Jamiyat | 16:48 / 28.03.2025
3329
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘ldagi ko‘p qavatli uyda gaz portladi

Hodisa oqibatida ikki kishi 60 foiz kuyish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Tuman hokimligiga ko‘ra, uy to‘liq bitkazilib topshirilmagani sababli bu yerda boshqa fuqarolar yashamaydi.

Foto: Yangiyo‘l tumani hokimligi

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi ko‘p qavatli uylarning birida to‘planib qolgan gazning chaqnashi oqibatida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa 27 mart kuni soat 21:50 atrofida tumanning Gulbahor mahallasi Gulbahor ko‘chasidagi 1-uyning 2-qavatidagi 5-xonadonida ro‘y bergan.

Oqibatda xonadon egalari — 55 yoshli B.A. va uning 51 yoshli turmush o‘rtog‘i O‘.A. tanasining 60 foiz kuyishi tashxisi bilan tuman markaziy shifoxonasiga murojaat qilgan.

Portlash oqibatida besh qavatdan iborat uyning 3 qavatidagi xonadonlar oynalari singan.

«Mazkur uy to‘liq bitkazilib topshirilmagani sababli bu yerda fuqarolar yashamasliklari aniqlandi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 1 mart kuni Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan ko‘p qavatli uylarning biridagi xonadonda ham gaz portlagani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid