O‘zbekiston | 22:26 / 15.02.2024
32141
14 daqiqa o‘qiladi

Milliy g‘urur va tilimiz qadrini ko‘tarish uchun nimalar qilishimiz kerak?

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, jurnalist Sherzodxon Qudratxo‘janing O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sib, shu yurtda yashayotganiga qaramay davlat tilini bilmaydigan vatandoshlarimiz haqidagi fikrlari Rossiyaning e’tiroziga sabab bo‘ldi. O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi RF TIVga chaqirilgan.

Kun.uz bu voqea va uning atrofidagi vaziyatlar haqida so‘z yuritish uchun siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Hamid Sodiqni taklif etdi. 

— Rossiya Tashqi ishlar vazirligi elchimizni chaqirib, O‘zbekiston tomonidan bu borada rasmiy bayonot bilan chiqishni talab qilgan. Sherzodxon Qudratxo‘ja davlat lavozimidagi odam bo‘lmasa, uning shaxsiy fikri uchun davlat izoh berishi shart emas-ku, shunday emasmi? Bu haqdagi fikrlaringiz qanday?

Kamoliddin Rabbimov: — Avvalambor, Sherzod akaning intervyusidagi pozitsiyaga to‘xtalsak. Uning gaplarida rusofobiya yo‘q, rus tili yoki boshqa tillar o‘rganilmasin, degan pozitsiya ham mutlaqo yo‘q. Sherzodxon Qudratxo‘ja aytayotgan pozitsiya shuki: til jamiyatni integratsiya qiluvchi asosiy vosita va O‘zbekistonda yashayotgan barcha shaxslar o‘zbek tilini bilishi kerak, degan. Uning gaplarida «Ros sotrudnichestvo» aytgan rusofobiya alomatlari umuman mavjud emas. Rusofobiya degani rus millatiga, rus xalqiga, Rossiya davlatchiligiga nisbatan hurmatsizlik, obro‘sizlantirish bo‘lishi kerak, degani, ammo bu narsa yo‘q edi. Sherzodxon Qudratxo‘janing pozitsiyasi mudofaa va jamiyat integratsiyasi edi.

O‘zbekiston qonunchiligidan kelib chiqsak, biz allaqachon lotin yozuviga va O‘zbekiston davlatchiligi doirasida o‘zbek tiliga o‘tgan bo‘lishimiz kerak edi. Jamiyatda o‘zbek tiliga nisbatan ma’lum bir qatlamlarda hurmatsizlik bor, bu ko‘rinadi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja davlat mulozimi emas, OTM esa akademik institut hisoblanadi. Bundan tashqari, «Ros sotrudnichestvo» berayotgan bayonot esa O‘zbekistonning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichki ishlariga aralashish hisoblanadi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja aytayotgan narsa Rossiyaning o‘zining qonunchiligida ham bor. U yerga yashash uchun, ishlash uchun vaqtincha borsa ham, rus tili va Rossiya tarixini bilish talab qilinadi. Yevropa, Amerikada faqatgina fuqarolik olmoqchi bo‘lganlardan davlat tarixi talab qilinadi. Rossiyadagi talablar esa dunyo standartidan yuqori. Nega endi shunchaki vaqtincha ishlash uchun borayotgan odamdan rus tili va Rossiya tarixi so‘raladi-yu, O‘zbekistonda necha o‘n yillardan beri yashayotgan odamdan o‘zbek tilini so‘rash rusofobiya bo‘lar ekan — mutlaqo mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Aslida bu yerda davlatlarning siyosiy va geosiyosiy psixologiyasini tahlil qilish kerak bo‘ladi. Lekin xalqaro qonunchilik va Rossiyaning o‘zining qonunchiligi bo‘yicha ham bu talab to‘g‘ri emas deb hisoblayman.

Hamid Sodiq: — Rossiya bilan turli xil munosabatlarda xalqaro huquq doirasida fikrlash unchalik to‘g‘ri emas, menimcha. O‘zbekistonda mana shunday muhit vujudga kelishiga sabab rossiyalik tarixchilar, OAV, rasmiy siyosatchilar tomonidan O‘zbekistonga qarata aytilgan gaplarga beparvolik bilan bildirilgan rasmiy fikrlar bo‘ldi. Ular o‘ylaydiki, O‘zbekistonda ham 2022 yil fevralidagi Ukrainadagi holatdagidek holat. O‘zbekiston xalqida vatanparvarlik ruhi, O‘zbekiston milliy manfaatlarini anglash, suverenitetini hurmat qilish ular o‘ylagandan ancha yuqori. Jamiyatda hukumatga nisbatan maishiy, ba’zi siyosiy masalalarda e’tiroz bo‘lishi mumkin, lekin jamiyatimiz suverenitet masalasida jiddiy yakdillikka ega.

