Iqtisodiyot | 18:55 / 04.09.2023
20812
2 daqiqa o‘qiladi

QQB Biznesni rivojlantirish bankiga aylantirildi

Bank huzurida Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi va kichik biznesga ko‘maklashish markazlari tashkil etiladi.

Foto: Qishloq qurilish bank axborot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan 2023 yilgi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha qaror imzoladi.

Unga ko‘ra, “Qishloq qurilish bank” ATB negizida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tashkil etildi.

Uning faoliyati ustuvor ravishda kichik biznes sub’yektlarining loyihalarini moliyalashtirish va ularga kompleks xizmatlar ko‘rsatishga yo‘naltiriladi.

Biznesni rivojlantirish banki huzurida quyidagilar tashkil etiladi:

  • xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari, xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali istiqbolli kichik biznes loyihalarini amalga oshiradigan “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” MChJ;
  • kichik tadbirkorlik sub’yektlariga biznes loyihalarini ishlab chiqish, moliyalashtirish va ishga tushirishga ko‘maklashish, ularga konsalting xizmatlarini ko‘rsatishga mas’ul bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 14 ta kichik biznesga ko‘maklashish markazlari.

Bundan tashqari, Biznesni rivojlantirish banki tomonidan vakolatli banklar bilan birgalikda kichik biznes loyihalari uchun qulay shartlarda 7 yilgacha bo‘lgan muddatlarda kreditlar ajratiladi.

Shuningdek, ijobiy kredit va soliq tarixiga ega hamda kichik biznesga ko‘maklashish markazlari yordamida loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatini kengaytirish uchun kreditlar ajratishda ularga garov talabi 50 foizga kamaytiriladi.

Ma’lumot uchun, prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvda Biznesni rivojlantirish bankining faoliyati, ishlash uslubi va moliyalashtirish mexanizmlari yangicha bo‘lishi, bank kichik biznesga ko‘maklashishini aytgandi

Mavzuga oid