Sergelida xususiy korxonaning omborida ro‘y bergan portlash oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha xarajatlar va ko‘rilgan zararlar keyinchalik voqeada aybdor deb topilgan shaxslardan undiriladi. Bu jarayonda moddiy va ma’naviy zarar ko‘rgan fuqarolar va tadbirkorlar qanday yo‘l tutishi lozim? Bu haqdagi savollarga advokat javob beradi.

Toshkentdagi xususiy yuk omborida sodir bo‘lgan fojia oqibatida 26 ta domdagi qariyb 600 ta xonadon, 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, bitta maktab va ikkita bog‘cha binolari zararlangan. Rasmiylarga ko‘ra, portlash oqibatida 163 kishi jabrlangan va 1 nafar o‘smir vafot etgan.

Ayni vaqtda hukumat barchaga yordam bermoqda. Portlash sodir bo‘lgan omborxona egasi — Interlogistics kompaniyasiga nisbatan ish ochilgan, tergov surishtiruv ishlari ketyapti. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, talafot summasi 5,5-6 mlrd so‘mga baholanyapti. Bosh vazir matbuot kotibi bu summa 10 mlrd so‘mgacha oshishi mumkinligini aytdi.

Hozir tezkorlik bilan zarar ko‘rgan uylarga hokimlik tomonidan yordam berilib, ta’mirlanmoqda. Aslida bu zararni kim qoplab berishi kerak? Advokat Ruslan Sodiqov bu haqda bizga tushuntirib beradi.

— Davlatda xalqni og‘ir ahvolda qoldirib qo‘ymaslik missiyasi bor. Shundan kelib chiqib, me’yoriy hujjatlar asosida davlat yordam beradi. Keyingi vaziyatda davlat o‘ziga yetgan zararni qanday qoplaydi, degan savol qo‘yadigan bo‘lsak. Bu borada Sergeli tumanidagi sodir bo‘lgan yong‘in natijasi bo‘yicha JKning 259-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida bir qancha tergov harakatlari amalga oshiriladi, ya’ni sud qurilish-texnik ekspertizasi, tovarshunoslik ekspertizasi — bular yetgan zararlarni hisoblab beradi. Shuningdek, birinchi navbatda yong‘in-texnik ekspertizasi o‘tkaziladi. Buning muhimligi shundaki, bu turdagi ekspertiza yong‘in kelib chiqishi sabablarini aniqlaydi va bu orqali aybdor shaxslar aniqlanadi.

Ruslan Sodiqov

Davlat budjetiga yetgan zararlar jinoyat ishlari doirasida aniqlanadi. Ayblanuvchi topilgach, ulardan ko‘rilgan zararni undirish jarayonlari tergov davridayoq boshlanadi. Zarar qoplangach, ayb xususiyatiga ko‘ra, qandaydir yengilliklar berilishi mumkin. Hukmdan keyin ham zarar qoplanmasa, uni qoplash bo‘yicha prokuratura tomonidan qayta ariza kiritiladi. Lekin aytganimdek, tergov, sud muhokamasi jarayonidayoq zararni undirish ishlari boshlanib, sudgacha hal qilishga uriniladi. Ombor ham sotuvga qo‘yilib, o‘zidan zarar qoplanish choralari ko‘rilishi mumkin. Ta’sischilar jinoiy javobgarlikka tortilsa, ularning shaxsiy mol-mulkidan ham zarar undirilishi mumkin. Xulosa qilganda, davlatga yetgan zarar javobgarlikka tortilgan shaxsdan undiriladi.