Yana bir narsaga e’tibor qaratdim, ya’ni «Ros sotrudnichestvo» o‘zbek mediasini to‘liq kuzatmas ekan. Chunki bunday fikrlar tendensiyasi o‘zbek tilli OAVda ancha keskin ko‘rinishga kelib bo‘lgan, jiddiy muhokamalar qilinadi. Ular esa faqat barmoq bilan sanarli o‘zlari kuzatadigan OAVda chiqqach munosabat bildirishyapti.

Sherzodxon Qudratxo‘ja ko‘chadan kelib qolgan, nima deyotganini bilmaydigan, gaplari qanday effekt berishini bilmaydigan inson emas, ziyoli kishi. U shu jarayonlarni tahlil qilgan holda ham gapiryapti. Rossiya tomoni bizning bir ziyolimizga keskin munosabat bildirishdan oldin o‘zining O‘zbekiston va boshqa davlatlarga nisbatan bo‘layotgan fikrlari, siyosati o‘lchamlarini olishi kerak, deb o‘ylayman.

— Demak, hozirgi vaziyatda O‘zbekiston mas’ullari qanday yo‘l tutishi to‘g‘ri bo‘ladi? Rasmiy bayonot berilib, O‘zbekistonda davlat fuqarolarning so‘z erkinligini cheklamasligi va Sherzodxon Qudratxo‘janing gaplari jamiyatning ichidagi, ya’ni O‘zbekistonning ichki masalasi ekanini aytishi maqsadga muvofiq deb o‘ylaysizmi?

 Kamoliddin Rabbimov: — Vaziyatga baho berishda Rossiyada shakllangan geosiyosiy psixologiyani inobatga olish kerak. Keyingi vaqtlarda Rossiyada geosiyosiy masalalarda markaziy tushunchalardan biri — antirossiya, aksilrossiya geosiyosiy konsepsiyasi. Ya’ni possovet hududida aksilrossiya sifatida Ukraina, Boltiqbo‘yi davlatlari, Moldova kabilar. Lekin Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston aksilrossiya emas. Rossiyaga qarshi yashirincha-oshkora qandaydir loyihalar yo‘q. Davlatlar darajasida munosabatlarimiz iliq. Ukraina masalasida neytrallik e’lon qildik, aslida xavotirga tushish kerak edi. Ukrainaning hududiy yaxlitligi e’tirof etildi. Lekin Rossiya bilan savdo-iqtisodiy, boshqa aloqalarimiz pastga tushgani yo‘q.

Rossiyaning propagandasi vaziyatni tahlil qilmasdan, possovet hududida o‘ziga dushman yasash bo‘yicha fabrika qurib oldi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja gaplaridan keyin O‘zbekiston davlati yoki davlat institutlari qanday pozitsiyada bo‘lishi kerak? Ikkita nuqta bor bu yerda: milliy manfaatlar va milliy g‘urur. Birini o‘ylab, biridan voz kechish biz uchun muammo bo‘ladi. Haddan tashqari pragmatik bo‘lib, milliy manfaatlarni o‘ylab, savdo hamkorimiz, migrantlarimiz bor, deyishimiz ham mumkin. Lekin bizning markaziy fundamental qadriyatimiz — O‘zbekiston mustaqilligi. So‘nggi 2 asr davomida bizning mustaqillikka xuruj qilgan, bostirib kelgan, ajdodlarimizni qirgan, o‘zligimizni yo‘qotishga uringan davlat aynan Rossiya edi. U bugun o‘tmish xatolarini anglab, yangicha muloqot qilaylik, demayapti, ichki jamiyatimiz integratsiyasi haqida gapirsak, shovinistik rusofobiya deb turibdi. Shu sababli davlat pozitsiyasi bir tomondan sovuqqonlik bilan, provokatsiyaga berilmagan holda, lekin ikki davlat munosabatlari ijobiy ekanini, qadrlashimizni e’tirof etgan holda, Rossiyaning qonunchiligidan kelib chiqqan holda biz shu kabi aholimiz madaniyati, milliy tilini hurmat qilgan holda integratsiya qilishni istaymiz, deyish kerak. O‘zbekistonda rus yoki boshqa tillarga qarshi kurashish yo‘q, shundoq ham rus tilining salohiyati katta O‘zbekistonda. Rus tili va boshqa tillar O‘zbekiston uchun qadrli bo‘lib qolishi kerak o‘zbek tilidan keyingi o‘rinlarda, lekin Rossiya propagandasiga davlat javob berishi kerak deb o‘ylayman.

