O‘zbekiston | 16:42 / 04.09.2023
13096
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi darsliklar va xorijlik “til egalari” – 700 mingdan ortiq bolalar uchun ilk o‘quv yili boshlandi

Yangi o‘quv yilida boshlang‘ich sinflar uchun o‘quv dasturlari yangilanib, jahon standartlariga mos yangi darsliklar chop etildi. 1-sinfga qabul qilingan bolalar uchun 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” topshirildi.

4 sentabr kuni O‘zbekiston bo‘ylab 10 mingdan ortiq maktablarda 2023/2024 o‘quv yili boshlandi. Kun.uz muxbiri Toshkent shahridagi 190-maktabda bo‘lib, birinchi qo‘ng‘iroq tadbirini kuzatdi.

Yangi o‘quv yilida mazkur maktabda 10 ta 1-sinf ochilgan (1A–1K). 

“Davlat rahbarimiz tashabbusi bilan o‘quvchilarga bitta kasb va ikkita xorijiy til o‘rgatish ham asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Buning uchun Respublikamizga 500 dan ortiq xorijiy til o‘qituvchilari kirib keldi va turli hududlarda o‘z faoliyatini boshlaydi. Bundan tashqari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining malakalari oshirildi yangi dastur bo‘yicha dars o‘tishlari uchun. Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, o‘tgan o‘quv yilida 400 mingga yaqin o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, bu yil 700 mingdan ortiq o‘quvchi birinchi sinfga chiqyapti.

Prezident sovg‘alari oldingidek qiz va o‘g‘il bolalarga alohida emas, balki ikkalasiga ham tushadigan rang va dizaynda taqdim etildi.

Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

Davlat rahbari tomonidan yangi o‘quv yili oldidan kengaytirilgan video selektor ham o‘tkazildi. 4 ta yo‘nalishda asosiy vazifalar qo‘yildi. Birinchidan o‘qituvchi va murabbiylarning malakasini oshirish. Ikkinchidan, o‘quv dasturlari masalasi, prezident maktablari, ixtisoslashgan va ijod maktablarining 4 yillik sinovdan o‘tgan dasturlari umumiy o‘rta ta’lim maktablariga joriy qilinadi. Hozirda 500 maktabga joriy qilindi, agar o‘zini oqlasa, keyingi yildan ustamalar qo‘shiladi. Uchinchidan, direktorlar masalasi, bunda faqat Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish institutidan tavsiya etilgan nomzodlar tayinlanadi, viloyatlarda direktorlar kengashi ham tuzildi ular bilan suhbat qilish uchun. To‘rtinchidan esa mavjud maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, yangi maktablar qurish bo‘yicha mas’ullarga qator topshiriqlar berildi”, — deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev.

Birinchi qo‘ng‘iroq tadbirida mahalliy hokimlik, jamoatchilik vakillari, o‘quvchilarning ota-onalari hamda maktabning taniqli bitiruvchilari ham qatnashdi.

Qayd etish joiz, joriy o‘quv yilida 1-sinfga qabul qilingan 700 mingdan ortiq bolalarga 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” topshirildi.

Mavzuga oid