2024 yil uchun budjet qonuni loyihasi e’lon qilindi: asosiy ma’lumotlar

Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan hujjatga ko‘ra, konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 375 trln so‘m, xarajatlari 427 trln so‘m bo‘lishi kutilmoqda. Davlat budjeti daromadlari esa 270,3 trln so‘mni, xarajatlari 279,6 trln so‘mni tashkil etadi.

Budjet taqchilligining yuqori chegarasi 52,5 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz miqdorida belgilanmoqda. Hukumat 2022 yildan beri defitsitni 3 foizdan oshirmaslik maqsadini budjet qonuniga kiritib keladi, biroq taqchillik o‘tgan yili 4 foizga, joriy yilning 9 oyida esa qariyb 6 foizga yetdi. Yil yakunigacha hukumat defitsitni 5,5 foizdan oshirmaslikni reja qilgan. 3 foizlik maqsad esa 2025-2026 yillarga qoldirildi.

2024 yil uchun yalpi ichki mahsulot 1 kvadrillion 301 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. YaIM o‘sish sur’ati prognozi – 5,6-5,8 foiz.

Inflatsiya 2024 yilda 8−10 foiz, 2025 yilda 7,5−8,5 foiz, 2026 yilda 5,7 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi nomidan va O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmini 5 mlrd dollar etib belgilash taklif qilinmoqda.

Asosiy soliq stavkalari o‘rta muddatli istiqbolda o‘zgarishsiz qoladi. 2024 yil 1 apreldan tarkibida shakar mavjud bo‘lgan gazlangan ichimliklarga 1 litr uchun 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etilmoqda.

2024 yil 1 apreldan yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan og‘ir yuk mashinalari uchun yillik bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida yo‘l yig‘imini joriy etish taklif qilinmoqda.

2024 yil 1 apreldan dori vositalari, shuningdek veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya buyumlarini realizatsiya qilish, olib kirish hamda ularni ishlab chiqarish uchun chetdan olib kelingan xomashyoga QQS imtiyozi bekor qilinishi mumkin.

O‘zini o‘zi band qilganlarning yillik daromadi 100 mln so‘mdan oshganda 4 foizlik yagona soliqqa tortish ko‘zda tutilmoqda.