Hamid Sodiq: — Rossiya davlat tizimining agressiyasi tizimlashgan va o‘zini o‘zi boshqaryapti bu tizim. Bu tizim o‘zi xavf deb bilgan narsani avtomatik aniqlaydi, xalqaro huquq, boshqa narsalar yo‘q. Tanqidiy va tarixiy xotira degan narsa bor, Rossiyada faqat tarixiy xotira bor. Bu xotirada Rossiya chegarasi ichida O‘zbekiston ham bor, shu sababli O‘zbekistonda til haqida gap ketsa, xuddi Boshqirdistonda shunday bo‘layotganday munosabat bildiryapti. Bizning diplomatimiz mana shu boshqarilmaydigan agressiya masalasidan ehtiyot bo‘lishi kerak. Bugungi Rossiya harakatlarini bashorat qilib bo‘lmaydi chunki. Shu asosda bir tomondan balanslangan munosabat va bir tomondan milliy g‘urur asoslarida qolish imkoniyatini topish kerak bo‘ladi. 

— Umuman, jamiyatning o‘z-o‘ziga beradigan bahosini yuqori darajaga olib chiqish, milliy g‘ururni ko‘tarish, davlat tiliga bo‘lgan hurmat darajasini oshirish uchun nimalar qilinishi kerak?

Hamid Sodiq: — Nazarimda, davlatimiz siyosiy sezgirlikni biroz yo‘qotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Sezgirlikdagi sezgi organlarining asosiy siyosiy instituti — jamiyat. O‘zbekiston siyosiy elitasi ham, Rossiya siyosiy elitasi ham bilishi kerakki, O‘zbekistonda uyg‘oq jamiyat bor. Bu jamiyat hech qachon agressorlarni tan olmaydi, o‘z elitasining zulmini ham qabul qilmaydi, degan tafakkur shakllanishi kerak. Ya’ni jamiyat bilan hisoblashishni me’yoriy qabul qilishi, bunday agressiv vaziyatda jamiyat harakatlarini bashorat qilib bo‘lmasligini bilishi kerak. Buning uchun esa axborot maydonini o‘z qo‘limizga olishimiz kerak birinchi o‘rinda. Prezidentimiz ham bekorga milliy kontent haqida gapirmadi.

Bizning elitamiz ham anglab yetishi kerakki, axborot erkinligini berish, jamiyatni uyg‘otish o‘ziga ma’lum bir paytlarda noqulaylik tug‘dirsa ham, uzoq muddatli foydali ekanini anglashi kerak. Tarixchilar, siyosatchilar, umuman, ilmiy elita anglashi kerak bo‘lgani shuki: bu mashaqqatli davomiy jarayon, bundan tashqari, ilmiy elita jamiyatni impulsda ushlab turishi kerak.

Kamoliddin Rabbimov: — Qozog‘iston bilan qiyoslasak, ular bu bosqichdan o‘tib bo‘ldi, taxminan 2-3 yil oldin Rossiya propagandasi qozoq tili, Qozog‘istondagi rus tili bo‘yicha ancha tajovuzkorona yondashuv ko‘rsatdi. Qozog‘iston va jamiyati bitta pozitsiyada qarshi turdi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja gaplari haq gaplar edi o‘zi. Haq bo‘la turib davlatchilik jim tursa, pozitsiyani himoya qilolmasa, Rossiya propagandasi keyingi safar kuchliroq bosim qila boshlaydi. Bir tomondan Rossiya propagandasiga provokatsiyaga imkon bermaslik kerak, lekin sovuqqonlik bilan xalqaro qonunchilik, Rossiyaning o‘zining qonunchiligi yoki shakllangan munosabatlardan kelib chiqib, ularning shovinizmiga suv sepish kerak bo‘ladi. Provokatsiya ham qilmaslik kerak, ammo jim turib ham bo‘lmaydi.

