«Zilzila deb qo‘rqib ketgandik» - Sergelidagi aholi vakillari portlashdan keyingi daqiqalar haqida
Portlash to‘lqini omborxona yaqinidagi uylar derazalarini sindirib, eshiklarni uloqtirib yuborgan.
Kun.uz muxbiri Sergeli tumanida portlash ro‘y bergan hudud aholisi vakillari bilan suhbatlashdi.
«Hamma yoq yop-yorug‘ bo‘lib ketdi. Osmonga qarasak, portlashning zarralari tushib kelyapti. Gupillab ketdi. Qo‘rqib ketdik.
Xo‘jayinim derazadan qarab zilzila bo‘lmadi deb aytdi. Portladi dedi. Keyin o‘zimni bosib, bolalarni kiyintirib pastga tushdim. Biz zilzila deb qo‘rqib ketdik.
Kechqurun hamma uxlaydi. Eshiklarimiz otilib, qizimning ustiga tushishiga ozgina qolibdi. Yigirma santimetr ham qomagan, shunday yonida yotibdi. Eshiklarimiz otilib ketgan, derazalarimiz to‘kilib tushgan. O‘zimiz zarar ko‘rmadik, alhamdilulloh, Alloh o‘zi asradi», — deydi omborxona yaqinidagi ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi xonadon egalaridan biri.
Shu hududda ijarada yashovchilardan biri unga zarar yetmagani, lekin kvartira derazasi oynalari sinib ketganini aytdi.
«Biz bu yerda kvartirantmiz. 3 oylik chaqaloqqa qarardim. Pod’yezdda janjal bo‘lib ketdi. Chiqsak, pod’yezd qon. Shu bilan ertalab soat 05:00 gacha ko‘chada bo‘ldik. Uyimiz oynalari zarar ko‘rdi. Biroq shukrki, o‘zimizga hech narsa qilmadi», — dedi ayol.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in haqida 02:43 da xabar topgani ma’lum bo‘ldi. Uni o‘chirishiga 16 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 3 ta avtonarvon jalb qilindi. Yong‘in 05:02 da qurshab olindi. O‘chirish ishlariga vertolyotlar jalb qilindi.
Portlash oqibatida 16 yoshli o‘smir vafot etdi. Jabrlanganlar umumiy soni 163 nafar ekani, shundan 138 kishiga salomatligi yaxshi bo‘lgani uchun ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgani, yana 24 kishi shifoxonalarda qolayotgani aytildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan holat yuzasidan hukumat komissiyasi tuzildi. Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida komissiya omborxonada sodir bo‘lgan favqulodda hodisani o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ish olib boradi.
Shuningdek, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi «a» va «b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Portlash natijasida jabrlangan uy egalariga zarar qoplanishi bildirildi. «Moddiy zarar 2-3 kun ichida qoplanadi, bu muammolarni hal qilamiz», degan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov.
Mavzuga oid
09:53 / 03.11.2024
Toshkentda Spark bilan to‘qnashgan Matiz ag‘darilib ketdi
10:35 / 03.10.2024
9 yoshli qizning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda - Toshkent shahar IIBB
14:28 / 20.09.2024
Sergelida BYD urib yuborgan o‘quvchi qiz vafot etdi
09:27 / 10.07.2024