O‘zbekistonda yillik inflatsiya noyabr oyida 8,8 foizni tashkil etdi. Bu 2016 yil avgustidan keyingi eng past ko‘rsatkich. Humo ustav kapitalidagi davlat ulushi Markaziy bankdan olinib, Davaktivga o‘tkaziladi. MTRK olgan 22,5 mln yevro kreditning 93 foizi davlat budjetidan qoplanadi. Yakunlanayotgan haftaning iqtisodiy yangiliklari “Iqtisodiy taymlayn”da.

“Narxoz” va Moliya instituti shahar chetiga ko‘chirilishi mumkin

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya instituti shahar markazidan Sergeli tumaniga ko‘chirilishi mumkin. Bu borada loyiha ishlab chiqilgan, ammo hali tasdiqlanmagan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, ta’lim muassasalarini markazdan boshqa joyga ko‘chirish va ikkita OTMni birlashtirish taklifi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi rasmiylari tomonidan ilgari surilgan.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ayni paytda ikkita OTM ham avvalgiday faoliyat yurityapti, loyiha hali tayyor emas. Bu borada yangilik bo‘lsa, qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Islom Karimov shohko‘chasida, Moliya institutining bosh binosi esa Amir Temir shohko‘chasida joylashgan. OTMlarning bo‘shatiladigan binolarining keyingi taqdiri ma’lum emas.

MTRK'ning 22,5 mln yevrolik qarzini xalq to‘laydi

Milliy teleradiokompaniyaga zamonaviy uskunalar sotib olishi uchun 2016-2017 yillarda 10 yillik muddatga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 22,5 million yevro kredit ajratilgan. Shartnoma shartlarida qarz MTRK va davlat tomonidan teng ulushlarda -11,25 mln yevrodan to‘lanishi kerak bo‘lgan. Ammo o‘tgan yillar davomida korxona olgan qarzi uchun umuman pul to‘lamagan.

Prezident qarori bilan kredit muddati 10 yildan 13 yilgacha uzaytirilib, davlat budjetining qarzni qaytarishdagi ulushi 21,1 mln yevrogacha oshirildi.

Ma’lumot uchun, 2024 yilda MTRKga davlat budjetidan 560 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Bu miqdor 2023 yil uchun 556 mlrd so‘mni, 2022 yil uchun 463 mlrd so‘mni, 2021 yil uchun 427 mlrd so‘mni, 2020 yil uchun esa 399 milliard so‘mni tashkil qilgan.