O‘zbekistonning tashqi savdosi 1 yil ichida 25 foizga oshdi, eksport va import o‘rtasidagi manfiy farq esa 10 mlrd dollarga yetdi. Ko‘chmas mulk bozorida pasayish kuzatilyapti. Energetika vaziri energotizim qishga tayyorligi haqida bayonot berdi. Endi yangi bog‘lar va parklar qayerlarda tashkil qilinishini ham fuqarolarning o‘zi hal qiladi. Yakunlanayotgan haftaning iqtisodiy yangiliklari “Iqtisodiy taymlayn”da.

Tashqi savdo: Oltin eksporti 2 barobarga oshdi

2023 yilning 10 oyi davomida O‘zbekistondan xorijiy mamlakatlarga mahsulot va xizmatlar eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29 foizga ko‘paydi. Import hajmi esa 23 foizga oshgan. Bu haqda Statistika agentligi e’lon qilgan hisobotda ma’lum qilingan.

O‘zbekistonning 2022 yildagi tashqi savdo aylanmasi 50 mlrd dollar bo‘lgandi. 2023 yilda bu ko‘rsatkichga 10 oydayoq erishildi. Yanvar–oktyabr oylaridagi tashqi savdo aylanmasi 51 mlrd dollarga yetdi. Bunda, eksport hajmi 20,5 mlrd dollarni, import hajmi esa 30,5 mlrd dollarni tashkil etib, tashqi savdoning salbiy saldosi 10 mlrd dollarga yetgan.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi mavqeyini mustahkamlab bormoqda – o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi salkam 11 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Bu – respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 21 foizi degani.

Tashqi savdodagi asosiy hamkorlar beshligidan Xitoydan keyin Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Koreya o‘rin olgan.

Tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi kamayib bormoqda. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda 40 foiz bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 33 foizgacha qisqargan.

Doimgidek, eksportning katta qismi oltin hissasiga to‘g‘ri keladi. Yanvar-oktyabr oylarida 6,87 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotilgan. Bu – umumiy eksportning 33,6 foizini tashkil etadi. Oltin eksporti 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2,3 barobarga ko‘paygan.

Statistikaga ko‘ra, 10 oy davomida O‘zbekiston 561 mln dollarlik gaz import qilgan, bu – 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2 barobarga ko‘p. O‘z navbatida, gaz eksporti qariyb 48 foizga yoki 458 mln dollargacha qisqargan.