O‘zbekiston | 12:10 / 20.09.2023
5898
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda sun’iy intellektni o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo markazi tashkil etilishi mumkin

Senat raisi Koreya ko‘magida Toshkent shahrida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, malakali kadrlar tayyorlash va mintaqadagi barcha mamlakatlar ehtiyojlari uchun ommabop IT-mahsulotlarni ishlab chiqishga yo‘naltirilgan sun’iy intellektni o‘rganish va rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo markazini tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Foto: Getty Images

Senat raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya shu kunlarda amaliy tashrif bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida mamlakat delegatsiyasi Seul shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlament spikerlari yig‘ilishida ishtirok etdi.

Parlamentlararo hamkorlikning “5+1” formatida tashkil etilgan mazkur platformadan ko‘zlangan maqsad   - mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali muloqotni yanada mustahkamlashga yangi sur’at va mazmun berishdan iborat.

Tadbirning asosiy sessiyasi “Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik istiqbollari va ustuvor yo‘nalishlar: keyingi 30 yil uchun shiddatli harakat” mavzusiga bag‘ishlandi.

Xalqaro muloqot davomida bir qator takliflar ham ilgari surildi. Xususan, texnologiyalar, innovatsiyalar va yashil iqtisodiyot sohasida parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, muqobil energiya va “yashil” vodorod ishlab chiqarish sohasida Koreya sarmoyalarini jalb qilish va yangi texnologiyalarni joriy etish kabi masalalar shular jumlasidandir.

Kunning ikkinchi yarmida yig‘ilish ikki sessiyaga bo‘lingan xolda o‘z ishini davom ettirdi. “Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik” mavzusiga bag‘ishlangan sessiyada bugungi kunda dunyoda tobora kuchayib borayotgan qarama-qarshilik va nizolar, jahon iqtisodiyotidagi salbiy tendensiyalar, beqaror xalqaro savdo-iqtisodiy munosabatlar sharoitida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni, jumladan, parlamentlararo muloqot orqali sa’y-harakatlarni birlashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Sessiyada Senat raisi o‘z fikrlarini bildirib, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish mintaqaviy hamkorlikning asosiy drayveri bo‘la olishi, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishda parlament ko‘magi muhimligini qayd etdi.

“Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasida raqamli transformatsiya sohasidagi hamkorlik” mavzusidagi sessiyada esa ishtirokchilar e’tibori iqtisodiy taraqqiyot va Markaziy Osiyoning jahon miqyosidagi mavqeyini mustahkamlashda raqamlashtirish jarayonlarining muvaffaqiyati va iqtisodiyotning turli tarmoqlariga sun’iy intellektning keng joriy etilishi masalalariga qaratildi.

Sessiyada Senat raisi Koreya Respublikasi ko‘magida Toshkent shahrida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, malakali kadrlar tayyorlash va mintaqadagi barcha mamlakatlar ehtiyojlari uchun ommabop IT-mahsulotlarni ishlab chiqishga yo‘naltirilgan sun’iy intellektni o‘rganish va rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo markazini tashkil etish hamda raqamlashtirish sohasida Koreyaning yetakchi universitetlari bilan ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish takliflarini ilgari surdi.

Yig‘ilishda “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” parlamentlararo hamkorlikning navbatdagi yig‘ilishini 2024 yilda Ashxobodda o‘tkazish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Tadbir so‘nggida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari spikerlarining birinchi yig‘ilishining qo‘shma deklaratsiyasi qabul qilindi.

Mavzuga oid