O‘zbek fermerlari tarixda birinchi marta o‘zlari yetishtirgan paxtani o‘zlari birjada sotishi mumkin bo‘ladi. Markaziy bank davlat xarajatlarining haddan tashqari ko‘payib ketayotganining xavfli oqibatlaridan ogohlantirdi. O‘zbekistonda AI-95 benzini taqchilligi yuzaga keldi, ayni paytda, benzin ishlab chiqarish uchun Rossiyadan neft importi bir necha barobarga oshiriladi. Yakunlanayotgan haftaning iqtisodiy yangiliklari – iqtisodiy taymlaynda.

Rossiyadan neft importi 3 barobardan ortiqroqqa ko‘paytiriladi

So‘nggi haftada Toshkentda AI-95 markali benzin taqchilligi paydo bo‘ldi. Bir necha kun ichida ayrim shoxobchalarda bu markadagi benzin paydo bo‘ldi, lekin narxi sezilarli ko‘tarilib, 18 500 so‘mgacha narxda sotila boshladi. Shuningdek, “O‘zbekneftgaz”ga qarashli ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatida uzilishlar kuzatildi.

Shunday sharoitda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov benzin defitsiti kuzatilayotganini inkor qilgani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. O‘zbekistonda benzin taqchilligi yo‘q, dedi u Samarqandda bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forumda. Vazir Raqobat qo‘mitasi tomonidan birjada AI-80 benzinini sotib olish limiti oshirilganiga ham izoh berib, bu mamlakatda yoqilg‘i defitsiti bilan bog‘liq emasligini aytgan.

“Cheklov narxlarni manipulyatsiya qilishning oldini olish uchun kiritildi. Bu aholining arzon benzinga ega bo‘lishini ta’minlash uchun qilingan. Bu import hajmiga bog‘liq emas. Defitsit yo‘q”, – degan Jo‘rabek Mirzamahmudov.

3 noyabr kuni Moskvada O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya energetika mas’ullari neft yetkazib berish masalasida shartnoma imzoladi.  Unga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiyadan neft xomashyosi importini 2024 yildan boshlab yiliga 1 million tonnaga yetkazadi. Taqqoslash uchun, O‘zbekiston 2023 yilda Rossiya bilan bundan 3 barobar kam – 300 ming tonna neft xarid qilish bo‘yicha kelishuv tuzgandi. Importni million tonnaga yetkazishda neft quvurlaridan ham foydalanilishi aytilmoqda. O‘zbekiston Energetika vazirligi bu shartnoma benzin ishlab chiqarishni ko‘paytirishga imkon berishini ma’lum qildi.