To‘lov tashkilotlariga transchegaraviy pul o‘tkazmalari va xalqaro to‘lovlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish taqiqlandi
“Oson” to‘lov tizimi jarimaga tortilishi fonida, fintex kompaniyalarga xalqaro to‘lovlar va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish taqiqlangani ma’lum bo‘ldi. Regulyator iste’molchilarni bu xizmatlardan foydalanish uchun tijorat banklariga murojaat qilishga chaqirdi.
O‘zbekistondagi bir nechta to‘lov tizimlari 5 sentabrdan boshlab xalqaro to‘lovlar va transchegaraviy pul o‘tkazmalari bo‘yicha amaliyotlarni to‘xtatmoqda.
Bu – Markaziy bank tomonidan to‘lov tashkilotlariga transchegaraviy xalqaro tranzit operatsiyalarini amalga oshirish taqiqlangani bilan bog‘liq.
Bu taqiq fonida, bir necha kun oldin Rossiyadagi ko‘plab vatandoshlar O‘zbekistonga pul yuborishda foydalanadigan “Oson” servisi regulyator tomonidan jarimaga tortilgan edi.
5 sentabr kuni Markaziy bank kiritilgan cheklov va jarima yuzasidan bayonot berdi.
Bayonotda aytilishicha, “Brio Group” MChJ (Oson) to‘lov tashkiloti Ichki nazorat qoidalarining 31¹-bandi talablari, ya’ni oluvchisi va (yoki) jo‘natuvchisi haqidagi talab qilingan ma’lumotlarni aks ettirmasdan va ushbu turdagi xalqaro pul o‘tkazmalarini aniqlash bo‘yicha asosli va imkoni mavjud bo‘lgan zaruriy choralarni ko‘rmagan.
“Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, rezident yuridik shaxslarga chet elda hisobvaraqlar ochish va undagi valuta mablag‘larini tasarruf etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumatining qarorlari doirasida amalga oshirilishi mumkin.
Biroq, amaliyotda “Brio Group” MChJ (Oson) to‘lov tashkiloti xorijiy bankda hisobvaraq ochib, mazkur bank hisobvarag‘i orqali yuqoridagi qonun talablariga zid ravishda amaliyotlar o‘tkazgan”, – deya qayd etgan Markaziy bank.
Ta’kidlanishicha, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga asosan, to‘lov tashkiloti – bank hisoblanmaydigan, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxsdir. Shuningdek, to‘lov tashkilotlari Markaziy bank litsenziyasi asosida respublika hududida to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega.
“Shu bilan birga, to‘lov xizmatlari – to‘lov yetkazib beruvchining (to‘lov tashkiloti) to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchiga (mijozga) ko‘rsatadigan xizmati bo‘lib, bunda to‘lov tashkilotlari bevosita tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchi yoki sotuvchi sifatida ishtirok etmaydi va to‘lovlarini chet eldagi benefitsiarlarga yetkazib berish hamda ulardan qabul qilish xizmati ular uchun tashqi savdo operatsiyasi hisoblanmaydi.
Shu munosabat bilan, regulyator to‘lov tashkilotlari o‘z mijozlarining to‘lovlarini chet eldagi benefitsiarga yetkazib berish amaliyotlarini tashqi savdo operatsiyasi sifatida tasniflab, qabul qilingan mablag‘larni boshqa valutalarga ayirboshlashlari, shuningdek, transchegaraviy va davlatlararo tranzit tashkiloti sifatidagi operatsiyalarda ishtirok etishlari qonunchilikka muvofiq emas”, – deyiladi bayonotda.
MB O‘zbekiston Respublikasida xalqaro to‘lov xizmatlari va transchegaraviy pul o‘tkazmalari, shuningdek, xalqaro onlayn xizmatlarga to‘lovlar bo‘yicha hech qanday cheklovlar o‘rnatilmagani, to‘lovlarni tijorat banklarining platformalari orqali amalga oshirish mumkinligini ta’kidlagan.
Markaziy bank “Brio Group” MChJ (Oson) to‘lov tashkilotini jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining talablarini buzganlikda ayblab, avgust oyi oxirida jarimaga tortgan edi.
Kompaniya 5 sentabr kuni Kun.uz'ga taqdim etgan izohida, jarima bo‘yicha Markaziy bankka barcha so‘rovlarini qaytarib olishini va jarimani to‘lashini ma’lum qildi. To‘lov tizimi, shuningdek, regulyatorning siyosatini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, chunki bu qaror “tranzaksiyalar xavfsizligini ta’minlaydi”.
“Foydalanuvchilar to‘lovlarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bizning regulyator bilan fikrimiz yakdil”, – dedi OSON asoschisi va rahbari Farhod Mahmudov.
“Bu voqea kompaniyaga qattiq ta’sir qildi. Endi bosh direktor sifatidagi asosiy vazifam – yuz nafardan ortiq xodimlarimni saqlab qolish. OSON butun fintex banklar bilan birgalikda ilovaning funksionalligini tiklash jarayonini boshlab yubordi, oxir-oqibat millionlab foydalanuvchilar jabr ko‘rmasligi uchun ko‘p ish qilinishi kerak.
Kompaniyaning yetti yillik faoliyati davomida biz regulyatorga nisbatan doimo hisobdor va shaffof bo‘lib kelganmiz. Katta fintex hech qachon pul tranzaksiyalari uchun tahdid bo‘lmagan, ammo bu texnologiyani rivojlantirish uchun keng ko‘lamli boshqaruv va strategik irodani talab qiladi. Banklar bilan ishlash tizimi sanoat uchun katta sinov, texnik va hujjatlashtirilgan murakkab jarayon. Biz bu borada o‘zaro hamkorlikka umid qilamiz va oxir-oqibat bu o‘zgarishlarning barchasi bozor rivojlanishini to‘xtatib qo‘ymasligiga ishonamiz”, – dedi Mahmudov.
To‘lov tashkilotlariga xalqaro tranzaksiyalarni amalga oshirish taqiqlanishi endilikda ular tomonidan xalqaro pul o‘tkazmalari, onlayn o‘yinlar va xorij kompaniyalariga turli maqsadlardagi to‘lovlar kabi xizmatlar ko‘rsatilmasligini, bu xizmatlarni faqat banklar ko‘rsata boshlashini anglatadi.
5 sentabr kuni, bu borada regulyator bayonoti e’lon qilinishidan oldin, O‘zbekistondagi qator tijorat banklari o‘zlarining rasmiy saytlarida bir xil bayonotni e’lon qilish bilan, MBning to‘lov tizimlariga nisbatan qarorini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Bayonotga ko‘ra, bu qaror O‘zbekiston moliya tizimi, xususan banklar va fintex bozorini xalqaro savdo va moliya tizimidagi xatarlar, xususan sanksiyalar bilan bog‘liq xavflardan himoya qilishga qaratilgan.
Banklar yangi kiritilgan taqiqqa asos sifatida quyidagilarni sanab o‘tgan:
1. O‘zbekiston to‘lov tashkilotlari xalqaro fintex bozorlarida (Rossiya, Qozog‘iston, boshqa MDH davlatlari, Yevropa va h.k.) moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatish uchun o‘sha davlat yoki iqtisodiy hududning moliyaviy regulyatori tomonidan berilgan litsenziyaga ega bo‘lishlari kerak. Bu holat O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovlar va to‘lov tizimlari” to‘g‘risidagi qonunida ham e’tiborga olingan bo‘lib, bu qonunga asosan to‘lov tashkilotlari to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida Markaziy bankning tegishli litsenziyasiga asosan yetkazib beradi. To‘lov tashkilotlari chet el davlat benefitsiarlari tomonidan bajarilgan xizmat yoki tovarlar uchun to‘lov xizmatlarini yetkazib berish faoliyatini amalga oshirish uchun benefitsiar ro‘yxatdan o‘tgan davlatning tegishli idoralaridan litsenziya olgan bo‘lishi kerak.
2. O‘zbekiston banklari tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olishda Markaziy bank tomonidan qo‘yilgan talablarni bajarishlari shart bo‘lib, bular asosan kadrlar, infrastruktura, ichki me’yoriy hujjatlar, kapital yetarliligiga oid talablardan iborat va to‘lov tashkilotlarida odatda bu kabi talablarni bajarish imkoniyati mavjud emas. Xususan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari bo‘yicha chet davlat benefitsiarlarini to‘liq identifikatsiyadan o‘tkaza olmaslik to‘lov tashkilotlari va umuman bank-moliya tizimi uchun xatarlarni keltirib chiqaradi.
3. Xalqaro miqyosdagi yirik moliyaviy tashkilotlar tomonidan shakllantirilgan sanksiyaviy ro‘yxatlar va ulardagi o‘zgarishlarni doimiy monitoring qilib borish, sanksiya qo‘llangan yuridik va jismoniy shaxslarning moliyaviy operatsiyalarini cheklashga oid talablarni bajarish keng miqyosdagi moliyaviy, texnologik va kadrlar bilan bog‘liq resurslarni talab qiladi va to‘lov tashkilotlari tomonidan ushbu talablarni bajara olmaslik umumiy O‘zbekiston bank-moliya tizimiga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi.
Mavzuga oid
19:05
Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonga kirishni nega rad etayotgani ma’lum bo‘ldi
11:21
Markaziy bank Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashiga a’zo bo‘ldi
19:16 / 12.12.2024
“Eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni ayirboshlashda cheklovlar yo‘q” – Markaziy bank
13:16 / 12.12.2024