Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pedofiliyadan ogoh bo‘ling! Bolalikda zo‘ravonlikka uchraganlar hikoyalari
Ijtimoiy tarmoqlar orqali bolaligida zo‘ravonlikka uchraganlardan o‘z hikoyalarini bo‘lishishlarini so‘radik. Odatda bunaqa xotirani eslash og‘riqli, ammo boshqa bolalarni himoya qilish, ota-onalarni ogohlantirish uchun bunga rozi bo‘lgan ayrim qahramonlar topildi.
Bugun birorta bola bundan himoyalanmagan. Chunki ular doim ham biz xavfsiraydigan qo‘rqinchli joylarda emas, ko‘chada, maktabda, mahallada, qo‘shnimiznikida bo‘lishlari mumkin. Ayanchlisi esa ba’zida o‘z yaqinlarimiz orasida ham bo‘lishadi.
1-hikoya:
— Yoshim 25da. 9 yoshimda ota-onam meni va ikkita ukamni buvimning qaramog‘ida qoldirib, chet elga ishlagani ketishdi. Bobom o‘tib ketgan, yolg‘iz yashaydigan buvimning hovlisi bobomning ukalari, ya’ni onamning amakilari yashaydigan hovliga tutash edi. U yerda o‘sha amakilarning o‘g‘li va oilasi yashardi. Amakivachchamiz o‘sha vaqtlarda taxminan 30 yoshlar atrofida edi. Buvim yolg‘iz yashagani uchun tez-tez chiqib og‘ir ishlarda yordam berib turishardi. Shuning uchun oyim, xolalarim bu qarindoshlarini juda hurmat qilishar, ishonishardi. Bu hovlida yashay boshlaganimizdan keyin ikki oylar o‘tib hovli etagida o‘rik terib yurganimda amakivachchamiz chiqib kelib menga tepa shoxdagilaridan uzib berishimni so‘radi. Olib berayotganimda bilagimni ushlab silab o‘tdi. G‘alati bo‘ldim, seskanib ketdim. Menga shunday tuyuldimi deb o‘yladim.
Bir kuni buvim uyda yo‘q edi. Ukalarim bilan qoldik. Shunda qarindoshimiz kirib keldi-da 6 yoshli ukam ikkalamizni bitta xonaga qamab qo‘ydi. O‘sha kunni eslasam o‘zimdan uyalaman. Bizdan yomon harakatlar qilishimizni so‘radi. Ukam bunaqa qilmasligini aytib, ko‘ziga yosh oldi. U odam bizga agar uning aytganini qilmasak yoki birovga bu yerdagi ishlarni aytsak – ota-onamizni o‘ldirib yuborishlarini, keyin umuman ularni ko‘rmasligimizni aytdi.
Orada bizni sog‘ingan onam bir oyga O‘zbekistonga kelganida men hammasini – amakimiz bizga qilgan ishlarini aytib berdim. Keyin onam janjal ko‘tardi, uyimizda janjal bo‘ldi. Lekin bizga hech kim ishonmadi. Bizni tuhmatchiga chiqarishdi. Onamni, ukalarimni sharmanda qildi. U yerdan haydab yuborishdi, onam bechora uch bola bilan ijaraga chiqib ketdi. Hatto otam ham meni aybladi, men qanday aybdor bo‘laman? Yosh bola bo‘lsam... Onamga "qizingga tarbiya bermagansan" dedi. Onamga qiyin bo‘ldi, uch bolaga qarasinmi, ishlasinmi?..
Yoshligimni eslashni xohlamayman, to‘g‘risini aytsam.
***
Siz pedofillarni qanday tasavvur qilasiz? Ular turli ko‘rinishlarda bo‘lishadi. Yangihayotdagi Muslimaning, Farg‘onadagi Marjonaning qotillari kabi vahshiy bo‘lishlari ham mumkin. Ba’zilari esa mehribon, oqko‘ngil inson sifatida ishonchni qozonishadi. Masalan, mana bu hikoyada 8 yoshida o‘zining o‘gay otasi tomonidan zo‘rlangan qiz taqdiri bilan tanishing.