Har qanday til muloqot orqali shakllanadi. Til rivoji asosida millat taraqqiyoti, tafakkuri turadi. Millat o‘sgani sari tili ham o‘sib boradi, millat esa tafakkuri kengayganda o‘sadi. Tafakkur kengayishining birinchi sharti — senzura bo‘lmaslik, milliy kontent yaratilishi, muloqot ko‘payishi.

— Jamiyatning o‘zi ham til masalasida yakdillik bilan harakat qilishi kerak emasmi?

Hamid Sodiq: — Tilga ehtiyoj tug‘dirish kerak bo‘ladi birinchi o‘rinda. Sotsial maxluq sifatida ehtiyoj bo‘lmagan narsalarni chetga chiqarib qo‘yamiz. Vooglayd ziyoli olim insonning birinchi vazifasi — o‘z ona tilini madaniy til qatorida ushlash, deydi. Buning uchun shu tilda ilmiy asarlar ko‘proq yaratilishi, imkoniyatlari oshirilishi kerak. O‘zbek tiliga ehtiyoj ko‘paysa, tabiiyki, muloqot tiliga aylanadi, ilmiy asarlar yaratilmasa, maishiy til bo‘lib qolaveradi, shu sababli uzoq va mashaqqatli jarayon. Bu vazifani faqat davlatga ishonib topshirish to‘g‘ri bo‘lmaydi, davlatning byurokratiyasi katta, harakatlanishi qiyin. Shu sababli jamiyat harakatchan bo‘lishi kerak. Tadbirkorlar ham faqat moddiy tomonni emas, madaniy tomonlarni ham o‘ylab, shu jarayonga kirib keladigan davri keldi.

Kamoliddin Rabbimov: — O‘zbekistonning rasmiy davlat institutlari Rossiyadagi elchimizning Rossiya TIVga chaqirtirilishiga rasmiy munosabat bildirmadi. «Ros sotrudnichestvo» rahbari Primokov anchagina keskin va agressiv bayonot berdi. O‘zbekiston TIV yoki qaysidir senatorimiz, umuman, hukumat vakili munosabat bildirib, O‘zbekistonning milliy pozitsiyasini, suverenitetini eslatishi kerak. Til siyosati ichki siyosat hisoblanadi. Balki muloqot olib borish kerakdir, qayerda, nimada rusofobiya ko‘ryapsiz, deb so‘rash kerak. Shaxsan men ko‘rmadim rusofobiya, mavjud emas.

Bizga juda ham intensiv, qudratli bo‘lgan telekanallar kerak va ularda aynan mana shu masalalar ko‘tarilishi, milliy bahs bo‘lishi kerak. Deylik, jamiyatning yarmi Rossiyaga ishonchsiz, yarmi ishonch bildirsa ham, lekin fundamental masalalarda pozitsiya bitta bo‘lishi kerak. Bu pozitsiyani esa OAV, asosan telekanallar shakllantira oladi. Butun dunyoda davlat telekanallari degan narsa yo‘q, ular mustaqil, to‘g‘ri, davlat moliyaviy qo‘llashi mumkin. Rivojlangan davlatlarda asosiy kanallar xususiy, ba’zilari esa jamoatchilik kanallari hisoblanadi. O‘zbekistonda MTRK to‘liq davlat nazoratida, bu noto‘g‘ri aslida, ularni bosqichma-bosqich, lekin tezroq mustaqil qilish kerak. Shu bilan birga davlat OAV orqali xalq, jamiyat bilan muloqot qilish qobiliyatini kuchaytirishi kerak. Deylik, Prezident, Oliy Majlis, bosh vazir kabilar O‘zbekiston milliy manfaatlari uchun xavotirli vaziyatda xalq bilan OAV orqali muloqot qilishni kuchaytirishi lozim.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi

Mavzuga oid

E`lonlar

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

FAW Trucks: O‘zbekistonda yangi davrni boshlagan yetakchi yuk mashinalari ishlab chiqaruvchisi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

FAW Trucks: O‘zbekistonda yangi davrni boshlagan yetakchi yuk mashinalari ishlab chiqaruvchisi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi