Ortda qolayotgan hafta davomida mamlakatimizda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar sharhi bilan Kun.uz dayjestida tanishing.

700 ming bola uchun birinchi qo‘ng‘iroq chalindi

Hafta ta’lim dargohlarida yozgi ta’til tugab, yangi o‘quv yilining start olishi bilan boshlandi. 4 sentabr kuni O‘zbekiston bo‘ylab 700 mingdan ortiq bola 1-sinfga qadam qo‘ydi. Ularga berilgan 12 turdagi o‘quv anjomlaridan iborat prezident sovg‘asi to‘plami avvalgilardan biroz farq qiladi. Sovg‘alar oldingidek qiz va o‘g‘il bolalarga alohida emas, balki ularning ikkalasiga ham mos tushadigan rang va dizaynda ishlab chiqilgan.

Bu yil maktab bitiruvchilari soni 400 ming, 1-sinfga qabul qilinganlar esa 700 mingdan ortiq bo‘lgani hisobiga, maktab o‘quvchilari soni 300 ming nafarga ko‘payib, jami 6,5 million nafardan oshdi. Bolalar hafta davomida maktablarida qiziq bir o‘zgarishga duch keldi: maktablarda chet ellik o‘qituvchilar paydo bo‘ldi. Ingliz tilini o‘qitishni kuchaytirish maqsadida bu yil til egalari bo‘lgan 500 nafar xorijlik pedagog xalq ta’limi tizimiga jalb etilyapti. Kelasi yil yana 1,5 ming nafar shunday mutaxassis olib kelinishi ko‘zda tutilgan.

Yangi o‘quv yilini ko‘tarinki ruhda boshlash uchun studentlarda ham sabab yo‘q emas. Davlat oliygohlarida barcha bosqich talabalari uchun to‘lov-kontrakt miqdori oshirilmaydigan bo‘ldi. 1-kurslar uchun super-kontrakt miqdorlari ham o‘zgarishsiz qoldi. Yetarli ball to‘play olmaganlar oshirilgan summani 15 oktyabrgacha to‘liq to‘lasa, 10 foiz chegirmaga ham ega bo‘ladi. Tibbiyot oliygohlarida super-kontraktni olib tashlash bo‘yicha yangilik bo‘lmadi, aftidan, Sog‘liqni saqlash vazirligining bu boradagi taklifi inobatga olinmaganga o‘xshaydi