2-hikoya:
— Juda kichkinaligimda ota-onam ajrashib ketishgan, chunki dadam ichkilikka berilib ketgan ekan. Tanimayman ham o‘zimning otamni. Shundan keyin 4 yasharligimda onam boshqa turmush qurgan. Bu turmushidan boshqa farzandlar ham tug‘ilgan – singlim, ukam bor.
O‘gay otam ichki ishlar tizimida ishlar, tabiatan ancha qattiqqo‘l, qo‘rsroq odam edi. Lekin menga juda mehribon edi. Menga shirinliklar, o‘yinchoqlar olib kelardi. 6 yoshlar paytimda eslayman, meni o‘pib-erkalab quchoqlardi. Buni men otalik mehri deb tushunganman. O‘zimning otam bo‘lmagani uchun bundan yanayam xursand bo‘lardim. Onam ham xursand bo‘lardi "Turmush o‘rtog‘im o‘zining qiziday qabul qilyapti qizimni" deb. Yoz yaqin, 1-sinfni tugatayotgan paytlarim edi. Qishloqda hammomimizning eshigi yog‘ochdan edi. Bir kuni cho‘milayotgan paytimda negadir otam eshik tirqishidan poylayotganini sezdim. Hayron bo‘ldim, tushunmadim, uyaldim. Keyinchalik bu tez-tez takrorlandi. Hammomga kirsam otamning poylayotganini sezardim, ko‘rib qolardim. Juda uyalardim, chunki sal katta qiz bo‘lib qolgandim o‘shanda.
2-sinfga o‘tdim, shunaqa kunlarning birida judayam yomon narsa sodir bo‘ldi. O‘gay otam mening nomusimga tajovuz qildi.
Onam singlim bilan kasalxonada, buvim uzoqda – buni hech kimga aytolmadim. Onam kelguncha bir necha marta bu holat takrorlandi. Oyim singlim bilan kasalxonadan chiqqanida mening ahvolim judayam yomon edi.
Oyim sababini so‘raganda unga hammasini yig‘lay-yig‘lay aytib berdim. Lekin o‘gay otam buni bo‘yniga olmadi. Onam bechora ilojsiz edi, menga qo‘shilib uyam yig‘ladi. Nima qilishini bilmadi. Keyin bizni olib buvimnikiga bordi, buvim rahmatli o‘sha paytda tirik edi – meni o‘zi bilan olib qoldi. O‘qishimniyam o‘sha yerga ko‘chirishdi. Buvim onamga "shu ishni qilgan odam bilan yashama" dedi. Lekin oyim "3 bola bilan qaytib kelib o‘tiraymi yoningizda, ikki erdan ajrashgan degan nomni olaymi? Shu kerakmi sizga?" deganini eslayman. Shundan keyin onamni, uyoqdagi hayotni esimdan chiqarishga harakat qildim. Buvim katta qildi meni. Hozir yoshim 33 da. Haligacha turmush qurmadim, bu o‘sha bolaligimda bo‘lgan nomardlikning oqibati.
***
Bolalarimiz bolakushlardan himoyalanmagan, ular yonimizda bemalol yashab yurgan bo‘lishi mumkin. Xorijda esa ularning har qadami nazoratda turadi va ayovsiz jazo kutadi.
3-hikoya:
— Men asli o‘zbekistonlikman, 12 yildan beri AQShda yashayman. Do‘stim bundan bir necha yil avval shu jinoyatni sodir etib, 20 yilga qamaldi. Bu yerda bunday jinoyat qilganlarni juda qattiq jazo kutadi. Qamoqdan chiqqandan keyin ham bolalar bor yerga yaqinlashmaydi, u shtatdan bu shtatga borishi uchun ham politsiyadan ruxsatnoma oladi.
Meni o‘ylantirayotgani boshqa narsa. Do‘stim o‘zi ham bolaligida zo‘ravonlikka uchragan ekan. Dahshatlisi shundaki, endi do‘stimdan jabrlangan bolacha ham qachondir shunday ishni qilishi mumkin...
4-hikoya:
— 6-7 yoshlarim chamasi yon qo‘shnimizning qizchalari bilan o‘ynab yurardim. Bir kuni ham ularnikiga o‘ynagani chiqdim. Qizlarni chaqirsam, ularning amakisi yoki amakivachchasi (aniq esimda yo‘q, 20-25 yoshlar chamasi) bir erkak ham yashardi. U uyda o‘sha chiqib qizlar do‘kondan hozir kelishini aytib, “kirib o‘ynab turaver” dedi. “Yur qo‘g‘irchoqlar bor xonaga, rasmli kitob o‘qib beraman” deb kitoblar ko‘rsatdi. Keyin meni ko‘tarib ustiga o‘tqizdi. Hamma joyimni ushlab behayo ishlar qildi... “Oyingga aytsang qulog‘ingni ichiga suvarak solib qo‘yaman” deb qo‘rqitgan. O‘shanda ham, hozir ham suvarakdan qo‘rqaman. Ishtonini yechib meniyam yechintirib ustiga o‘tqizganlari esimda. Oxiri oyimga aytib berganim, rosa janjal bo‘lgani, ular ko‘chib ketishgani esimda. Biz ham ko‘chib ketdik u yerdan...
Zo‘ravonliklar haqida eshitsam, darrov o‘sha esimga tushadi. Ichim to‘lib ketadi. Haliyam ruhiyatimda travmalar bor.
***
Aprel oyida qabul qilingan yangi qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda ham pedofillar ro‘yxati joriy qilinishi kerak. Ammo IIV zimmasiga yuklatilgan bu vazifa hali bajarilmadi.
Raqamlarga yuzlanamiz. 2022 yilda 311 ta jinoyatchiga voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha hukm o‘qilgan bo‘lsa, bu raqam 2023 yilning 6 oyida 267 nafarni tashkil etdi. Shuning o‘zi ham bu jinoyatlar soni oshayotganini ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, zo‘ravonlikka uchraganlarning katta qismi oilaviy tanish yoki qarindoshlari tomonidan jabrlangan. Muammoning ko‘lami shundaki, biz ko‘pincha yaqinlarimizdan buni kutmaymiz.
Bunday shaxslar ruhiy xasta hisoblanadi. Eng ayanchlisi, ularni davolab bo‘lmaydi. Ular har doim ham o‘zlarini oshkor qilishmaydi. Kasallik xuruj qilganda esa yuqoridagidek voqealar yuz berishi mumkin. Albatta, doim ham jinsiy zo‘ravonlik sodir etmasliklari, bolaga axloqsiz harakatlar, tegajog‘lik qilishi ham mumkin, lekin shuning o‘zi ham bola ruhiyati va tarbiyasida katta buzilishga olib keladi.
Kunda-kunora ijtimoiy tarmoqlarda shunday jinoyatlar haqida o‘qib, bu boradagi kurashni kuchaytirish kerakligini aytamiz. Ayni paytda qo‘limizdan keladigani – bolalarimizni xavfdan ogoh etishimiz, ularni o‘zini himoya qilishga o‘rgatishimiz kerak bo‘ladi.
Mavzuga oid
14:14 / 12.06.2026
Kanada ham bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi
12:53 / 11.06.2026
Mashinada unutib qoldirilgan bog‘cha bolasi dimiqib vafot etdi. Bu Qashqadaryoda bir yil ichidagi ikkinchi shunday hodisa
22:12 / 06.06.2026
Andijonda voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqa qilgan IIB xodimi qamoqqa olindi
13:52 / 26.05.2026