurg‘oqchil hududlardan iborat katta mintaqada so‘nggi yillarda davlat to‘ntarishlari nega buncha ko‘payib ketgani va mintaqa «to‘ntarishlar kamari» nomini olganini to‘liq tushuntiruvchi argumentlar ko‘p emas.
«Hozir bu region to‘ntarishlar poytaxti ekani haqidagi empirik baholash mutlaqo adolatli», – deydi Pauell.
«Bular bir-biridan farq qiluvchi davlatlar. Ularning qurolli kuchlari doim ham bir-biri bilan aloqada bo‘lmaydi. Ha, geosiyosat, xavfsizlik va madaniyat masalalarida ayrim o‘xshashliklar bor. Ammo hamma uchun yagona mantiqiy asos mavjud emas», – deydi ayni vaqtda Amerikadagi Tinchlik institutida Afrika bo‘yicha katta maslahatchi sifatida ishlayotgan Kamara.
Ammo Kamara, G‘arbiy Afrikadagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert, sobiq nigeriyalik harbiy, hozir esa Buyuk Britaniya fuqaroligini olib Porsmut universiteti ilmiy xodimi bo‘lgan Fatay Alli kabi Fransiyaning mintaqada siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan mavjudligini saqlab qolishini harbiy davlat to‘ntarishlari soni ko‘pligi omillaridan biri deb biladi.

Umuman olganda, Afrika istalgan qit’adagidan ko‘ra ko‘proq davlat to‘ntarishlarini boshdan kechirgan. 2017 yildan buyon ro‘yxatga olingan 18 ta davlat to‘ntarishidan deyarli barchasi Afrikada ro‘y bergan, faqat 2021 yilda Myanmada bo‘lgan to‘ntarish bundan mustasno.
Hokimiyatni egallab olishga urinishlarning eng ko‘pi Sudanda bo‘lgan – 16 ta, shundan faqat oltitasida muvaffaqiyatga erishilgan.
2019 yilda bir necha oy davom etgan namoyishlardan keyin mamlakatning ko‘p yillik rahbari Umar al-Bashir hokimiyatdan chetlatiladi. Bashirning o‘zi ham hukumat tepasiga 1989 yilda harbiy davlat to‘ntarishi orqali kelgandi.
Burkina-Fasoda (G‘arbiy Afrika) eng ko‘p muvaffaqiyatli davlat to‘ntarishlari ro‘y bergan – to‘qqizta, faqat bir urinish amalga oshmay qolgan.
Nigeriyada, 1966 yil yanvarida mustaqillikka erishilganidan 1993 yilda general Sani Abachi hokimiyatga kelguniga qadar sakkiz marta harbiy davlat to‘ntarishlari ro‘y bergan. Ammo 1999 yildan Afrikaning eng ko‘p aholi yashovchi mamlakati demokratik saylovlar yo‘liga o‘tadi.
Burundi tarixi o‘n bitta davlat to‘ntarishi bilan ajralib turadi, bu asosan ikki qabila - xutu va tutsi jamoalari o‘rtasidagi ziddiyatlardan kelib chiqqan.
Siyerra-Leoneda 1967-1968 yillarda uchta davlat to‘ntarishi bo‘lib o‘tgan, 1971 yilda – yana bitta. 1992-1997 yillarda mamlakatda yana besh bor davlat to‘ntarishiga urinish sodir bo‘lgan.
Ganada ham harbiy to‘ntarishlar bo‘lib turgan – yigirma yilda sakkiz bor. Ulardan birinchisi 1966 yilga to‘g‘ri keladi, o‘shanda Kvame Nkruma hokimiyatdan chetlatilgandi, keyingi yil esa armiyaning kichik zobitlarining davlat to‘ntarishi amalga oshirishga urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.
2021 yilda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish harbiy to‘ntarishlar yana odatiy holga aylanib borayotganini ta’kidlab, «geosiyosiy bo‘linishlar xalqaro hamkorlikka putur yetkazadi va... jazosizlik tuyg‘usi ustun kelmoqda» degandi.
Tavsiya etamiz
Leapmotor avtomobillarining O‘zbekistonga importi cheklangani yuzasidan izoh berdi
O‘zbekiston | 15:52 / 11.04.2025
“Yaqin kunlarda rekord issiqlik to‘lqini kutilmoqda” – iqlimshunos Erkin Abdulahatov
O‘zbekiston | 13:00 / 10.04.2025
O‘zbekistonliklarni haqoratlagan tiktoker qamoqqa olindi
Jamiyat | 09:52 / 10.04.2025
Xitoy o‘z fuqarolarini AQShga bormaslikka chaqirdi
Jahon | 22:59 / 09.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Ifo bosh direktori yangi global iqtisodiy inqirozni istisno etmadi
Jahon | 10:53
-
Rossiya Kiyev va Xarkivga dronlar bilan zarba berdi, jabrlanganlar bor
Jahon | 10:33
-
O‘zbekistonda Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiallari tashkil etiladi
O‘zbekiston | 10:11
-
Sirli eshiklar va yashirin yo‘laklar: Toshkent metrosi xavfsiz boshpana bo‘la oladimi?
O‘zbekiston | 10:00
Mavzuga oid

21:07 / 09.04.2025
Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishiga urinish bostirilgani e’lon qilindi

23:39 / 20.03.2025
Afrikadan hozirda yo‘qolib ketgan sayyoraga tegishli meteorit topildi

20:43 / 09.03.2025
Afrikaning 15 ta davlati 2024 yilda internetni bloklash bo‘yicha rekord o‘rnatdi

20:59 / 06.03.2025